«Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida»gi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi
regulation.gov.uz normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga O‘zbekiston Respublikasi “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
Hujjatga asosan, xususiy bandlik agentliklari O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni ish beruvchi yoki buyurtmachi hisobidan amalga oshiradi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni undirishi taqiqlanadi.
Xususiy bandlik agentligi tomonidan xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “labor-migration” dasturiy majmuasida real vaqt rejimida ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Mazkur talabga rioya etmaslik xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomaning haqiqiy emas deb topilishiga sabab bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishdan oldin ularga ko‘rsatiladigan xizmatlar to‘g‘risida yozma shaklda bildirishnoma beriladi. Bildirishnomada ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun fuqarolardan to‘lovlar undirilmasligi, xususiy bandlik agentligi o‘z majburiyatlarini bajarmagan taqdirda murojaat qilish uchun o‘zining hamda O‘zbekiston Respublika Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining aloqa bog‘lashga doir ma'lumotlari ko‘rsatilishi lozim.
Agentliklar O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining so‘roviga asosan o‘z faoliyati haqidagi to‘liq ma'lumotlarni taqdim etadi. Tekshirishlar jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining vakolatli vakillari xususiy bandlik agentliklarining hududlari va binolariga moneliksiz kirish imkoniyatiga ega, shuningdek hujjatlar bilan tanishib chiqadi, ulardan ko‘chirma nusxalar hamda mas'ul xodimlardan faoliyatga doir masalalar bo‘yicha og‘zaki va yozma tushuntirishlar olish vakolatiga ega bo‘ladi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan joylangan ushbu loyiha shu yilning 24-martiga qadar muhokamada bo‘ladi.