YAGONA MILLIY MEHNAT TIZIMI VA UNING AHAMIYATI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 31 oktyabrdagi “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4502-son qarori ijrosini ta’minlash hamda mehnat munosabatlari va kadrlar bilan ish yuritishda zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 31 oktyabrdagi “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi joriy qilinishi va uning ishlashini ta’minlashga doir tashkiliy chora tadbirlar to‘g‘risida”gi 971-sonli qarori qabul qilingan bo‘lib, mazkur qarorning 3-bandida 2020 yil 1 yanvardan boshlab yangi mehnat shartnomalarini tuzish, amaldagi mehnat shartnomalariga o‘zgartirish kiritish, shuningdek, ularni tugatish holatlarini “YAMMT” IDAKda majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi joriy etilgan, 2020 yil 1 yanvarga qadar tuzilgan amaldagi mehnat shartnomalari 2020 yil 1 sentyabrdan kechiktirmasdan “YAMMT” IDAKda ro‘yxatdan o‘tkazilishi shartligi, Mehnat shartnomalarini “YAMMT” IDAKda ro‘yxatdan o‘tkazish belgilangan tartibda ish beruvchi tomonidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.
Shu vaqtga qadar ushbu qaror ijrosi yuzasidan viloyat bandlik bosh boshqarmasi tomonidan viloyatimizda mavjud 18 371 ta korxona va tashkilotlarning 15 031 tasi ro‘yxatdan o‘tkazilib, ularda ishlovchi 153 848 nafar xodimlardan 142 510 nafarining mehnat faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar dasturga kiritildi. Idoralar va boshqa tashkilotlarning mas’ul xodimlari uchun tuman va shaharlarda yagona milliy mehnat tizimidan foydalanish, shu jumladan, elektron mehnat daftarchasi va elektron mehnat shartnomasini yuritish yo‘l-yo‘riqlarini o‘rgatish bo‘yicha bir qator seminarlar tashkil etildi. Ayni kunlarda mazkur jarayon keng ko‘lamda davom etmoqda.
Ushbu dastur yaratilishidan ko‘zlangan asosiy maqsad kelgusida fuqarolarimiz pensiyaga chiqish davrida ovvoragarchiliklarga duch kelishining olidini olish hamda axbort texnologiyalari asrida respublika miqyosida ish bilan band bo‘lgan fuqarolar to‘g‘risida umumiy aniq ma’lumotlarga ega bo‘lishdir.
Shuningdek kadrlar bilan ishlovchi mutaxassislar uchun maxsus telegramm guruhi (Sirdayo.viloyati.my.mehnat.uz) tashkil etilgan bo‘lib, u orqali muntazam ravishda murojaatlar qabul qilinib, zarur hollarda elektron mehnat shartnomasini to‘ldirish, elektron mehnat daftarchasini yuritish yuzasidan yo‘l-yo‘riqlar berilmoqda.
Mazkur qaror talablarini o‘z vaqtida bajarmaslik natijasida yuzaga keladigan mehnat qonunchiligi talablarining buzilishi holatlari kuzatilganda O‘zbekiston Respublikasining “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksi 49-moddasiga asosan qonunda belgilangan tartibda javobgarlik choralari ko‘rilishi mumkinligi hamda joriy yilning 1 sentyabridan dasturga xodimlarning mehnat faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni eski davr bilan kiritish cheklanishi to‘g‘risida ogohlantiramiz.
Fuqarolar yoki xodimlarda ushbu masalaga doir muammo va kamchiliklar yuzasidan savollar tug‘ilgan taqdirda Sirdaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasiga, yoki tuman (shahar) Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga murojaat qilishlari, shuningdek, (67)-236-86-03, (78)-221-10-28 raqamli texnik qo‘llab-quvvatlash xizmatiga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin.