COVID-19 pandemiyasi vaqtida masofaviy o‘qitishning yangi imkoniyatlari
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi COVID-19 pandemiyasi davrida mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga masofaviy o‘qitish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Butun yer sharini qamrab olgan COVID-19 pandemiyasi, shuningdek koronavirus infeksiyasi tarqalishi sababli joriy etilgan cheklovlar odatiy jarayonlarni sezilarli darajada o‘zgartirib yubordi. Butun dunyo davlatlarining hukumatlari COVID-19 pandemiyasini to‘xtatish maqsadida o‘quv muassasalarini yopishga qaror qildilar. YuNeSKO ma'lumotlariga ko‘ra, 100 dan ortiq davlat butun mamlakat miqyosida o‘quv muassasalarini yopdi, bu butun dunyodagi barcha ta'lim oluvchilarning yarmida ko‘prog‘iga o‘z ta'sirini o‘tkazdi.
Aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasidagi talabni e'tiborga olib, O‘zbekistonda kasbiy ta'lim umumta'lim xususiyatidagi dasturlar bilan bir qatorda «onlayn» rejimiga o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan Band bo‘lmagan aholiga xizmat ko‘rsatuvchi «Ishga marhamat» Monomarkazining qisqa muddatli kurslari asosida ham koronavirus infeksiyasi pandemiyasi davrida, ham pandemiya tugaganidan so‘ng onlayn o‘zlashtirish mumkin bo‘lgan videomateriallar ishlab chiqildi. Bugungi kunga kelib MTRK telekanallarida uqalovchi (massajchi), santexnik, manikyur mutaxassisi, sartarosh kasblari, shuningdek, uy sharoitida bolalarda displaziyani bartaraf etish massaj usuli bo‘yicha masofaviy ta'limiy teleko‘rsatuvlar namoyish etilmoqda.
Shu bilan bir qatorda masofaviy ta'lim videomateriallari Monomarkazning «Facebook» va «Instagram»dagi rasmiy sahifalariga, «Telegram» kanaliga, shuningdek, «Youtube» videoxostingiga joylashtirilgan.
Bundan tashqari, BMTning O‘zbekistondagi taraqqiyot dasturi ko‘magida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida mehnat bozorida talab kuchli bo‘lgan kasblarga masofaviy kasbiy o‘qitish elektron platformasini ishlab chiqish bo‘yicha umumiy loyiha yo‘lga qo‘yildi.
Loyiha O‘zbekistonda COVID-19 pandemiyasining salbiy oqibatlariga qarshi harakat qilishda tezkor javob qaytarish bo‘yicha BMT Taraqqiyot dasturi Mexanizmi doirasida amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning iyun oyidayoq maishiy texnika va mobil qurilmalarni ta'mirlash ustasi, uqalovchi (massajchi), neyl-stilist, oshpaz, santexnik, kosmetolog, ayollar va erkaklar sartaroshi, qandolatchi va tikuvchi kabi talab kuchli bo‘lgan kasblar bo‘yicha 200 dan ortiq videomateriallar joylashtiriladi.
Shuningdek, onlayn darslar Bandlik va mehnat munosabatlari rasmiy veb-sahifasi va ijtimoiy tarmoqlariga joylashtiriladi. O‘quv yo‘nalishlari bilan batafsil Monomarkazning rasmiy veb-sayti orqali tanishishingiz mumkin.