“Zamonaviy sharoitlarda mehnatni tashkil etish va normallashtirish: teoriya va amaliyot” mavzusida ikki kunlik xalqaro konferensiya boshlandi
Bugun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida “Zamonaviy sharoitlarda mehnatni tashkil etish va normalashtirish: teoriya va amaliyot” mavzusida xalqaro konferensiya o’tkazildi.
Tadbirda vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muxitdinov, MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – MDH ijrochi kotibi Sergey Lebedev, Belarus Respublikasi Mehnat va ijtimoiy muhofaza vazirining birinchi o‘rinbosari Nataliya Pavlyuchenko, Ozarbayjon Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri o‘rinbosari Anar Kerimov, shuningdek, Xalqaro mehnat tashkilotining Moskva shahridagi byurosi direktori o‘rinbosari Mixail Pushkin ishtirok etdi.
Shundan so‘ng, MDH mintaqasi mehnat vazirliklari ekspertlari tomonidan sohaga doir amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida batafsil axborot berildi.
Bunda, mehnatni normalashtirish barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash hamda ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini va sifatini oshirishda muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.
Mazkur sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish maqsadida MDH ishtirokchi-davlatlarida mehnat standartlarini tashkil etish va belgilash, mehnat xavfsizligi va salomatligini ta’minlash, shuningdek, mehnat unumdorligini oshirish tizimi, metodologiyasi va mexanizmini ishlab chiqishda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni faollashtirish masalalari muhokama qilindi.
Xalqaro konferensiya ikki kun bo’lib, 9-noyabrda tadbir yakunlari bo‘yicha maxsus Rezolyutsiya imzolanishi rejalashtirilgan. Mazkur Rezolyutsiyada mehnatni tashkil etish va normalashtirish tizmini, metodologiyasi va mexanizmlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha o‘zaro munosabatlarni yanada mustahkamlash, bunda, mehnatni normalashtirish sohasida mutaxassislarni tayyorlash, ularning malakasini oshirish yo‘nalishlarida hamkorlikda o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.