Vazir Nozim Xusanov Kvangju shahar meri bilan uchrashuv o‘tkazdi
Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri boshchiligidagi delegatsiya mehnat migratsiyasi sohasidagi o‘zaro hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilish maqsadida Koreya Respublikasida bo‘lib turibdi.
Tashrif doirasida vazir Nozim Xusanov va Koreya Respublikasining Kvangju shahar meri Li Yong Sob bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda N.Xusanov Kvangju shahrida 4,6 ming nafar o‘zbekistonlik fuqarolar vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib borishi uchun yaratilayotgan sharoitlar hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Koreya Respublikasidagi vakolatxonasi aynan ushbu shaharda joylashib, unga yuklatilgan vazifalarni munosib tarzda bajarib borishida ko‘rsatayotgan amaliy yordami uchun Kvangju shahar meri Li Yong Sobga minnatdorlik bildirdi.
Ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshirilishi kutilayotgan istiqbolli maqsadlar batafsil muhokama etilib, kelgusida har ikki tomonning harakatlari aniq belgilab olindi.
Uchrashuv yakunida Kvangju shahri meriga O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining maxsus tashakkurnomasi tantanali ravishda topshirildi.