Vazifalar

Davlat mehnat inspeksiyasi

Quyidagilar Inspeksiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:

fuqarolarning mehnat huquqlariga rioya etishni va ularni himoya qilishni, shuningdek, xavfsiz shart-sharoitlar va mehnatni muhofaza qilishni ta'minlash sohasidagi qonun hujjatlari talablariga tashkiliy-huquqiy shaklidan qat'i nazar tashkilotlar tomonidan rioya etilishini davlat tomonidan nazorat qilish;

respublikadagi mehnatni muhofaza qilish holatini, ishlab chiqarishda jarohatlanish va kasb kasalliklariga chalinish sabablarini muntazam tahlil qilish, ularni bartaraf etish yo‘llarini ishlab chiqish;

mehnat to‘g‘risidagi bitimlar va lokal hujjatlarning, ish beruvchilarning mehnat munosabatlari sohasidagi buyruqlari qonun hujjatlariga mos kelishini tizimli tahlil qilish;

mehnat munosabatlari sub'ektlarining mehnat, aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan huquqlari monitoringini va himoyasini ta'minlash;

ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish sifati bo‘yicha davlat nazoratini amalga oshirish;

nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish, jumladan ularga ijtimoiy infratuzilma ob'ektlaridan to‘sqinliksiz foydalanish, shuningdek, barcha turdagi transportlardan, transport kommunikatsiyalaridan, umumiy foydalaniladigan aloqa va axborot vositalaridan foydalanish uchun mehnat shart-sharoitlarini yaratish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi bo‘yicha davlat nazoratini amalga oshirish;

majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik va uni to‘liq bartaraf etish, shu jumladan aybdor mansabdor shaxslarni qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortish orqali bartaraf etish chora-tadbirlarining ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini manfaatdor vazirliklar, idoralar va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda tashkil etish;

mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini qo‘llash va ularga rioya etish masalalari bo‘yicha xodimlar va ish beruvchilarga, shu jumladan tadbirkorlik sub'ektlariga maslahat va uslubiy yordam berish, ishlab chiqarish jarayonida jarohat olish va baxtsiz hodisalarning oldini olishga doir profilaktika ishlarini o‘tkazish;

fuqarolarning mehnat huquqlariga rioya qilish hamda xavfsiz mehnat sharoitlarini va mehnatni muhofaza qilishni ta'minlash zarurligi to‘g‘risida yuridik va jismoniy shaxslar o‘rtasida keng axborot-tushuntirish ishlarini olib borish;

mehnat munosabatlari va mehnatni muhofaza qilish sohasidagi davlat dasturlari, normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar, shuningdek fuqarolarning munosib va xavfsiz mehnat sharoitlariga bo‘lgan huquqlarini ta'minlashga doir takliflar va chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish.

Mehnat va mehnatni muhofaza qilish sohasida yuklatilgan vazifalar va davlat nazorati predmetiga muvofiq Inspeksiya quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

1) fuqarolarning mehnat huquqlariga rioya etishni va ularni himoya qilishni, shuningdek, xavfsiz shart-sharoitlar va mehnatni muhofaza qilishni ta'minlash sohasidagi qonun hujjatlari talablariga tashkiliy-huquqiy shaklidan qat'i nazar tashkilotlar tomonidan rioya etilishini davlat tomonidan nazorat qilish:

ish beruvchilar va mansabdor shaxslarning mehnat qilish, munosib va xavfsiz mehnat sharoitlari va ishsizlikdan himoya qilishga doir konstitutsiyaviy huquqni ta'minlash maqsadida mehnat va mehnatni muhofaza qilish, aholini ish bilan ta'minlash va ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishini tekshiradi;

mehnat va mehnatni muhofaza qilish, aholi bandligi va ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish, jumladan, ularga ijtimoiy infratuzilma ob'ektlaridan to‘sqinliksiz foydalanish, shuningdek, barcha turdagi transportlardan, transport kommunikatsiyalaridan, umumiy foydalaniladigan aloqa va axborot vositalaridan foydalanish uchun mehnat shart-sharoitlarini yaratish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilmaslik holatlari ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda monitoring o‘tkazadi va ularga o‘z vaqtida ta'sir chorasini ko‘radi;

mehnat to‘g‘risidagi bitimlar va lokal hujjatlarning, ish beruvchilarning mehnat munosabatlari sohasidagi buyruqlari qonun hujjatlariga mos kelishini tahlil qiladi;

jamoa shartnomalarda va bitimlarda nazarda tutilgan majburiyatlar bajarilishini nazorat qiladi;

ish o‘rinlarining mehnat sharoitlari bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish sifatini, qisqartirilgan ish vaqtini, noqulay mehnat sharoitlarida ishlaganlik uchun qo‘shimcha yillik ta'tillar belgilashni davlat tomonidan nazorat qiladi, ekspertiza o‘tkazilishini nazorat qiladi va mehnat sharoitlari bo‘yicha ekspertiza o‘tkazadi, uning natijalari bo‘yicha tegishli xulosalar beradi;

xotin-qizlar mehnatidan foydalanish taqiqlangan noqulay mehnat sharoitlarida bajariladigan ishlar ro‘yxatini hamda og‘ir narsalarni ko‘tarishda va tashishda xotin-qizlar uchun cheklangan yuk normalari to‘g‘ri qo‘llanishi bo‘yicha davlat nazoratini amalga oshiradi;

fuqarolarning mehnat huquqlariga rioya etish va ularni himoya qilish hamda mehnatni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini kameral nazoratni o‘tkazadi;

o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar mehnatidan foydalanish taqiqlangan noqulay mehnat sharoitlarida bajariladigan ishlar Ro‘yxatini hamda o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar tomonidan ko‘tariladigan va tashiladigan og‘irlikning cheklangan normalari to‘g‘ri qo‘llanishi bo‘yicha davlat nazoratini amalga oshiradi;

mehnatni muhofaza qilish sohasida xizmatlar bozori professional ishtirokchilarining yagona reestri yuritilishini ta'minlaydi, mehnatni muhofaza qilish va mehnat xavfsizligi masalalari bo‘yicha ularning mutaxassislarini o‘qitish va attestatsiyadan o‘tkazishda ko‘maklashadi;

mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xizmatlar bozori professional ishtirokchilarining faoliyati ustidan belgilangan tartibda monitoring olib boradi va ularning faoliyatini yaxshilash, shu jumladan ular tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;

xodimlarning shaxsiy va jamoaviy himoya vositalari, ishlab chiqarish muhitini nazorat qilish uskunalari bilan to‘g‘ri ta'minlanganini, shuningdek, noqulay va alohida tusga ega bo‘lgan sharoitlarda ishlaganlik uchun xodimlarga imtiyozlar va kompensatsiyalar taqdim etilishini nazorat qiladi hamda ulardan foydalanish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘radi;

xodimlarning hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha ish beruvchilar tomonidan to‘lovlar amalga oshirilishini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nazorat qiladi;

tashkilotlardagi mehnatni muhofaza qilishga doir ishlarning mehnatni muhofaza qilish talablariga mos kelishini manfaatdor organlar bilan hamkorlikda sertifikatlashni amalga oshiradi va o‘tkazadi;

mehnat, aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish sohasidagi davlat nazoratiga muvofiq qonun hujjatlari buzilishining oldini olish va buzilgan holatlarni bartaraf etish yuzasidan zarur choralar ko‘radi;

2) respublikada mehnatni muhofaza qilish holatini, ishlab chiqarish jarayonida jarohatlanish va kasb-kasalliklariga chalinish sabablarini muntazam tahlil qilish, ularni bartaraf etish yo‘llarini ishlab chiqish:

ishlab chiqarish jarayonida jarohat olish va kasb kasalliklariga chalinish haqida axborot to‘playdi va buning sabablarini tahlil qiladi, ularni bartaraf etish yo‘llari ishlab chiqilishini ta'minlaydi;

ishlab chiqarish jarayonidagi baxtsiz hodisalarni va xodimlarning sog‘lig‘iga ular mehnat majburiyatlarini bajarishi vaqtida yetkazilgan zararni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tekshiradi;

ishlab chiqarish jarayonidagi baxtsiz hodisalar sabablarini tahlil qiladi va ularning oldini olish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

mehnat va mehnat xavfsizligi sohasida aniqlangan huquqbuzarliklarni aniqlash bo‘yicha belgilangan tartibda choralar ko‘radi.

3) mehnat to‘g‘risidagi bitimlar va lokal hujjatlarning, ish beruvchilarning mehnat munosabatlari sohasidagi buyruqlari qonun hujjatlariga mos kelishini tizimli tahlil qilish sohasida:

mehnat to‘g‘risidagi bitimlar va lokal hujjatlarning, ish beruvchilarning mehnat munosabatlari sohasidagi buyruqlari qonun hujjatlariga mos kelishini tahlil qiladi;

mehnat to‘g‘risidagi bitimlar va lokal hujjatlarning asosiy prinsiplari, ish beruvchilarning mehnat munosabatlari masalalariga doir buyruqlari qonun hujjatlariga mos kelishiga rioya etilishini nazorat qiladi;

tomonlar imzolagan tarmoq kelishuvlarni, uning ilovalarini belgilangan tartibda bildirish ro‘yxatidan o‘tkazadi;

mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi bitimlar va lokal hujjatlarning, ish beruvchilarning mehnat munosabatlari masalalariga doir buyruqlari qonun hujjatlariga mos kelmasligi aniqlanganda xulosalar beradi;

4) mehnat munosabatlari sub'ektlarining mehnat, aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan huquqlari monitoringini va himoyasini ta'minlash sohasida:

mehnat munosabatlari sub'ektlari, shu jumladan kasanachilik shartlari asosida mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi xodimlar hamda shaxsiy tomorqa, dehqon va fermer xo‘jaliklarida band bo‘lgan shaxslarning mehnat huquqlari himoyasini ta'minlaydi;

mehnat va mehnatni muhofaza qilish, aholi bandligi va ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilganligi aniqlangan holatlar yuzasidan ularga barham berish va ularning yuzaga kelishiga ko‘maklashadigan shart-sharoitlarni bartaraf etish uchun huquqiy tartibga solish choralarini ko‘radi;

mehnat va mehnatni muhofaza qilish, aholi bandligi va ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida kasaba uyushmalariga va xodimlarning boshqa vakillik organlariga berilgan huquqlarni amalga oshirishda ko‘maklashadi, shuningdek, ularga ish beruvchilar rioya etishini nazorat qiladi;

o‘tkazilgan tekshiruvlar natijalariga ko‘ra, mehnat xavfsizligi talablariga javob bermaydigan va xodimlarning sog‘lig‘i yoki hayotiga xavf soladigan tashkilotlar (uning ayrim bo‘linmalari) faoliyatini yoki ishlab chiqarish vositalaridan foydalanishni ular mehnat xavfsizligi talablariga muvofiqlashtirilganiga qadar 10 kundan ortiq bo‘lmagan muddatga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda to‘xtatib turadi;

mehnat va mehnatni muhofaza qilish sohasidagi davlat nazoratiga muvofiq qonun hujjatlari buzilishiga doir jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini, zarur bo‘lsa, joyning o‘ziga borib ko‘rib chiqadi;

mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishiga doir da'volar, shuningdek, ishlab chiqarish jarayonida xodimlar hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplash masalalari yuzasidan sudda ekspertlar sifatida ishtirok etadi;

5) ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish sifati bo‘yicha davlat nazoratini amalga oshirish sohasida:

mehnat sharoitlari bo‘yicha ekspertiza o‘tkazilishini nazorat qiladi va ularning natijalari bo‘yicha xulosalar beradi;

ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari va asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazuvchi yuridik shaxslarni akkreditatsiyadan o‘tkazadi, shuningdek ularning mutaxassislarini mehnatni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha o‘qitadi va attestatsiyadan o‘tkazadi;

6) nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish, jumladan ularga ijtimoiy infratuzilma ob'ektlaridan to‘sqinliksiz foydalanish, shuningdek, barcha turdagi transportlardan, transport kommunikatsiyalaridan, umumiy foydalaniladigan aloqa va axborot vositalaridan foydalanish uchun mehnat shart-sharoitlarini yaratish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini davlat tomonidan nazorat qilish sohasida:

tashkilotlarning nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishini o‘z vakolatlari doirasida tekshiradi;

tashkilotlarning nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy infratuzilma ob'ektlaridan to‘sqinliksiz foydalanish, shuningdek, barcha turdagi transportlardan, transport kommunikatsiyalaridan, umumiy foydalaniladigan aloqa va axborot vositalaridan foydalanish uchun mehnat shart-sharoitlarini yaratishi bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘radi;

ijtimoiy infratuzilma ob'ektlaridan to‘sqinliksiz foydalanish, shuningdek barcha turdagi transportlardan, transport kommunikatsiyalaridan, umumiy foydalaniladigan aloqa va axborot vositalaridan foydalanish uchun mehnat shart-sharoitlarini yaratish masalalari yuzasidan ommaviy axborot vositalarida axborot-tushuntirish ishlarini tashkil etadi va o‘tkazadi;

nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini belgilangan tartibda ishlab chiqish, muvofiqlashtirish va tasdiqlashda ishtirok etadi;

7) majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik va uni to‘liq bartaraf etish, shu jumladan aybdor mansabdor shaxslarni qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortish orqali bartaraf etish chora-tadbirlarining ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini manfaatdor vazirliklar, idoralar va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda tashkil etish sohasida:

manfaatdor vazirliklar, idoralar va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik va uni butunlay bartaraf etish, shu jumladan aybdor shaxslarni qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortish orqali bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkil etadi;

biror-bir shaklda majburiy mehnatdan foydalanish bilan bog‘liq xavf-xatarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish orqali xodimlarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlash yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari normalari ijrosini nazorat qiladi;

xodimlarning muayyan toifalari (xotin-qizlar, voyaga yetmaganlar, oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'lim muassasalari talabalari, nogironligi bo‘lgan shaxslar, Qurolli Kuchlar safidan bo‘shatilgan shaxslar) uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan mehnat huquqlari hamda kafolatlariga rioya etilishini nazorat qiladi;

majburiy mehnatdan foydalanish va kamsitish yuzasidan aniqlangan har bir holat bo‘yicha huquqiy tartibga solish choralarini ko‘radi hamda qonunbuzarlik holatlari to‘g‘risida davlat hokimiyatining tegishli organlarini xabardor qiladi;

8) mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini qo‘llash va ularga rioya etish masalalari bo‘yicha xodimlar va ish beruvchilarga, shu jumladan tadbirkorlik sub'ektlariga maslahat va uslubiy yordam berish, ishlab chiqarish jarayonida jarohat olish va baxtsiz hodisalarning oldini olishga doir profilaktika ishlarini o‘tkazish:

Inspeksiya vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan amaliy, konsultativ va uslubiy yordam ko‘rsatish uchun ishonch telefonlari joriy etilishini va ishlab turishini ta'minlaydi;

ishonch telefon raqamlariga kelib tushgan muammoli masalalar yuzasidan statistik hisobot yuritadi, ularni tahlil qiladi hamda muammoli va salbiy omillarni bartaraf etish yuzasidan, shu jumladan inspektorlar faoliyati bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

9) fuqarolarning mehnat huquqlariga rioya qilish hamda xavfsiz mehnat sharoitlarini va mehnatni muhofaza qilishni ta'minlash zarurligi to‘g‘risida yuridik va jismoniy shaxslar o‘rtasida keng axborot-tushuntirish ishlarini olib borish sohasida:

vazirlikning rasmiy saytida mavzuga doir sahifalar yuritilishini ta'minlaydi, elektron bukletlar va metodik axborot, shu jumladan majburiy mehnatga va mehnat munosabatlari sohasidagi kamsitishlarga yo‘l qo‘ymaslik va unga to‘liq chek qo‘yish bo‘yicha ko‘rgazmali axborot joylashtiradi, ishlab chiqarish jarayonida jarohat olish va baxtsiz hodisalarning oldini olishga doir profilaktika ishlarini o‘tkazadi;

xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, tashkilotlar va aholi uchun treninglar hamda davra suhbatlari o‘tkazadi;

mehnatga oid huquqiy munosabatlar va mehnat to‘g‘risidagi, mehnatni muhofaza qilish, aholi bandligi, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish, jumladan, ularga ijtimoiy infratuzilma ob'ektlaridan to‘sqinliksiz foydalanish haqidagi qonun hujjatlarini qo‘llash masalalari yuzasidan ommaviy axborot vositalarida va aholi o‘rtasida axborot-tushuntirish ishlari o‘tkazadi;

10) mehnat munosabatlari va mehnatni muhofaza qilish sohasidagi davlat dasturlari, normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar, shuningdek fuqarolarning munosib va xavfsiz mehnat sharoitlariga bo‘lgan huquqlarini ta'minlashga doir takliflar va chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish sohasida:

mehnat va mehnatni muhofaza qilish, aholini ish bilan ta'minlash va ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruvlar va monitoring materiallarini tahlil qiladi hamda umumlashtiradi;

huquqni qo‘llash amaliyoti bo‘yicha aniqlangan muammoli jihatlar va ularni bartaraf etish to‘g‘risida tegishli axborot tayyorlaydi hamda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziriga taqdim etadi;

mehnat va mehnatni muhofaza qilish, aholi bandligiga doir amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni va xodimlarning mehnat huquqlari va manfaatlariga rioya etilishini va himoyasini, ularning ishlash jarayonida mehnat shart-sharoitlarini va xavfsizligini ta'minlashga doir mehnat huquqi normalarini o‘z ichiga olgan boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni tahlil qiladi, zarur bo‘lganda, qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar yuzasidan takliflar kiritadi;

mehnat va mehnatni muhofaza qilish, aholi bandligi va ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;

mehnatni muhofaza qilishga doir davlat dasturlari va boshqa dasturlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;

mehnat va mehnatni muhofaza qilish, aholi bandligi va ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini va hujjatlarni belgilangan tartibda ishlab chiqishda ishtirok etadi;

Xalqaro mehnat tashkiloti konvensiyalarini milliy qonun hujjatlariga implementatsiya qilish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar, shu jumladan Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlik qiladi.

Inspeksiya qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.