“Yoshlar – 2020: global birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” Samarqand veb-forumi
O‘zbekistonning yoshlari – mamlakatni modernizasiya qilishga qaratilgan jadal va keng ko‘lamli islohotlarning harakatlantiruvchi kuchi sifatida muhim rol o‘ynaydi.
Joriy yilning 12-avgust kuni “Yoshlar – 2020: global birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusida Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand veb-forumi o‘tkazildi. Keng ko‘lamli xalqaro videokonferensiya O‘zbekiston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazi, BMTning O‘zbekistondagi jamoasi, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda Fridrix Ebert fondi tomonidan tashkil etildi.
Mazkur konferensiyada Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.Xusanov va vazirlikning markaziy apparati xodimlari ishtirok etdilar.
Dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand veb-forumi ishtirokchilariga Murojaatnomasini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva o‘qib eshittirdi.
Bugungi kunda intellektual va ma’naviy yetuk, tashabbuskor yoshlar barqaror taraqqiyotning yetakchilaridir.
Aholisining yarmidan ziyodini yoshlar tashkil etadigan O‘zbekistonda ularning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan.
Xalqaro anjuman ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan BMTning 72-sessiyasida taklif qilgan xalqaro tashabbuslar doirasida ishlab chiqilgan Yoshlar huquqlari bo‘yicha xalqaro konvensiya loyihasini qizg‘in muhokama qildilar.