Mehnat qonunchiligi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati

13.05.2019

2019-yilning 13-may kuni Wyndham Tashkent mehmonxonasi konferensiyalar zalida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi va “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonun loyihalari muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Davra suhbatida Birlashgan millatlar tashkiloti, Xalqaro mehnat tashkiloti singari xalqaro tashkilotlar, O‘zbekistondagi vazirlik va davlat idoralari, nodavlat-notijorat tashkilotlar, oliy ta'lim muassasalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Muhokamani O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muxitdinov boshlab berdi.    

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-yanvardagi “2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini  “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi 5635-son Farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan Mehnat kodeksining yangi tahriri va “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan edi.

Davra suhbati davomida ekspertlar guruhi rahbari M.Gasanov 1995-yil 21-dekabrda qabul qilingan (1996-yil 1-apreldan kuchga kirgan) amaldagi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi bilan yangi tahrirdagi namunani o‘zaro qiyosiy tahlil qilib, ular o‘rtasidagi tafovutlar, mavjud kamchiliklar va ularni bartaraf etish bo‘yicha bugungi talablar asosida kiritilgan o‘zgarishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

“Aholi bandligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston qonun loyihasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri maslahatchisi Botir Alimuhamedov tomonidan taqdim etilib, me'yoriy hujjatning mazmun-mohiyati yoritib berildi.

Davra suhbatida, shuningdek, mehnat munosabatlarini tartibga solishda xorijiy davlatlar qonunchiligi hamda muhokama etilayotgan yangi tahrirdagi qonun hujjatlari bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirilib, tadbir yakunida umumiy xulosalar chiqarildi.

O‘zbekiston mehnat qonunchiligi va mehnat sohasining me'yoriy-huquqiy tayanch manbalaridan hisoblangan yangi tahrirdagi mazkur qonun hujjatlari orqali O‘zbekiston mehnat qonunchiligida jiddiy islohotlar bo‘lishi kutilmoqda.

IMG_2428

IMG_2427

IMG_2443

IMG_2437

IMG_2458

IMG_2417

IMG_2422