Vazirlik tarixi

10.10.1991-yil – Mehnat va ijtimoiy masalalar bo‘yicha O‘zbekiston SSR Davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligiga aylantirildi.

1992-yil – O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkiloti a'zoligiga qabul qilindi.

14.07.1993-yil – mehnat muhojirlari ishlari bo‘yicha Respublika agentligi tashkil etildi.

13.02.2001-yil – Mehnat vazirligi va Ijtimoiy ta'minot vazirligi negizida O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va ijtimoiy himoya vazirligi tuzildi.   

Vazirlikning asosiy vazifasi sifatida aholini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish va ularni amalga oshirishni nazorat qilish, mehnatga haq to‘lash sohasida yagona umumdavlat siyosatini yuritish, ishsizlar va ularning oila a'zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni amalga oshirish, yosh Respublika taraqqiyotida ishchi kuchidan foydalanish bo‘yicha Xalqaro mehnat tashkiloti, boshqa davlatlarning mehnat organlari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish belgilandi.

06.04.2001-yil – mehnat muhojirlari ishlari bo‘yicha Respublika agentligi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligiga aylantirildi.

04.12.2016-yil – Shavkat Mirziyoyev Miromonovich O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylangandan so‘ng, mehnat sohasi va bandlikni ta'minlashda jadal islohotlar, shuningdek, O‘zbekistonda bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar boshlandi.

07.02.2017-yil – 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi tasdiqlandi va uning to‘rtinchi – “Ijtimoiy sohani rivojlantirish” yo‘nalishida quyidagilar nazarda tutildi:

- yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda aholining, eng avvalo, o‘rta maxsus va oliy o‘quv muassasalari bitiruvchilari bandligini ta'minlash, mehnat bozori mutanosibligini va infratuzilmasi rivojlanishini ta'minlash, ishsizlik darajasini kamaytirish;

- mehnatga layoqatli aholining mehnat va tadbirkorlik faolligini to‘liq amalga oshirish uchun sharoitlar yaratish, ish kuchi sifatini yaxshilash, ishga muhtoj shaxslarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini kengaytirish.

24.05.2017-yil – O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va ijtimoiy himoya vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga aylantirildi.

Vazirlikning asosiy vazifasi sifatida yangi ish o‘rinlari tashkil etish uchun davlat buyurtmasini ishlab chiqish, aholi bandligini ta'minlashga doir hududiy va tarmoq dasturlarni amalga oshirish, oliy va o‘rta maxsus, kasbiy ta'lim muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirishni ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish, kam ta'minlangan oilalarga nafaqalarni o‘z vaqtida to‘lash va moddiy yordam berishni monitoring qilish hamda boshqalar belgilandi.

27.11.2018-yil – O‘zbekiston Migratsiya bo‘yicha Xalqaro tashkilotga a'zo bo‘ldi.

1991-yildan bugungi kungacha bo‘lgan vazirlar:

1991 – Alixan Atajanov – O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vaziri

1995 – Oqiljon Obidov – O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vaziri

1999 – Shavkatbek Ibragimov – O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vaziri

2001 – Oqiljon Obidov – O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va ijtimoiy himoya vaziri

2006 – Aktam Xaitov – O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va ijtimoiy himoya vaziri

2014 – Aziz Abduxakimov – O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va ijtimoiy himoya vaziri

2017 – Aktam Xaitov – O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri

2018 – Sherzod Kudbiev – O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri 

12.09.2019 dan Nozim Baxtiyorovich Xusanov O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri hisoblanadi.