O'zbekistonda ish topish

Mehnat qilayotgan har birimiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri korxona, idora, tashkilotlarga, xususiy dehqon (fermerlik) xo‘jaliklariga, boshqa ish beruvchilarga murojaat etish yoki davlat bandlik xizmati (Bandlikka ko‘maklashish markazlari)ning bepul vositachiligi orqali ish joyini erkin tanlash huquqiga ega.

Ish izlovchilarga qulaylik yaratish maqsadida Bandlikka ko‘maklashish markazlari yurtimizning barcha hudud, shahar va tumanlari bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma'lumotlarni jamlab, har oyda ish.mehnat.uz veb saytida e'lon qilib bormoqda. Saytda 5000 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma'lumot mavjud.

Saytning Interaktiv xizmatlar bo‘limida o‘zingizga mos ishga taklif va ishga joylashishda yordam olishingiz, shu jumladan, o‘rindoshlik asosida ham ish boshlashingiz mumkin. Rezyumengizni saytga joylashtirib, bevosita ish beruvchiga yuborishingiz mumkin. Ish qidirish va topish jarayonida qulaylik yaratish maqsadida bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma'lumotlar hudud, shahar va tumanlar kesimida havola etilgan. Ishga joylashish bo‘yicha shaxsiy yordamchi o‘zingizga mos bo‘lgan ishni topishda yordam beradi.

Axborot xizmatlari bo‘limida murojaat yo‘llashingiz va kerakli ma'lumot olishingiz mumkin. Bandlik xizmatlari xaritasida Mehnat vazirligining barcha hududiy bo‘linmalari bilan bog‘lanish uchun ma'lumotlar joylashtirilgan.

Ochiq ma'lumotlar bo‘limida mehnat bozoridagi vaziyat, bo‘sh ish o‘rinlari va mehnat sohasiga oid boshqa masalalar haqida ma'lumotlar mavjud.