Nizom
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining tashqi mehnat migratsiya tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018-yil 5-iyuldagi PQ-3839-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi faoliyatining tartibini belgilaydi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi (keyingi o‘rinlarda Agentlik deb ataladi) respublika milliy manfaatlarini inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solish va ularni xorijda uyushgan holda ishga joylashtirish sohasida xalqaro huquq normalari va qoidalariga asoslangan faoliyatni amalga oshiradi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Agentlikning ta'sischisi hisoblanadi.
4. Agentlik davlat tasarrufida bo‘lgan va unga operativ boshqaruvga berilgan mulk negizida tashkil qilingan davlat unitar korxonasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, o‘zining mustaqil balansiga ega, o‘z nomidan huquqlarga ega bo‘lishi, majburiyatlarni qabul qilishi, sudda da'vogar va javobgar bo‘lishi mumkin.
Agentlik o‘ziga operativ boshqarish huquqi asosida tegishli bo‘lgan mulkka, shuningdek, o‘z faoliyatini amalga oshirish chog‘ida xarid qilinadigan (olinadigan) va Agentlik tasarrufida bo‘lgan boshqa mulkka qonun hujjatlarida hamda ushbu Nizomda belgilangan tartibda egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi.
5. Agentlik o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, farmoyishlari va qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlariga, hay'at qarorlari va O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining buyruqlariga, shuningdek, ushbu Nizomga amal qiladi.
6. Agentlik va uning vakolatxonalari O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga, o‘z nomi yozilgan shtamplar, blanklarga ega. Agentlik o‘z emblemasiga ega.
Agentlik Toshkent shahri, Qamariniso ko‘chasi, 1-uyda joylashgan.
Agentlikning elektron pochta manzili: info@migration.uz.
7. Agentlikning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
to‘liq — O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi;
qisqartmasi — Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi;
b) ingliz tilida:
to‘liq — The Agency of External Labour Migration under the Ministry of Employment and Labour Relations of the Republic of Uzbekistan;
qisqartmasi — The Agency of External Labor Migration;
v) rus tilida:
to‘liq — Agentstvo po vneshney trudovoy migratsii pri Ministerstve zanyatosti i trudovыx otnosheniy Respubliki Uzbekistan;
qisqartmasi — Agentstvo po vneshney trudovoy migratsii;
8. Agentlik o‘z faoliyatini xo‘jalik hisobi asosida amalga oshiradi.
9. Agentlik respublika hududlarida o‘z filiallarini va xorijda vakolatxonalarini belgilangan tartibda tashkil etadi.
2-bob. Agentlikning vazifalari va funksiyalari
10. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini uyushgan holda tanlash, tayyorlash, moslashtirish tadbirlarini o‘tkazish va xorijda ishga joylashtirish jarayonlarini samarali boshqarish va nazorat qilish orqali ularga xorijda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishga doir huquqlarini amalga oshirishda ko‘maklashish;
tashqi mehnat migratsiyasini kompleks tahlil qilish, shu asosda normativ-huquqiy bazani takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqish, mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarni ishga joylashtirishda ko‘maklashish;
mehnat migratsiyasi sohasida xalqaro hamkorlik loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish va ularning mehnat huquqlarini ta'minlash jarayonlarini tartibga solish masalalari bo‘yicha xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlik qilish;
O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish izlayotgan shaxslar ishga joylashtirish va ularning faoliyatini nazorat qilish faoliyatini litsenziyalash, mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ketayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining kasbiy malakasini tasdiqlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarni akkreditatsiyadan o‘tkazish borasida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining ishchi organi funksiyalarini bajarish;
yuridik shaxslarga xorijiy ishchi kuchini jalb qilishga ruxsatnomalarni va xorijiy fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati uchun tasdiqnomalarni belgilangan tartibda berish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida mehnat qilayotgan xorijiy fuqarolarning hisobini yuritish.
11. Agentlik o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga jo‘natish maqsadida xorijiy mamlakatlarning mehnat bozorini o‘rganadi, xorijiy ish beruvchilarni topadi, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini uyushgan holda tanlash to‘g‘risida xorijiy ish beruvchilar va xususiy agentliklar bilan shartnomalar tuzadi hamda ularning amalga oshishini ta'minlaydi;
o‘z vakolati doirasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda uyushgan holda ishga joylashtirish sohasida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, xorijiy mamlakatlarning vakolatli organlari bilan muzokaralar olib boradi, xalqaro, davlatlararo va idoralararo shartnomalar, bitimlar va bayonnomalar loyihalarini tayyorlaydi;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlar bilan hamkorligi to‘g‘risidagi shartnomalar, bitimlar, bayonnomalar va boshqa hujjatlardan kelib chiqadigan tegishli qarorlar va majburiyatlarning xorijiy hamkorlar va ish beruvchilar tomonidan bajarilishini muvofiqlashtiradi;
xorijga ishlash uchun ketayotgan fuqarolarni ishga joylashadigan davlatning qonun hujjatlari asoslari, an'analari va u yerda o‘zini tutish normalaridan xabardor qiladi;
xorijga ishga yuborish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijiy ish beruvchilar va rekruting tashkilotlar bilan shartnomalar asosida tanlab oladi, ularni ketishdan oldin tayyorlaydi va jo‘natadi;
xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining yagona ma'lumotlar bazasini shakllantiradi, shuningdek, xorijiy ish beruvchilar reestrini yuritadi;
vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ketayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini ketishdan oldin moslashtiradi, kasbga tayyorlaydi, qayta tayyorlaydi va malakasini oshiradi, ularga chet tillarni, xavfsizlik texnikasi va ishlab chiqarishda mehnatni himoya qilish qoidalarini o‘rgatadi;
xorijiy ish beruvchilar talablarini hisobga olgan holda, ishga joylashtirish uchun xorijga yuborilayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini vakolatli tibbiyot muassasalarini jalb qilgan holda kompleks tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika hududidan transportda ketayotganda ularning xavfsizligini ta'minlash choralarini ko‘rishda ishtirok etadi, avia va temir yo‘l transportida imtiyozli yo‘l chiptalarini sotish bo‘yicha Agentlik huzurida tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan kassalar ishini muvofiqlashtiradi;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyalar olish uchun arizalarni qabul qiladi va ko‘rib chiqadi;
xorijiy ishchi kuchini jalb qilish uchun yuridik shaxslarga ruxsatnomalar va chet el fuqarolarining O‘zbekiston Respublikasi hududida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomalarni beradi hamda ularning muddatini uzaytiradi;
O‘zbekiston Respublikasida xorijiy ishchi kuchidan foydalanishni tartibga soluvchi qonun hujjatlari va normativ hujjatlarga ish beruvchilar rioya etishini nazorat qiladi;
O‘zbekiston Respublikasida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomaga ega xorijiy fuqarolar tomonidan respublika hududida mehnat faoliyatini amalga oshirishning belgilangan tartibiga rioya etilishini huquqni muhofaza qilish organlari bilan birgalikda nazorat qiladi;
vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ketayotgan fuqarolarni ketishdan oldin moslashtirish markazlari, o‘qitish, qayta o‘qitish va malaka oshirish markazlari, til o‘rgatish markazlari faoliyatini, jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tashkil etadi va boshqaradi;
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari, shuningdek, Agentlikning xorijdagi vakolatxonalari orqali xorijda ishlayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining mehnat faoliyati monitoringini olib boradi;
xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik muassasalari bilan hamkorlikda huquqiy va ijtimoiy himoya qilish, moddiy qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘radi;
mehnat migrantlarini qayta integratsiyalashtirish bo‘yicha dasturlar va loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etadi, xorijda vaqtincha mehnat faoliyati nihoyasiga yetgach, vataniga qaytib kelgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini O‘zbekiston Respublikasi hududida keyinchalik ishga joylashtirish uchun ularning ro‘yxatlarini aholini ishga joylashtirishga ko‘maklashuvchi hududiy organlarga taqdim etadi.
3-bob. Agentlik huquqlari va javobgarligi
12. Agentlik zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
tuzilgan shartnomalarga muvofiq xorijda ishlash uchun kadrlarni tanlab olish, ularning chet tillarni bilishini va kasbga loyiqligini tekshirish, shuningdek, ishga joylashadigan mamlakatning asosiy qonunlarini tushuntirish;
xorijiy hamkorlar bilan mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik to‘g‘risida tuzilgan shartnomalarga muvofiq xorijga ishga yuboriladigan nomzodlar haqida axborot olish uchun vakolatli organlarga murojaat qilish;
xorijiy hamkorlar bilan tuzilgan bitimlarni (shartnomalarni) hisobga olgan holda, dastlabki saralashdan o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan ularni xorijda ishga joylashtirishda xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalar tuzish;
mulkchilik shaklidan qat'i nazar, yuridik shaxslar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari (kontraktlari) bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan chet el fuqarolari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni mazkur yuridik shaxslardan zaruratga qarab olish;
xorijiy ishchi kuchini yollovchi yoki bunga ko‘maklashuvchi xorijiy tashkilotlar bilan o‘z vakolati doirasida bevosita o‘zaro hamkorlik qilish;
ushbu Nizomda nazarda tutilgan ayrim funksiyalarni bajarish uchun o‘qituvchilarni, O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari mutaxassislarini, shuningdek, boshqa yuridik va jismoniy shaxslarni zarur bo‘lganda shartnomalar (kontraktlar) bo‘yicha jalb qilish;
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishgan holda Agentlik xodimlarini moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasini tashkil etish;
xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirishni xohlovchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini chet tillarga o‘qitish va kasbga tayyorlash yakunlari bo‘yicha ularga ilovaga muvofiq sertifikatlar berish;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda ishga joylashtirishda ko‘maklashish va chet el fuqarolarining O‘zbekiston Respublikasi hududida vaqtincha mehnat faoliyatini samarali tartibga solish sohasidagi yuridik shaxslar faoliyati monitoringini olib borish;
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishgan holda bo‘sh pul mablag‘larini banklar va boshqa tashkilotlarning depozit hisob raqamlariga joylashtirish;
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishgan holda, xorijga ketayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini ketishdan oldin tayyorlash, chet tiliga o‘qitish va imtihonga tayyorlashga ixtisoslashgan hududiy filiallarni, markazlarni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishgan holda Agentlikning xorijiy vakolatxonalarini tashkil etish va tugatish;
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishgan holda Agentlik va uning tarkibiy bo‘linmalari boshqaruv xodimlarining cheklangan soniga o‘zgartirishlar kiritish.
13. Agentlik o‘z zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi uchun javob beradi.
4-bob. Agentlik mol-mulki va moliya-xo‘jalik faoliyati
14. Agentlik mol-mulkini asosiy jamg‘armalar va aylanma mablag‘lar, shuningdek, qiymati mustaqil balansda aks ettirilgan boshqa qimmatliklar tashkil etadi.
15. Agentlik mol-mulki unga O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq operativ boshqarish huquqi asosida tegishlidir.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Agentlik mol-mulkini tasarruf etish huquqiga ega.
16. Agentlik xo‘jalik hisob-kitobi asosida quyidagi xizmatlarni ko‘rsatadi:
vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ketayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga temir yo‘l chiptalarini, aviachiptalarni xarid qilishda va boshqa transport-logistika masalalarini hal qilishda ko‘maklashish;
xorijda ishga joylashish uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtirishda ko‘maklashish;
xususiy va yuridik shaxslar talabnomalari bo‘yicha ish jarayoniga jalb etilmagan Agentlik transport vositalarini jalb qilish orqali transport xizmatlarini ko‘rsatish;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini va chet el fuqarolarini mehmonxonalarga joylashtirish bo‘yicha shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatish.
17. Daromad Agentlik moliya-xo‘jalik faoliyatining asosiy umumlashtiruvchi ko‘rsatkichi hisoblanadi.
18. Quyidagilar Agentlik moliya resurslarini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
xo‘jalik faoliyatidan tushgan foyda (daromad);
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan tasdiqlangan tarifga ko‘ra yuridik shaxslarga xorijiy ishchi kuchini jalb qilish uchun ruxsatnomalar berish (uzaytirish), shuningdek, chet el fuqarolariga O‘zbekiston hududida vaqtincha mehnat faoliyati huquqini beruvchi tasdiqnomalar berish (uzaytirish) uchun olingan mablag‘lar;
xususiy kontraktlar bo‘yicha xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun hujjatlarni rasmiylashtirishda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga ko‘rsatiladigan xizmatlar haqini undirishdan olinadigan daromad;
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan tasdiqlangan tariflar asosida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini ishga joylashtirish, ketishdan oldin moslashtirish, kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ular malakasini oshirish, ularga chet tillarini, texnika xavfsizligi va mehnatni muhofaza qilish qoidalarini o‘rgatish bo‘yicha Agentlik tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlardan olingan mablag‘lar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Agentlik ixtiyorida qoladigan sof foydadan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi qaroriga muvofiq, shu jumladan Mehnat organlari xodimlarining mehnatini rag‘batlantirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash jamg‘armasiga yo‘naltirish orqali foydalaniladi.
19. Agentlik pul mablag‘larini saqlash va O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan barcha turdagi hisob-kitob va kassa operatsiyalarini amalga oshirish uchun tijorat banklarida hisob raqam, valyuta va boshqa hisob raqamlarni ochish huquqiga ega.
20. Agentlik O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish huquqiga ega.
21. Xo‘jalik faoliyatidan tushgan valyuta tushumi qonun hujjatlariga muvofiq taqsimlanadi, Agentlikning valyuta hisob raqamiga o‘tkaziladi va undan Agentlik rahbariyatining topshirig‘iga ko‘ra foydalaniladi.
22. Agentlik o‘z faoliyatining operativ va buxgalteriya hisobini, shuningdek, statistika hisobotini yuritadi.
5-bob. Agentlikka rahbarlik qilish
23. Agentlikka O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan boshliq rahbarlik qiladi.
Agentlik boshlig‘i:
umumiy rahbarlik qiladi, Agentlikning joriy faoliyatini tashkil etadi va o‘z zimmasiga yuklangan vazifalar bajarilishi uchun javob beradi;
davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan xorijiy davlatlarning davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar bilan munosabatlarda Agentlik nomidan ish yuritadi;
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishgan holda Agentlikning shtatlar jadvalini, uni saqlash uchun xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;
xorijiy ishchi kuchini jalb qilish uchun yuridik shaxslarga ruxsatnomalarni va chet el fuqarolariga O‘zbekiston Respublikasi hududida ishga joylashtirish bo‘yicha vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomalarni qonun hujjatlariga muvofiq beradi (uzaytiradi);
O‘zbekiston Respublikasining tasdiqlangan davlat rivojlantirish dasturlari va boshqa maqsadli dasturlari doirasida loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislarni O‘zbekiston Respublikasiga jalb qilishda, mamlakatimiz mas'ul ijro etuvchilarining talabnomalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasiga xorijiy mutaxassislarni jalb qilishga belgilangan tartibda ruxsatnomalar berishni (uzaytirishni), shuningdek, chet el fuqarolariga O‘zbekiston Respublikasi hududida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomalar berishni (uzaytirishni) ta'minlaydi;
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishgan holda Agentlikning hududiy filiallari, xorijiy vakolatxonalari, xorijga ketayotgan fuqarolarni ketishdan oldin moslashtirish va o‘qitish markazlari rahbarlarini, bo‘linmalar rahbarlarini va xodimlarni lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi;
Agentlikka yuklangan vazifalarga muvofiq boshqa funksiyalarni bajaradi.
Agentlik boshlig‘i O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan uch nafar o‘rinbosarga, jumladan, bir nafar birinchi o‘rinbosarga ega.
6-bob. Yakunlovchi qoida
24. Agentlik qonunda belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi.