Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.Xusanov axboroti eshitildi

07.08.2020

Senatning oltinchi yalpi majlisida kun tartibidagi navbatdagi masala – Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimida 2019-yilda va 2020-yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida axborot eshitildi.

Ta’kidlanganidek, Senatning ishchi guruhi tomonidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni hamda aholi bandligini ta’minlash va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq qaror va dasturlar, chora-tadbirlar ijrosi holati o‘rganildi.

Mamlakat mehnat bozori tahlili asosida hududiy va tarmoq dasturlarini ishlab chiqish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish uchun davlat buyurtmasini va aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini ishga joylashtirish uchun kvotalar belgilash orqali aholi bandligini ta’minlash borasida qator ishlar amalga oshirilgan.

Jumladan, respublikada 2020-yil 1-aprel holatiga binoan mehnat resurslari soni 19,1 mln. kishini tashkil etib, bu ko‘rsatkich 2019-yilning mos davriga nisbatan 0,6 foizga oshgan.

Bundan tashqari, mehnat organlariga murojaat qilgan ishsizlarning ishga joylashtirilishini ta’minlash, qurilish, ta’mirlash va rekonstruksiya qilish, shahar va tumanlarni obod qilish, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlarini tashkil etish orqali ishga jalb qilish bo‘yicha muayyan chora-tadbirlar olib borilgan.

Xususan, aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarining faoliyati 2019-yilda jismoniy va yuridik shaxslarga “Yagona oyna” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish tizimiga o‘tkazilgan hamda 773,4 ming jismoniy va yuridik shaxsga xizmatlar ko‘rsatilgan.

“Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, vazirlik tomonidan xususiy bandlik agentliklarining reyestri shakllantirilgan. 2020 yil yanvar-aprel oylarida 2890 nafardan ziyod ishsiz fuqaro ishga joylashtirilgan.

Majlisda o‘rganish davomida vazirlik faoliyati samaradorligining pastligi hamda qator muammo va kamchiliklar aniqlangani ta’kidlandi.

Jumladan, 2019-yilda respublika bo‘yicha ish so‘rab murojaat qilgan 773 ming nafar fuqaroning faqat 46 foizi ishga joylashtirilgan bo‘lsa, 2020-yilning 4 oyida murojaat qilgan 273 ming nafar fuqarodan 40 foizining bandligi ta’minlangan, xolos.

Xususiy ish beruvchilarning amaldagi mehnat qonunchiligiga muvofiq byurolarga bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida ma’lumot taqdim qilib borishi yo‘lga qo‘yilmagan.

Yangi ish o‘rinlarini yaratishni rag‘batlantirish orqali ishsizlikni kamaytirish yo‘nalishidagi faoliyat ham qoniqarli, deb bo‘lmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-martdagi
“2019-yilda aholi bandligini ta’minlash va yangi ish o‘rinlarini tashkil etish bo‘yicha davlat buyurtmasi to‘g‘risida”gi qarorida respublika bo‘yicha jami 370 mingta yangi ish o‘rni tashkil etilishi belgilangan.

Mamlakat mehnat bozori tahlili asosida aholi bandligini tashkil etish, hududiy va tarmoq dasturlarini ishlab chiqish, aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini ishga joylashtirish uchun kvotalar belgilash orqali aholi bandligini ta’minlash kabi vazirlik Nizomida belgilangan qator vazifalarning ijrosi talab darajasida tashkil etilmagan.

Bundan tashqari, yoshlarni, shu jumladan qishloq joylaridagi yoshlarni, umumta’lim maktablari, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilmagan.

Yana bir jihat. Vazirlik tizimidagi hozirgacha amalda bo‘lgan o‘quv kurslarining shakli va o‘qitish sifati darajasi bugungi kun talablariga javob bermaydi. Masalan, amalda qo‘llab kelinayotgan o‘quv tizimining hozirgi shakli bilan millionlab ishsiz aholini qamrab olishning iloji yo‘q.

Shu bilan birga, fuqarolarining mehnat migrasiyasi jarayonlarini tartibga solish va ularni xorijda uyushgan holda ishga joylashtirish yo‘nalishida ham bir qator yechimini kutayotgan muammolarga e’tibor qaratildi.

Xususan, vazirlik tomonidan o‘z Nizomidagi vazifalar, ya’ni mamlakat fuqarolarining mehnat migrasiyasi jarayonlarini tartibga solish va ularni xorijda uyushgan holda ishga joylashtirish vazifalari talab darajasida bajarilmayotganligi natijasida 2019-yilda va 2020-yilning o‘tgan davrida umumiy mehnat migrasiyasi oqimida tashkillashtirilgan migrasiya ulushi o‘rtacha 9 foizni tashkil etgan.

Aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.

Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.