Nizom

Yuridik bo‘limi

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Yuridik bo‘limi to‘g‘risida

NIZOM

I. Umumiy qoidalar

1.1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 yanvardagi “Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora- tadbirlari to‘g‘risida” PQ-2733-son Qarori hamda ushbu qaror bilan tasdiqlangan “Davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmati to‘grisida”gi Nizomga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 1 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 19 yanvardagi PQ-2733-son qarorini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi Qaroriga asosan ishlab chiqilgan bo‘lib, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Yuridik bo‘limi (keyingi o‘rinlarda - “Bo‘lim” deb ataladi) faoliyatiga qo‘yiladigan talablarni, ularning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligini belgilaydi.

1.2. Bo‘limning maqsadi vazirlik tizimidagi huquqiy ishlarning va yuridik xizmatlar faoliyatining to‘g‘ri tashkil etilishini ta'minlashdir.

1.3. Bo‘lim vazirlikning boshqarma va bo‘limlari, respublikadagi davlat organlarining yuridik bo‘limlari hamda korxonalar va tashkilotlarda tashkil etilgan yuridik xizmatlar bilan hamkorlikda ish yuritadi.

1.4.Bo‘lim o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 yanvardagi “Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-2733-son Qarori hamda shu qaror bilan tasdiqlangan “Davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmati to‘g‘risida”gi Nizomga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 1 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining   «Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘grisida» 2017 yil 19 yanvardagi PQ-2733-son qarorini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi Qaroriga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining qarorlari, buyruqlari hamda mazkur Nizomga amal qilgan holda olib boradi.

II. Bo‘limning asosiy vazifalari

Quyidagilar bo‘limning asosiy vazifalarni hisoblanadi:

2.1 Vazirlikning huquqni qo‘llash faoliyatida qonun ustuvorligi va qonuniylikni ta'minlashni tashkil etish;

2.2. Vazirlik tomonidan ishlab chiqilayotgan (qabul qilinayotgan) normativ- huquqiy va boshqa hujjatlar loyihalarining qonunchilikka muvofiqligi ustidan nazoratni olib borish;

2.3. Vazirlikning qonun ijodkorligi faoliyatida ishtirok etish, qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflarni tayyorlash masalalarida ularning tuzilmalari ishini muvofiqlashtirish

2.4. Vazirlik xodimlarining huquqiy madaniyati va huquqiy savodxonligini oshirish, ularga qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun va ahamiyatini, shu jumladan zamonaviy axborot- kommunikatsiya texnologiyalari orqali yetkazishda ishtirok etish;

2.5. Shartnomaviy-huquqiy va talabnoma-da'vo ishlarini yuritish, vazirliknirng mulkiy va boshqa manfaatlarini ishonchli himoya qilinishini ta'minlash.

2.6. Yuridik bo‘lim faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

2.6.1. Vazirlikning huquqni qo‘llash faoliyatida qonun ustuvorligi va konuniylikni ta'minlashni tashkil etish sohasida:

-  vazirlikda, shuningdek tegishli tuzilmalarda qonun buzilishlarini, ularning sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etish yuzasidan takliflar kiritadi, ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etadi;

-  vazirlik Devoniga takdim qilinadigan buyruqlar, farmoyishlar, shartnomalar va yuridik tusdagi boshqa hujjatlar loyihalarini ularning qonunchilikka muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan o‘tkazadi hamda ular bo‘yicha e'tiroz va takliflar bo‘lmasa, viza qo‘yadi.

-  jismoniy va yuridik shaxslarning xuquq va erkinliklarini amalga oshirishga ta'sir etadigan vazirlikning qarorlari yuzasidan xulosalar beradi;

-  mustaqil ravishda yoki boshqa tuzilmalar bilan birgalikda vazirlikning buyruqlari, farmoyishlari, shartnomalari va yuridik tusdagi boshqa hujjatlarini ishlab chiqish, ularga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ularni o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida takliflar tayyorlaydi;

-  vazirlikda, shuningdek tegishli tuzilmalarda huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganadi, taxdil qiladi va umumlashtiradi, uni takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi va rahbariyatga kiritadi;

-  vazirlikning boshqa tuzilmalari bilan birgalikda vazirlik, tegishli tuzilmalar va ularning mansabdor shaxslari faoliyatida qonuniylikning buzilishi ko‘rsatilgan arizalar, takliflar va shikoyatlarni ko‘rib chiqishda ishtirok etadi;

-  vazirlikda boshqaruv tizimini takomillashtirish, vazirlik tizimiga kiradigan tuzilmalar va ularning mansabdor shaxslarining huquq va majburiyatlarini belgilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqishda ishtirok etadi;

-  vazirlikda mehnat haqidagi qonunchilikka rioya etilishini ta'minlashda, shu jumladan mehnat munosabatlarini tartibga soluvchi huquqiy hujjatlarni (mehnat shartnomasi, jamoa shartnomasi, jamoa bitimi va boshqalarni) ishlab chiqishda ishtirok etadi, ushbu hujjatlar loyihalarining qonunchilikka muvofiqligini tekshiradi va huquqiy xulosa beradi;

-  vazirlik Devoniga vazirlik faoliyatida qonun ustuvorligi va qonuniylikni ta'minlash ahvoli yuzasidan hisobot taqdim etadi;

-  vazirlik xodimlarining kasaba uyushmalari va boshqa vakillik organlariga vakolatlarini amalga oshirishda yuridik yordam ko‘rsatadi;

2.6.2. Vazirlik tomonidan ishlab chiqilayotgan (qabul qilinayotgan) normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar loyihalarining qonunchilikka muvofiqligi ustidan nazoratni olib borish, shuningdek vazirlikning qonun ijodkorligi faoliyatida ishtirok etish, qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflarni tayyorlash masalalarida uning tuzilmalari ishini muvofiqlashtirish sohasida:

-  vazirlikning norma ijodkorligi faoliyatining joriy va istiqbolli rejalarini ishlab chiqadi yoki ularning ishlab chiqilishida, amalga oshirilishi va bajarilishini nazorat qilishda ishtirok etadi;

-  vazirlik vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi yoxud ishlab chiqishda ishtirok etadi;

-  vazirlikning idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarini ishlab chiqadi yoxud ularni ishlab chiqishda hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga huquqiy ekspertizadan o‘tkazish va davlat ro‘yxatiga olish uchun yuborishda ishtirok etadi;

-  ekspertizadan o‘tkazish yoki kelishish uchun taqdim etilgan normativ- xuquqiy hujjatlar loyihalarini mustaqil yoki boshqa tuzilmalar bilan birgalikda huquqiy ekspertizadan o‘tkazadi, ularning qonunchilikka, qonunchilik texnikasi qoidalariga, havola qiluvchi normalar qo‘llanilishining asosliligi va maqsadga muvofiqligi, shuningdek ularda korrupsiyaga sabab bo‘ladigan omillarning mavjud emasligi yuzasidan huquqiy xulosalar tayyorlaydi;

-  tizimli ravishda vazirlikning tegishli soha faoliyatidagi amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarning ularda korrupsiyaga sabab bo‘ladigan omillarni aniqlashga qaratilgan taxdilni o‘tkazadi;

-  vazirlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishda ishtirok etadi;

-  vazirlikka kelib tushgan va o‘zi tomonidan chiqarilgan hujjatlar, shu jumladan normativ-huquqiy hujjatlarning tizimlashtirilgan hisobini belgilangan talablarga muvofiq yuritadi, ularning saqlanishini va nazorat holatida bo‘lishini ta'minlaydi;

-  vazirlikning normativ-huquqiy hujjatlar fondini to‘ldirish, shu jumladan fondni kodekslar, qonunlar, sharxdar, axborotnomalar va boshqa xuquqiy nashrlar bilan butlash choralarini ko‘radi, vazirlik Devoniga huquqiy nashrlarga obuna bo‘lish haqida takliflar kiritadi;

-  vazirlik vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha qonun hujjatlari to‘plamlarini nashr etishga tayyorlaydi;

-  vazirlik tizimiga kiradigan tuzilmalarning yuridik xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtiradi, kelishilgan hamkorlikni ta'minlaydi;

-  vazirlik tizimiga kiradigan tuzilmalarning huquqiy ishlariga metodik yordam ko‘rsatadi, yuridik xizmat faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha tavsiyanomalar va ko‘rsatmalarni ishlab chiqadi;

2.6.3. Vazirlik xodimlarining huquqiy madaniyati va huquqiy savodxonligini oshirish, ularga qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun va ahamiyatini, shu jumladan zamonaviy axborot- kommunikatsiya texnologiyalari orqali yetkazish sohasida:

-  vazirlik markaziy Devoni uchun qonunchilik masalalari bo‘yicha taxdiliy materiallar tayyorlaydi;

-  vazirlik, shuningdek uning tizimiga kiradigan tuzilmalar xodimlarining huquqiy bilimlarini oshirish tadbirlarini tashkil etish to‘g‘risida takliflar kiritadi, ushbu tadbirlarni o‘tkazishda ishtirok etadi;

-  vazirlik faoliyatiga tegishli qonunchilikni targ‘ib qilish ishlarini amalga oshiradi;

-  zudlik bilan vazirlik axborot xizmatiga vazirlik veb-saytiga joylashtirish maqsadida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar va ularning mazmun va ahamiyati to‘g‘risida ma'lumotlar kiritadi;

-  vazirlik xodimlarining murojaatlari bo‘yicha ularga vazirlik faoliyatiga tegishli huquqiy hujjatlarni topishga ko‘maklashadi, zarur hollarda ularning qoidalari bo‘yicha tushuntirishlar beradi;

-  qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlar haqidagi ma'lumotlarni, sud amaliyotini, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining huquqiy ishlarga taalluqli ko‘rsatmalarini vazirlik tizimiga kiradigan tuzilmalarga yetkazadi;

2.6.4. Shartnomaviy-huquqiy va talabnoma-da'vo ishlarini yuritish, vazirlikning mulkiy va boshqa manfaatlarini ishonchli himoya qilinishini ta'minlash sohasida:

-  vazirlik, shuningdek fuqarolar bilan nizolar vujudga kelganda, mustaqil yoki boshqa tarkibiy tuzilmalar bilan birgalikda ularni sudgacha hal etish choralarini ko‘radi;

-  boshqa tuzilmalar bilan birgalikda vazirlik tomonidan shartnomalarni tayyorlash va tuzish ishlarida ishtirok etadi;

-  shartnomalarni tuzish, bajarish, o‘zgartirish va bekor qilishning belgilangan tartibiga rioya etilishini nazorat qiladi;

-  vazirlikning manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha talabnomalar tayyorlashda hamda vazirlikka nisbatan bildirilgan talabnomalarni ko‘rib chiqishda ishtirok etadi, vazirlikda talabnomalar bildirish va ularni ko‘rib chiqish tartibiga rioya etilishini nazorat qiladi;

-  tegishli tuzilmalar bilan birgalikda vazirlikning debitorlik va kreditorlik qarzlari ahvolini o‘rganadi, ularning miqdorini kamaytirish choralarini ko‘radi;

-  shartnomaviy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar yuzasidan da'vo ishlarini olib boradi;

-  vazirlikning mulkiy va boshqa manfaatlarini huquqiy himoya qilish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni tayyorlashda hamda belgilangan tartibda sud majlislarida ishtirok etadi;

-  mulkni saqlash masalalari bo‘yicha huquqiy tusdagi hujjatlar loyihalarining qonun hujjatlariga muvofiqligini tekshiradi va ularni tayyorlashda ishtirok etadi;

-   boshqa tarkibiy tuzilmalar bilan birgalikda vazirlikda mulkning talon-toroj qilinishi, kamomad va noishlab chiqarish xarajatlarining kelib chiqishi sabablari va sharoitlarini taxdil qiladi hamda ularni bartaraf etish choralarini ko‘radi, mulkning talon-toroj qilinishi va kamomad holatlari bo‘yicha materiallarni huquqni muhofaza qilish organlariga yuborish uchun rasmiylashtiradi;

-  moddiy boyliklar va pul mablag‘larini hisobdan chiqarish to‘g‘risidagi hujjatlar loyihalari, shuningdek qonun buzilishlari va suiiste'mollar aniqlangan auditorlik tekshiruvlari va xatlovdan o‘tkazish dalolatnomalari bo‘yicha huquqiy xulosalar beradi.

III. Bo‘limning huquqlari

Bo‘lim quyidagi huquqlarga ega:

3.1. Vazirlikka kelib tushayotgan normativ-huquqiy hujjatlarni tanishish, xizmatda foydalanish va ularning tizimlashtirilgan hisobini yuritish uchun birinchi navbatda olish;

3.2. Vazirlik, shuningdek uning tizimiga kiradigan tuzilmalarning mansabdor shaxslaridan yuridik xizmatga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar va ma'lumotlarni olish;

3.3. Rahbariyat tomonidan chaqiriladigan huquqiy masalalarga tegishli yigilishlar, kengashlar va majlislarda ishtirok etish;

3.4. Vazir topshirig‘iga ko‘ra yoki tegishli tuzilma rahbarining roziligi bilan ularning xodimlarini normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalarini tayyorlash uchun, huquqiy ishlarni amalga oshirish bilan bog‘liq boshqa tadbirlarga jalb qilish;

3.5. Qonunchilikka zid bo‘lgan, qonunchilik texnikasi talablariga javob bermaydigan normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalarini ijrochilariga puxta ishlash uchun qaytarish, o‘z e'tirozlarini asoslagan holda, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish to‘g‘risida huquqiy xulosalar berish, rahbariyat topshirig‘iga ko‘ra yoki o‘z tashabbusi bilan boshqa tuzilmalar bilan birgalikda ushbu loyihalarni puxta ishlanishida ishtirok etish;

3.6. Vazirlik tizimiga kiradigan tuzilmalarda vazirlik vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha qonun hujjatlariga rioya qilinishi masalalarini o‘rganish;

3.7. Vazirlik, shuningdek uning tizimiga kiradigan tuzilmalarning qonun hujjatlari bajarilishini ta'minlamayotgan yoxud ularni buzayotgan rahbarlari va xodimlarini javobgarlikka tortish haqida rahbariyatga takliflar kiritish;

3.8. Vazirlikda, shuningdek uning tizimiga kiradigan tuzilmalarda yoki vazirlik tomonidan o‘tkaziladigan tekshirishlar, taftishlar va xatlovlarda, shuningdek ularning yakunlari bo‘yicha hujjatlarni ko‘rib chiqishda ishtirok etish hamda aniqlangan huquqbuzarliklar yuzasidan huquqiy xulosalar berish;

Yuridik bo‘lim qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

IV. Bo‘limning majburiyatlari

Yuridik bo‘lim quyidagi majburiyatlarga ega:

4.1. “Davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmati to‘g‘risida”gi Nizom va boshqa qonun hujjatlari bilan yuklangan funksiyalarni zarur darajada va samarali bajarishi;

4.2. Vazirlikda, shuningdek uning tizimiga kiradigan tuzilmalarda qonun buzilishi holatlari aniqlanganligi to‘grisida zudlik bilan to‘gridan-to‘gri yuqori turuvchi organga, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishi;

Yuridik bo‘lim qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

V. Bo‘limning javobgarligi

Yuridik bo‘lim o‘zi viza qo‘ygan hujjatlarning va o‘zi bergan xulosalarning qonunchilikka muvofiqligi uchun javob beradi.

5.1. Yuridik bo‘lim o‘z majburiyatlari va funksiyalari bajarilmaganligi yoki zarur darajada bajarilmaganligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.