Nizom

Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasining tashqi mehnat migratsiya tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2018-yil 5-iyuldagi PQ-3839-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb ataladi) mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.

Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Xorijiy davlatlar hududida favqulodda vaziyatlar oqibatida jabrlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga yordam ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida» 2018-yil 18-martdagi 206-son qarorida nazarda tutilgan holatlar va qoidalarga tatbiq etilmaydi.

2. Jamg‘arma yuridik shaxs hisoblanadi, mustaqil balansiga, bank hisobraqamiga, shu jumladan xorijiy valyutadagi hisobraqamga, ramziga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan shtamplari, blanklari va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhriga va boshqa rekvizitlarga ega.

3. Jamg‘arma xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni huquqiy, ijtimoiy himoya qiladi va ularga moddiy yordam ko‘rsatadi.

2-bob. Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish tartibi

4. Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratiladigan beg‘araz moliyaviy yordam;

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan tuzilgan litsenziya bitimi doirasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga yuboruvchi tashkilotlarning ellik ming AQSh dollari miqdoridagi mablag‘larini zaxiralash, bunda zaxiralangan summa sarflab yuborilgan taqdirda mablag‘larni to‘ldirish, shuningdek, fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish huquqi uchun litsenziyaning amal qilishi tugatilgan va bekor qilingan taqdirda, mablag‘larni qaytarish sharti belgilab qo‘yiladi;

Jamg‘armaning tijorat banklari depozitlaridagi vaqtincha bo‘sh mablag‘larini joylashtirishdan olinadigan daromadlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya mablag‘lari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

5. Xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning grantlari, jismoniy va yuridik shaxslar, xayriya jamg‘armalari, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining ixtiyoriy xayriya mablag‘lari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Jamg‘arma hisobraqamlariga tushadi, xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning tartib-taomillarida yoki xorijiy grantlarni taqdim etish shartlarida boshqa tartib belgilangan hollar bundan mustasno.

3-bob. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish tartibi

6. Jamg‘arma mablag‘laridan quyidagi xarajatlarni moliyalashtirish uchun foydalaniladi:

xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida zo‘ravonlikka, majburiy mehnatga va tahqirlanishga duchor bo‘lgan, mehnat va boshqa huquqlari buzilgan, murakkab moliyaviy ahvolga tushib qolgan va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarisiz, mablag‘larsiz qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini huquqiy va ijtimoiy himoya qilish hamda ularga moddiy yordam ko‘rsatish;

mehnat migratsiyasida bo‘lgan vaqtda jarohat olishi, baxtsiz hodisaga uchrashi, og‘ir kasallikka chalinishi tufayli tibbiy yordam talab etilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga mehnat migranti mablag‘lari yoki tibbiy sug‘urta hisobidan ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar qiymatini to‘lash imkoni bo‘lmaganda tibbiy xizmat ko‘rsatish;

mehnat migratsiyasida bo‘lgan vaqtda vafot etgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining jasadlarini, shuningdek, xorijda mehnat faoliyati vaqtida mayib bo‘lgan yoki og‘ir jarohat olgan fuqarolarni olib kelish;

avval uyushgan holda tanlash doirasida xorijga ishga yuborilgan va borgan mamlakatning qonun hujjatlarini buzishi natijasida chiqarib yuborilgan (deportatsiya qilingan) O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini qaytarish, keyinchalik to‘langan mablag‘larni mazkur shaxslar hisobidan qoplash, shuningdek, xorijiy ish beruvchilar tomonidan ishga joylashtirish bo‘yicha kelishilgan sharoitlar bilan ta'minlanmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini qaytarish;

mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ketayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini ketish oldidan moslashtirish, kasbga tayyorlash, ularga chet tillarni o‘qitish va chet tillarni bilishini imtihon qilish, ularning kasbiy malakasini tasdiqlash markazlarini respublika hududlarida tashkil etish va jihozlash;

fuqarolarni xorijda uyushgan holda ishga joylashtirishni kengaytirish, noqonuniy mehnat migratsiyasining oldini olish masalalariga doir axborot-ma'rifiy tadbirlar o‘tkazish;

xorijda Agentlik vakolatxonalarini tashkil etish va jihozlash;

xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ish bilan ta'minlanishining ular ishga joylashgan joylarga borish orqali monitoringini yuritish.

7. Ushbu Nizomning 6-bandida ko‘rsatilgan xarajatlar uchun Jamg‘arma mablag‘laridan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasining Mablag‘lar sarfini tashkil etish sxemasiga muvofiq ushbu Nizomga ilovaga binoan tasdiqlangan yo‘nalishlarga asosan foydalaniladi.

Ushbu Nizom 6-bandining ikkinchi — beshinchi xatboshlarida ko‘rsatilgan xarajatlarni tez va shoshilinch moliyalashtirish zarurati yuzaga kelsa, Agentlik vakolatxonasi va Agentlik xarajatlarni belgilangan limit doirasida mustaqil moliyalashtirish vakolatiga ega. Shoshilinch xarajatlarni moliyalashtirish uchun Agentlik vakolatxonasiga Agentlikning har bir vakolatxonasi uchun belgilanadigan umumiy limit doirasida korporativ bank kartasi ochiladi.

Agentlik vakolatxonasi Jamg‘arma mablag‘laridan ushbu Nizomning 6-bandi ikkinchi — beshinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan yo‘nalishlarda foydalanishda Agentlik hamda Jamg‘arma Ijro etuvchi direksiyasi bilan kelishgan holda, boradigan mamlakatning qonun hujjatlari bilan vakolat berilgan ixtisoslashtirilgan tashkilotlarni, Agentlik vakolatxonalarini, shu jumladan marosim xizmatlarini ko‘rsatuvchi agentliklar, transport va logistika kompaniyalari, tibbiyot muassasalari, sug‘urta kompaniyalari, yuridik xizmat ko‘rsatadigan tashkilotlar, huquqni himoya qilish tashkilotlari hamda boshqa tashkilotlarni Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanishning yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlari bo‘yicha xizmat ko‘rsatish uchun shartnoma asosida jalb qilish huquqiga ega.

Agentlik tasdiqlangan hujjatlar asosida ushbu Nizomning 6-bandida ko‘rsatilgan xarajatlarni qoplash maqsadida Jamg‘arma mablag‘larini olish uchun talabnoma rasmiylashtiradi va uni Jamg‘armaning Ijro etuvchi direksiyasiga yuboradi.

Jamg‘armaning Ijro etuvchi direksiyasi Agentlikning taqdim etilgan talabnomalari bo‘yicha xarajatlarni maqsadli transhlar bilan moliyalashtiradi.

8. Jamg‘arma mablag‘laridan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini yuborgan tashkilotlar (keyingi o‘rinlarda Yuboruvchi tashkilot deb ataladi) aybi bilan yuzaga kelgan va ushbu Nizomning 6-bandi ikkinchi — beshinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan xarajatlar uchun foydalanilsa, Jamg‘armaning foydalanilgan mablag‘lari Yuboruvchi tashkilotlarning Jamg‘armada zaxiralangan mablag‘lari hisobidan qoplanishi lozim.

Jamg‘arma xarajatlarini Yuboruvchi tashkilotlarning zaxiralangan mablag‘lari hisobidan qoplash to‘g‘risidagi qaror Ijro etuvchi direksiya taqdimnomasiga binoan Jamg‘arma Kengashi tomonidan qabul qilinadi.

Yuboruvchi tashkilot zaxiralangan summadan foydalanilgan mablag‘larni bir hafta muddatda qoplashi shart.

9. Jamg‘arma Ijro etuvchi direksiyasini saqlash, shu jumladan xodimlar mehnatiga haq to‘lash, asosiy vositalar, inventar xarid qilishga sarflanadigan xarajatlar, xonalarni, aloqa vositalari va axborot-kommunikatsiya uskunalarini saqlash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, xo‘jalik xarajatlari va boshqa xarajatlar Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Jamg‘armaning Ijro etuvchi direksiyasi xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xodimlari uchun nazarda tutilgan mehnatga haq to‘lash shartlari tatbiq etiladi.

10. Kelgusi yil uchun xarajatlarning oyma-oy bo‘lib chiqilgan prognoz smetasi Jamg‘arma Kengashi tomonidan tasdiqlanadi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

11. Joriy yilda Jamg‘armaning foydalanilmagan mablag‘lari qoldiqlari keyingi moliya yiliga o‘tadi va keyingi yilga mo‘ljallangan xarajatlar smetasini tuzishda hisobga olinadi.

4-bob. Jamg‘arma faoliyatini tashkil etish va mablag‘larini boshqarish

12. Jamg‘armaning Kuzatuv kengashi (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma Kengashi deb ataladi) Jamg‘arma oliy boshqaruv organi hisoblanadi.

Jamg‘arma Kengashi:

Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanishning asosiy yo‘nalishlarini, Jamg‘arma daromadlari va xarajatlari balansining prognoz parametrlarini har yili ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi;

Jamg‘arma faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlarini amalga oshirish uchun ajratiladigan mablag‘lar hajmlarining foiz nisbatini belgilaydi;

Jamg‘arma mablag‘larining daromadlar va xarajatlar smetalarini tasdiqlaydi, zarur hollarda tasdiqlangan smetalarga tegishli o‘zgartirishlar kiritadi, daromadlarni shakllantirish va mablag‘larning maqsadli taqsimlanishini ta'minlash yuzasidan Jamg‘arma faoliyatini nazorat qiladi;

Jamg‘arma faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarni muntazam ravishda eshitadi va tasdiqlaydi;

Jamg‘arma faoliyatini takomillashtirish va monitoringi samaradorligini oshirish, Jamg‘arma mablag‘larini moliyalashtirishni tashkil etish va maqbullashtirish mexanizmlarini yaxshilash to‘g‘risida takliflar tayyorlaydi;

Jamg‘arma faoliyati bilan bog‘liq boshqa funksiyalarni bajaradi.

Jamg‘arma Kengashining qarorlari ochiq ovoz berish orqali oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi

13. Jamg‘arma mablag‘lari Jamg‘armaning Ijro etuvchi direksiyasi tomonidan boshqariladi.

14. Jamg‘armaning Ijro etuvchi direksiya:

Jamg‘arma Kengashiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi rahbariyatiga tasdiqlash uchun Jamg‘arma daromadlari va xarajatlari bo‘yicha oyma-oy hisobot kiritadi;

yuboruvchi tashkilotlarning sug‘urta depoziti shaklidagi pul mablag‘larini qabul qiladi hamda ular bo‘yicha hisob va hisobot yuritadi;

ushbu Nizomning 6-bandida nazarda tutilgan vazifalar moliyalashtirilishini ta'minlaydi;

aholini va yuboruvchi tashkilotlarni tashqi mehnat migratsiyasi masalalari yuzasidan axborot bilan ta'minlash bo‘yicha choralar ko‘radi;

tashqi mehnat migratsiyasi jarayonlarida fuqarolar ishtirokini hisobga olish bo‘yicha axborot-kompyuter tizimlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi.

Ijro etuvchi direksiya Jamg‘arma faoliyatining asosiy yo‘nalishlariga, shuningdek, Jamg‘arma Kengashi qarorlari va O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham bajarishi mumkin.

15. Ijro etuvchi direksiya o‘z zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish uchun:

Jamg‘arma faoliyatining asosiy yo‘nalishlarida nazarda tutilgan xarajatlarni moliyalashtirish;

yuboruvchi tashkilot aybi bilan mehnat migrantlarining huquqlari va manfaatlari buzilgan hollarda yuzaga kelgan oqibatlarni bartaraf etish uchun yuboruvchi tashkilotning Jamg‘armada zaxiralangan sug‘urta depoziti mablag‘laridan akseptsiz foydalanish va bu haqida akseptsiz foydalanishdan keyin bir ish kunidan kechikmasdan yuboruvchi tashkilotni xabardor qiladi;

zarurat bo‘lsa, shakllantirilgan ustav kapitali va zaxira mablag‘larini Jamg‘armaning maxsus hisobraqamiga o‘tkazish to‘g‘risidagi hujjatlarni (ma'lumotnomalarni) yuboruvchi tashkilotlardan so‘rash va olish;

Jamg‘arma faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritish, o‘z vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan uslubiy xulosalarni ishlab chiqish huquqiga ega.

16. Ijro etuvchi direksiyaga O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan Ijro etuvchi direktor rahbarlik qiladi.

17. Ijro etuvchi direktor:

Jamg‘arma faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi;

Ijro etuvchi direksiya xodimlarini ishga qabul qiladi va ular bilan mehnat shartnomalarini bekor qiladi, ularning lavozim majburiyatlari va vakolatlarini taqsimlaydi;

vakolatlari doirasida yuridik shaxslar bilan shartnomalar tuzadi;

Jamg‘arma pul mablag‘lari va moddiy qimmatliklarining buxgalteriya hisobi yuritilishini, moliyaviy va statistika hisoboti belgilangan tartibda tuzilishini va taqdim etilishini tashkil etadi;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni va vakolatlarni amalga oshiradi.

18. Ijro etuvchi direksiya Jamg‘arma Kengashi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga hisobot beradi.

5-bob. Jamg‘arma mablag‘larini hisobga olish, ular bo‘yicha hisobot tuzish va ulardan foydalanishni nazorat qilish

19. Mablag‘larni shakllantirish va ularning Jamg‘armaga tushishini prognoz qilish bo‘yicha hisobni yuritish va hisobot tuzish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Ijro etuvchi direksiya tomonidan amalga oshiriladi.

20. Ijro etuvchi direksiya Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi hisobotlarni (elektron va qog‘oz shaklida), O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shakllar bo‘yicha xarajatlar smetasi parametrlarini bajarish ko‘rsatkichlarini Jamg‘arma Kengashiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga hisobot davridan keyingi oyning 10 sanasidan kechikmay har oyda taqdim etadi.

21. Jamg‘armaga mablag‘lar to‘liq va o‘z vaqtida tushishi Ijro etuvchi direksiya tomonidan nazorat qilinadi.

22. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanishni nazorat qilish Jamg‘arma Kengashiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga yuklanadi.

23. Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli foydalanish uchun javobgarlik Ijro etuvchi direksiyaga yuklanadi.

6-bob. Yakunlovchi qoidalar

24. Jamg‘arma faoliyati doirasida, shu jumladan Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanishda yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

25. Mazkur Nizom talablarini buzishda aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.

26. Jamg‘arma qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi.