Yuqori haroratli ob-havo sharoitlarida korxonalarda ishlayotgan xodimlar va ish beruvchilarga ishlash tartibi
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasida kuzatilayotgan yuqori haroratli ob-xavo sharoitlarida korxonalarda ishlayotgan xodimlar va ish beruvchilar tomonidan belgilangan tartibdagi mikroiqlim bo‘yicha sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilgan holda mehnat faoliyatlarini amalga oshirishlari talab etiladi.
Xususan, korxonalarda yilning issiq davrida ishlab chiqarish xonalari, syexlar, bo‘limlar va boshqa yopiq hududlarda mikroiqlimning me’yorlari SanQvaM 0324-16 talablari asosida bo‘lishi lozim.
Ya’ni, yengil I-kategoriyali ishlar (ish jarayoni o‘tirgan holda amalga oshiriladi, jismoniy og‘irlik talab etilmaydi)da havo harorati 24-27 0S, havoning nisbiy namligi 40-60% va havo harakati tezligi 0,1-0,2 m/sdan oshmasligi, o‘rta og‘irlikdagi II-kategoriyali ishlar (ish jarayoni o‘tirgan va qisman yurgan holatda amalga oshiriladi, 1 kg.dan 10kg.gacha bo‘lgan buyumlarni ko‘taradi)da havo harorati 22-25 0S, havoning nisbiy namligi 40-60% va havo harakati tezligi 0,3 m/sdan oshmasligi, og‘ir III-kategoriyali ishlar (ish jarayoni doimiy harakatda amalga oshiriladi, 10 kg.dan yuqori bo‘lgan yuklarni ko‘taradi)da havo harorati 21-23 0S, havoning nisbiy namligi 40-60% va havo harakati tezligi 0,4 m/sdan oshmasligi lozim.
Mikroiqlimning yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan me’yoriy miqdorlarini belgilash ishlab chiqarish jarayoniga texnologik talablar, ularni ta’minlashning texnologik jihatdan iloji bo‘lmaganligi yoki maqsadga muvofiq emasligi iqtisodiy asoslanganligi tufayli imkoni bo‘lmagan ishlab chiqarish xonalarida ishlovchilarni yuz berishi mumkin bo‘lgan qizib ketishdan himoyalash uchun tadbirlar: havoni mahalliy sovutish, havo dushlari, dam olish xonalari, yuqori haroratdan himoyalash uchun maxsus kiyimlar, shaxsiy himoya vositalari, ish va dam olish vaqtini reglamentlash kabilar ko‘zda tutilishi lozim. Issiqlikdan shikastlanishning oldini olish maqsadida to‘sib turuvchi yuzalarning harorati 45ºS dan ortib ketmasligi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 211-moddasi hamda “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi” O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 23-moddasiga muvofiq, barcha korxonalarda xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan mehnat sharoitlari yaratilgan bo‘lishi kerak. Bunday sharoitlarni yaratib berish ish beruvchining majburiyatiga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan 14 avgust 1996 yilda 273-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan “Mehnat muhofazasi bo‘yicha ishlarni tashkil etish to‘g‘risida”gi Namunaviy nizom talablariga asosan Xodimlarning mehnat sharoiti xavsizligini ta’minlash bo‘yicha quyidagi vazifalarni:
Mehnatning sanitariya-gigiyenik sharoitlarini me’yorlashtirishni;
Korxonalar va ishlab chiqarish binolarida sanitariya-gigiyena talablariga javob beradigan zarur issiqlik-namlik rejimini yaratishni;
Mazkur texnologik jarayonga qo‘yiladigan talablarga mos ravishda shamollatish qurilmalari, kondisionerlar tizimlariga ega bo‘lish hamda undan foydalanishni ta’minlash lozim.
Ish beruvchi tomonidan xavoning issiq harorati yuqori darajasi vaqtida binolarda miqroiqlim sharoitini yaxshilaydigan uskunalarning (kondisioner, ventilyasiya, ishlab chiqarish maydonlarga o‘rnatilgan quruq havoni namlashtirish uskunalari va boshqalar) faoliyatini ta’minlashi va nazorat qilish, texnik jixatdan bunday uskunalarni o‘rnatish va ishlatish imkoni bo‘lmagan taqdirda xodimlarning ish rejimini o‘zgartirish va dam olish vaqtlarini ko‘paytirish yoki ish vaqtini qisqartirilishi, xodimlarni bepul toza ichimlik (minerallangan) suv bilan ta’minlash choralari ko‘rilishi lozim.
Mehnat sharoitlari bo‘yicha yilning issiq davrida ochiq maydonlarda bajariladigan ishlar ish kategoriyasiga (Ia-III) muvofiq havo harorati 34,2°C-36,0°C dan yuqori bo‘lganda inson sog‘lig‘i uchun o‘ta xavfli hisoblanib (0141-03-son SanQvaM), mazkur holatda ish rejimini o‘zgartirgan holda, ya’ni ish vaqtini kunning salqin vaqtlariga ko‘chirgan holda ishni tashkil etilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Agarda xodim ochiq maydonda (qurilish maydonlarda, dalalarda) faoliyatini amalga oshiriyotgan bo‘lsa, ish beruvchi tomonidan mavsumga mos bo‘lgan himoya vositalari ajratilishi, ish rejimini o‘zgartirilishi (dam olish vaqtlarini uzaytirish yoki ishlash soatlarini o‘zgartirishi, ish vaqtning qisqartirilishi), shuningdek xodimlarni bepul toza ichimlik (mineral) suv bilan ta’minlanishi lozim.
Korxonadagi bunday ishlarning ro‘yxati va ularni bajarishda ish vaqtining muayyan muddati tarmoq (tarif) kelishuvlarida, jamoa shartnomalarida belgilab qo‘yiladi, agar ular tuzilmagan bo‘lsa, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib olingan holda amalga oshiriladi.
Mehnat kodeksining 219-moddasiga muvofiq xodim ish jarayonida o‘zining hayoti yoki sog‘lig‘iga tahdid soluvchi holatlar yuzaga kelib qolganligi to‘g‘risida ish beruvchiga darhol xabar qilishi, mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishini tekshirib borish va nazorat qilish bilan shug‘ullanuvchi organlar ana shu holatlarni tasdiqlagan taqdirda ish beruvchi bu holatlarni bartaraf etish choralarini ko‘rishi lozim.
Shu davr mobaynida Mehnat kodeksining 159-moddasiga muvofiq xodimning o‘rtacha ish haqi saqlanib qolinadi.
Ob-havo xarorati darajasi yuqori bo‘lgan vaqtlarda quyidagilar tavsiya etiladi:
- to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlaridan saqlanish, ko‘proq soyada bo‘lish;
- imkon qadar qo‘chada o‘tkazish vaqtini cheklash;
- yorqin rangli, yengil, tabiiy matolardan tikilgan kiyim kiyish;
- issiqdan himoyalanish uchun, bosh qiyim yoki soyabon bilan yurish;
- jismoniy faoliyatni kamaytirish;
- avtomashinani boshqarish vaqtini qisqartirish;
- ish vaqti oralig‘ida salqin joyda tanaffus qilish;
- ko‘proq suv ichish, iliq choy yoki gazlanmagan mineral suv;
- tana xaroratini muntazam nazorat qilib borish;
- spirtli (alkogol) ichimliklar va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilmaslik va boshqalar.