Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan koronavirus pandemiyasi davrida xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish bo‘yicha bayonot

03.04.2020

1. Karonavirus pandemiyasi davrida mehnat munosabatlari bo‘yicha murojaatlarni qabul qilish tezkor axborot tizimi yaratildi.

Xodimlar, ish beruvchilar, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining karantin chora-tadbirlari davomidagi mehnat munosabatlari bo‘yicha savollari uchun 3 ta yo‘nalishda ma'lumot olish tizimi yaratildi:
- vazirlikning “call-center” orqali ishonch telefon raqamiga (200-06-00);
- vazirlikning @mehnathuquqbot telegram kanali;
- vazirlikning veb-sayti orqali dmi.mehnat.uz onlayn xizmati orqali.

2. Mehnat munosabatlari bo‘yicha murojaatlar bilan ishlashni tashkil etish.

Vazirlikka joriy yil mart oyida mehnat munosabatlari (mehnat huquqlari va mehnatni muhofaza qilish) bo‘yicha jami 8 753 ta murojaat kelib tushgan (eng ko‘pi, Toshkent shahar, Qashqadaryo viloyati, Buxoro viloyati), asosan (maktabgacha ta'lim muassasalaridan 722 ta, xalq ta'limi muassasalaridan 975 ta, oliy ta'lim muassasalaridan 456 ta, sog‘liqni saqlash muassasalaridan 564 va boshqa tashkilotlardan) shundan “call-center” orqali 6 409 ta, @mehnathuquqbot telegram kanali 171 ta, dmi.mehnat.uz onlayn xizmati orqali 77 ta, yozma ravishda 2096 ta murojaatlar kilib tushdi.

Murojaatlarning 2450 tasi ish haqini to‘lamaslik, 61 tasi noqonuniy ishdan bo‘shatish, 2625 tasi mehnat ta'tilini berish tartibini buzish, 1400 tasi mehnat muhofazasi bo‘yicha, 525 tasi ishga qabul tartibini buzish va 437 tasi boshqalar (vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasini to‘lash, mehnat daftarchasini yuritish, intizomiy javobgarlikka tortish va boshqalar).

3. Koronavirus pandemiya davrida xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish va xavfsizligini ta'minlash maqsadida qilinayotgan ishlar.

Koronavirus pandemiyasi davrida mehnat munosabatlarini tartibga solish uchun xodimlarning mehnat ta'tiliga chiqishi va masofaviy ishlashni tashkil etish bo‘yicha vaqtinchalik nizomlar ishlab chiqildi va Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tkazildi, 5969-son Farmonning mehnat munosbatlariga oid me'yorlari bo‘yicha tushuntirishlar ishlab chiqildi va e'lon qilindi.

Mehnat munosabatlariga oid murojaatlar va shikoyatlarni ko‘rib chiqish va yechimini xal qilish, fuqarolar mehnat huquqlarini tiklash bo‘yicha tezkor tizimi joriy etildi. Unga ko‘ra, murojaatlar bilan masofaviy (distansion) shaklda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarni qo‘llagan holda ishlanmoqda.

Ish beruvchilar va xodimlar o‘rtasida Ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ridan bog‘langan holda koronavirus pandemiyasi davrida mehnat munosabatlari to‘g‘ri rasmiylashtirish bo‘yicha keng tushuntirish ishlari olib borilmoqda.