XOTIN-QIZLAR VA YOSHLAR MASALALARI BO‘YICHA YANGI ISH TIZIMI

09.10.2020

Toshkent shahri Mirobod tumanida Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari xodimlaridan iborat ishchi guruhi tuzilgan holda tumandagi 39 ta mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi 3448 ta moddiy yordam va ko‘makga muhtoj oilalarning ro‘yxatiga kiritilgan («Temir daftar»dagi) oilalar ahvoli uyma-uy yurib o‘rganilmoqda.

Joriy yilning 8 oktyabr kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari E.Muxitdinov “Yangi Mirobod” mahalla fuqarolar yig‘inida yordam va ko‘makga muhtoj oilalarga ko‘rsatilayotgan bandlik sohasidagi davlat xizmatlari natijadorligi bilan tanishdi.

Jumladan, mahalla hududida istiqomat qilayotgan moddiy yordam va ko‘makga muhtoj («Temir daftar»dagi) fuqarolar xonadonlariga borib suhbatlashdi. Xususan, ishsiz fuqaro Nilufar Xidirova haq to‘lanadigan jamoat ishiga jalb qilindi, Yelizaveta Dovudovaga “Ishga marhamat” mono-markazida “sartaroshlik” kasbini o‘rganish uchun yo‘llanma berildi.

Mirobod tumanida 2020 yil yanvar-sentyabr oylarida moddiy yordam va ko‘makga muhtoj («Temir daftar»dagi) oilalarning 3091 nafar mehnatga layoqatli ishsiz a’zolarining bandligi ta’minlangan.

Mirobod tumani hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi, Mahalla va oila bo‘limi, Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi va boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda tumandagi har bir mahalla kesimida “yoshlar daftari” va “ayollar daftari” ni shakllantirish hamda ro‘yxatga olingan fuqarolar bilan manzilli ishlash tizimini yo‘lga qo‘yish belgilab olindi.