Nizom

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasining mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish va mehnat organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2017 yil 24 maydagi PF-5052-son Farmoni talablariga muvofiq tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasining (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb ataladi) mablag‘lari shakllantirilishi va ulardan foydalanish tartibini belgilab beradi.

2. Jamg‘arma belgilangan tartibda ishsiz deb e'tirof etilgan, Aholi bandlikka ko‘maklashish markazlarida (keyingi o‘rinlarda ABKM) deb ataladi) ish izlovchi sifatida (keyingi o‘rinlarda band bo‘lmagan shaxslar deb ataladi) ro‘yxatdan o‘tgan, haq to‘lanadigan jamoat ishlariga yo‘naltirilgan fuqarolar ishtirokini moliyalashtirish uchun tashkil etilgan.

3. Jamg‘arma yuridik shaxs hisoblanadi, mustaqil balansga, g‘aznachilik hisob raqamiga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan muhrga, tamg‘a va blankalarga ega.

4. Jamg‘arma mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligida ochiladigan g‘aznachilik hisob raqamida jamlanadi.

5. Quyidagilar Jamg‘arma faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari hisoblanadi:

shahar va tuman hokimliklari, ABKM, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari manfaatdor vazirliklar, idoralar va boshqa ish beruvchi tashkilotlar bilan birgalikda respublikaning barcha hududlarida ishsiz va band bo‘lmagan aholini keng jalb etgan holda jamoat ishlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shahar va tuman hokimliklari, vazirliklar va idoralar, ABKMlar bilan birgalikda jamoat ishlari dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, ularning bajarilishi yuzasidan monitoring olib borish;

jamoat ishlariga jalb etilgan, O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari — jismoniy shaxslarning mehnatiga haq to‘lash xarajatlarini moliyalashtirish, band bo‘lmagan aholini jamoat ishlaridagi ishtirokining hisobini va monitoringini yuritish;

jamoat ishlarini tashkil etishga ajratiladigan mablag‘lardan maqsadli va samarali foydalanishni ta'minlash, jamoat ishlarining bandlik va ishsizlar bozori dinamikasiga ta'siri tahlilini amalga oshirish;

ish beruvchi buyurtmachilar va jamoat ishlari ishtirokchilari reestrini o‘z ichiga olgan jamoat ishlarining elektron ma'lumotlar bazasini shakllantirish va yuritish.

2-bob. Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish tartibi

6. Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi manbalar hisobiga shakllantiriladi:

jamoat ishlarini tashkil etish va bajarish bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirish uchun Jamg‘armaga O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan ajratiladigan mablag‘lar;

xalqaro moliya institutlari grantlari, jismoniy va yuridik shaxslarning, homiylik jamg‘armalarining va boshqa xorijiy donorlarning ixtiyoriy yordamlari;

asosiy vositalar, mini-uskunalar va inventarlar ijarasidan daromadlar;

Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini joylashtirishdan daromadlar;

qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa moliyalashtirish manbalari.

7. Jamoat ishlarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladigan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan byudjet ajratmalarining hajmi har yili aniqlashtiriladi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining asosiy parametrlarida tasdiqlanadi.

8. Xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning grantlari, jismoniy va yuridik shaxslarning, xayriya jamg‘armalarining, jumladan O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining ixtiyoriy ehsonlari qonunchilikda belgilangan tartibda Jamg‘armaning g‘aznachilikdagi hisob raqamiga kelib tushadi, xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlar yoki xorijiy grantlar berish shartlarida boshqacha tartib nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.

3-bob. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish tartibi

9. Jamg‘arma mablag‘laridan quyidagilarni moliyalashtirishda foydalaniladi:

jamoat ishlariga jalb etilgan ishsizlar va band bo‘lmagan shaxslarning mehnat haqiga to‘lovlar;

jamoat ishlarida, jumladan ularni ijara asosida berish yo‘li bilan foydalanish uchun mo‘ljallangan asosiy vositalar, mini-uskunalar va inventarlarni xarid qilish;

jamoat ishlarini bajarish uchun xavfsizlik texnikasi mablag‘lari va maxsus kiyim xarid qilish;

Jamg‘armani saqlab turishga, jumladan, xodimlar mehnat haqi, bino va inshootlarni, aloqa va axborot kompyuter texnologiyalari vositalarini saqlab turish, xo‘jalik va boshqa xarajatlar to‘lovi;

jamoat ishlarini amalga oshirishni tashkil etish masalalari bo‘yicha axborot materiallarini, ko‘rgazmali axborotlarni tayyorlash, ma'lumotlarni ommaviy axborot vositalarida joylashtirish.

Jamg‘arma xodimlariga mehnat haqi to‘lash shartlariga O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xodimlari mehnatiga haq to‘lash shartlari tatbiq etiladi.

10. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish Jamg‘arma Kengashi tomonidan tasdiqlangan va O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida ro‘yxatga olingan, hududlar bo‘yicha oyma-oy tasniflangan xarajatlar smetalari asosida amalga oshiriladi.

11. Jamg‘armaning joriy yilda ishlatilmagan mablag‘lar qoldiqlari keyingi moliya yiliga o‘tkaziladi va keyingi yilga mablag‘lar ajratilayotganda inobatga olinadi.

4-bob. Jamg‘arma faoliyatini tashkil etish va mablag‘larini boshqarish

12. Jamoat ishlari Jamg‘armasining Vasiylik kengashi (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma Kengashi deb ataladi) Jamg‘armani boshqarishning yuqori organi hisoblanadi.

Jamg‘arma Kengashi:

har yili Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanishning asosiy yo‘nalishlarini, Jamg‘arma daromadlari va xarajatlari balansi prognoz ko‘rsatkichlarini, shuningdek jamoat ishlarining respublika dasturi ko‘rsatkichlarini ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi;

jamoat ishlariga ajratiladigan mablag‘lar hajmlarining foizli nisbatini tasdiqlaydi;

Jamg‘arma mablag‘lari daromadlari va xarajatlari smetasini, zarur hollarda, tasdiqlangan smetalarga kiritiladigan tegishli o‘zgartirishlarni tasdiqlaydi, Jamg‘arma daromadlarining shakllanishini va mablag‘lardan maqsadli foydalanilishini ta'minlash bo‘yicha uning faoliyati yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;

Jamg‘arma faoliyati haqida hisobotlarni davriy ravishda eshitib boradi va tasdiqlaydi, jamoat ishlarini tashkil etish va jamoat ishlari dasturlarining bajarilishi yuzasidan vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining hisobotlarini eshitib boradi;

Jamg‘arma faoliyatini takomillashtirish, jamoat ishlarini tashkil etish va moliyalashtirish mexanizmlarini yaxshilash, jamoat ishlarini amalga oshirish va ularni moliyalashtirish yuzasidan monitoring va nazoratning samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar kiritadi;

O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining tegishli qarorlari asosida alohida holatlarda va davlat ahamiyatiga molik boshqa holatlarda, jamoat ishlarining tasdiqlangan dasturiga kiritilmagan va ish beruvchilardan buyurtmaga ega bo‘lmagan jamoat ishlarini tashkil etish bo‘yicha qaror qabul qiladi;

Jamg‘arma faoliyati bilan bog‘liq boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.

Jamg‘arma Kengashi qarori ochiq ovoz berish orqali, oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi.

13. Jamg‘arma mablag‘larini boshqarish O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasining ijro etuvchi direksiyasi (keyingi o‘rinlarda Direksiya deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi.

14. Direksiya:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, vazirliklar va idoralar bilan birgalikda jamoat ishlarining respublika dasturini hududlar bo‘yicha shakllantiradi, uning bajarilishi tahlili va monitoringini amalga oshiradi;

Jamg‘arma Kengashiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga taqdim etish uchun Jamg‘armaning daromadlari va xarajatlari prognozini, uning bajarilishi to‘g‘risida choraklar bo‘yicha va oyma-oy taqsimlangan yillik hisobotni tayyorlaydi, Jamg‘arma Kengashiga va vazirlik rahbariyatiga Jamg‘armaning daromadlari va xarajatlarining oyma-oy yoyilmasini tasdiqlash uchun kiritadi;

shahar va tuman ABKMlari bilan birgalikda ish beruvchilar, shahar va tuman hokimliklari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan jamoat ishlarini tashkil etish uchun ariza qabul qilishni amalga oshiradi;

mazkur Nizomda belgilangan tartibda jamoat ishlarini moliyalashtirishni ta'minlaydi;

Davlat mehnat inspeksiyasi bilan birgalikda jamoat ishlarida ishtirok etayotgan ishchilarning mehnat qonunchiligida belgilangan kafolatlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;

jamoat ishlarini tashkil etish masalalari bo‘yicha da'vo ishlari olib borilishini amalga oshiradi;

jamoat ishlarini tashkil etish masalalari bo‘yicha aholini va ish beruvchilarni axborot bilan ta'minlash bo‘yicha tadbirlarni amalga oshiradi;

fuqarolarning jamoat ishlaridagi ishtiroki hisobini yuritish bo‘yicha axborot- kompyuter tizimlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;

jamoat ishlarini amalga oshirish uchun ish beruvchi-buyurtmachilar arizalari shakli va mazmuniga qo‘yiladigan talablarni belgilaydi.

Direksiya Jamg‘arma faoliyatining asosiy yo‘nalishlariga, shuningdek Jamg‘arma Kengashi qarorlari va qonunchilikka muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.

15. Direksiya o‘ziga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:

soliq idoralaridan jamoat ishlarini bajargan fuqarolar uchun ish beruvchilar tomonidan oylik ish haqi hisoblanishi to‘g‘risida ma'lumotlarni so‘rash va olish;

jamoat ishlarini tashkil etish va amalga oshirish tartibini takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritish, uning vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha uslubiy hujjatlar ishlab chiqish.

16. Direksiyani Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan Jamg‘arma Vasiylik kengashi raisi bilan kelishgan holda tayinlanadigan va ozod etiladigan ijrochi direktor boshqaradi.

17. Ijrochi direktor:

Jamg‘arma faoliyati yuzasidan umumiy rahbarlikni amalga oshiradi;

Jamg‘armaga xodimlarni qabul qiladi va mehnat shartnomalarini tugatadi, ularning lavozim majburiyatlarini va vakolatlarini taqsimlaydi;

vakolatlari doirasida yuridik shaxslar bilan shartnomalar tuzadi;

Jamg‘arma pul mablag‘lari va moddiy boyliklarining buxgalteriya hisobi yuritilishini, moliyaviy va statistik hisobotlarning belgilangan tartibda tayyorlanishi va taqdim etilishini tashkil etadi;

qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar va vakolatlarni amalga oshiradi.

18. Direksiya Jamg‘arma Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga hisobot beradi.

19. Jamg‘arma Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Direksiyaning shtat jadvaliga kiradigan vakillarga ega.

5-bob. Jamg‘armaning daromadlari va xarajatlari prognozini tayyorlash, ko‘rib chiqish va tasdiqlash

20. Jamg‘armaning daromadlari va xarajatlari prognozini tayyorlash, ko‘rib chiqish va tasdiqlash O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining keyingi yil uchun loyihasi, shuningdek respublika hududlarini kompleks rivojlantirish dasturi bilan birgalikda amalga oshiriladi.

21. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining hududiy boshqarmalari bilan birgalikda har yili 1 iyunga qadar ishlarning turlari va hajmini, shuningdek, asosiy vositalar, mini-uskunalar va inventarlar xarid qilish bo‘yicha xarajatlarni ko‘rsatgan holda jamoat ishlarining hududiy loyihalarini shakllantiradi va kelishish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga kiritadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari ish beruvchilarning qo‘shimcha arizalari asosida hududiy jamoat ishlari dasturlariga o‘zgartirishlar kiritish huquqiga ega.

22. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi har yili 1 iyulga qadar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan to‘lanadigan keyingi yilda amalga oshiriladigan jamoat ishlariga arizalarni, shuningdek Mazkur Nizomning 6-bandida ko‘rsatilgan manbalardan Jamg‘armaga mablag‘lar tushumi prognozini shakllantiradi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining keyingi yildagi loyihasiga kiritish uchun O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga yuboradi.

23. Direksiya har yili 1 dekabrga qadar:

jamoat ishlarining yakuniy ko‘rsatkichlarini Jamg‘armaga kelgusi yil tushadigan mablag‘lar doirasida kelishadi;

hududiy dasturlarga kiritilgan har bir tadbir bo‘yicha moliyalashtirish hajmlarini aniqlashtirgan holda jamoat ishlarining hududiy dasturlari loyihasini Jamg‘arma Kengashiga ko‘rib chiqish uchun kiritadi. Zaruratga ko‘ra, byudjetdan ajratilayotgan mablag‘larning qiymatiga Jamg‘arma Kengashi qaroriga ko‘ra aniqlik kiritilishi mumkin.

24. O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti ko‘rsatkichlari tasdiqlangandan so‘ng, jamoat ishlarining hududiy dasturlarini Jamg‘arma Kengashi tasdiqlagandan keyin, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari qarorlari bilan tasdiqlanadi.

25. Direksiya keyingi yilga belgilangan moliyalashtirish hajmlarini 5 kun mobaynida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga yetkazadi.

6-bob. Jamg‘arma mablag‘laridan to‘g‘ri foydalanish hisobi, hisoboti va nazorati

26. Jamg‘arma mablag‘lari shakllanishi va kelib tushishi hisobini yuritish va hisobotini tuzish Direksiya tomonidan, qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

27. Jamg‘arma faoliyati bo‘yicha barcha ma'lumotlar, jumladan, ish beruvchilar va ishchilar (STIR ko‘rsatilgan holda) hisobi reestri, buyurtmachi — ish beruvchilar va ishchilar o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomalari to‘g‘risida ma'lumotlar, pul o‘tkazmalari va to‘lovlari, shuningdek boshqa operatsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda, Direksiya tomonidan shakllantiriladigan «Jamoat ishlari» avtomatlashtirilgan axborot tizimlarining elektron ma'lumotlar bazasida aks ettiriladi.

28. Direksiya har oyda hisobot oyidan keyingi oyning 10-sanasiga qadar O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga Jamg‘armaning jamoat ishlarini tashkil etishga ajratilgan mablag‘lari shakllanishi va ishlatilishi to‘g‘risida, shuningdek jamoat ishlari hududiy dasturlarining bajarilishi ko‘rsatkichlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shakllarga ko‘ra (elektron va qog‘oz shakllarda) hisobot berib boradi.

29. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi har chorakda hisobot oyidan keyingi oyning 20-sanasiga qadar Jamg‘arma Kengashiga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga va Moliya vazirligiga Jamg‘armaning jamoat ishlarini tashkil etishga ajratilgan mablag‘lari shakllanishi va ishlatilishi to‘g‘risida, shuningdek jamoat ishlari hududiy dasturlarining bajarilishi ko‘rsatkichlari to‘g‘risida hisobot berib boradi.

30. Buyurtmachi — ish beruvchilar tomonidan jamoat ishlari ishtirokchilariga Jamg‘armadan ajratilgan mablag‘lar qismi hisobidan ish haqining to‘liq va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta'minlash yuzasidan nazorat Direksiya tomonidan amalga oshiriladi.

31. Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli foydalanish yuzasidan javobgarlik ish beruvchi — buyurtmachi va Direksiyaga yuklanadi.

7-bob. Yakunlovchi qoidalar

32. Jamg‘arma faoliyati, shuningdek Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanilishi doirasida vujudga keladigan bahslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

33. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javob berishadi.

34. Jamg‘armani qayta tashkil etish va tugatish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.