Vazirlik haqida

(O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 1066-son Qaroridan)

1-bob. Umumiy qoidalar

  1. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (keyingi o‘rinlarda Vazirlik deb ataladi) aholi bandligi, mehnat migratsiyasi va mehnat munosabatlari sohasida yagona siyosat olib boruvchi davlat boshqaruvi organi hisoblanadi hamda o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisob beradi.
  2. Vazirlik o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
  3. Vazirlikning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan ijro etilishi majburiydir.
  4. Vazirlik, uning tashkiliy tuzilmasiga kiradigan hududiy va idora bo‘ysunuvidagi bo‘linmalar yuridik shaxslar hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan muhrga va blankalarga, o‘zining mustaqil balansiga, shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga, bank hisobvaraqlariga, shu jumladan, xorijiy hisobvaraqlariga ega.
  5. Vazirlikning rasmiy nomi:
    a) davlat tilida:

to‘liq nomi — O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, qisqartirilgani — Mehnat vazirligi;

b) ingliz tilida:

to‘liq nomi — Ministry of Employment and Labour Relations of the Republic of Uzbekistan, qisqartirilgani — Ministry of Labour;

v) rus tilida:

to‘liq nomi — Министерство занятости и трудовых отношений Республики Узбекистан, qisqartirilgani — Министерство труда или Минтруда.

  1. Vazirlikning joylashgan joyi (pochta manzili): 100031, Toshkent shahri, Mirobod ko‘chasi, 15.

2-bob. Vazirlik tizimi

  1. Quyidagilar Vazirlik tizimiga kiradi:
  • Vazirlikning markaziy apparati;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari;
  • Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, unga bo‘ysunadigan fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish bo‘yicha hududiy filiallar, xorijga ketayotgan fuqarolarni jo‘nab ketishdan oldin moslashtirish markazlari va Agentlikning xorijdagi vakolatxonalari;
  • Respublika bandlik va mehnatni muhofaza qilish ilmiy markazi;
  • Respublika mehnat organlari xodimlari malakasini oshirish kurslari;
  • Toshkent shahrida ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish markazi;
  • ishsiz va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish hududiy markazlari;
  • malakani baholash markazlari;
  • “Mehnat.uz” axborot-kompyuter markazi” MCHJ;
  • Toshkent va Farg‘ona shaharlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun respublika ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejlari;
  • kasb-hunar kollejlari;
  • O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi;
  • Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi;
  • “Ishga marhamat” band bo‘lmagan aholiga xizmat ko‘rsatuvchi “Monomarkaz” MCHJ;
  • O‘zbekiston-Malayziya kasb-hunar ta'limi markazi;
  • chet ellarga ketayotgan fuqarolarni oldindan ko‘niktirish markazlari;
  • oldindan ko‘niktirish va kasbga tayyorlash markazlari.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar bandlik bosh boshqarmalari, tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari Vazirlikka va tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tumanlar (shaharlar) hokimliklariga bo‘ysunadi va hisob beradi.

  1. Vazirlik o‘z vazifalari va funksiyalarini bajarishda boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.

Hujjatlar:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 1066-son Qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-avgustdagi “Mehnat organlari tuzilmasini takomillashtirish va fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish va mehnat muhofazasi tizimini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3913-son Qarori