XORIJDA ISHLAB KELGAN YANA 31 NAFAR MEHNAT MIGRANTI VA 16 NAFAR MEHNAT INSPEKTORLARIGA SERTIFIKATLAR TOPSHIRILDI

30.10.2020

Toshkent Xalqaro Vestminster universitetida YEXHTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda xorijda ishlab kelgan mehnat migrantlarini tadbirkorlikka o‘qitish, ichki mehnat bozoriga reintegrasiya qilish masalalari bilan ishlovchi mehnat organlariga metodik ko‘nikmalarni berish yuzasidan qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etilgan edi.

Bugun o‘quv kurslarini tamomlagan xorijda ishlab kelgan yana 31 nafar mehnat migranti va 16 nafar mehnat inspektorlariga sertifikatlar topshirildi.

Sertifikat topshirish marosimida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining mas’ul xodimlari, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori – missiya rahbari o‘rinbosari Xans-Ulrix Im janoblari ishtirok etdi.

Prezidentimizning 2020 yil 15 sentyabrdagi “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migrasiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan xorijda ishlab, yuqori malaka orttirib qaytgan mehnat migrantlarining tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ular bilan manzilli ishlaydigan, moliyaviy ko‘maklashadigan tizim yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida xorijdan qaytgan mehnat migrantlarini tadbirkorlikka o‘qitish, ularga o‘z biznesini tashkil etish uchun bank kreditlarini ajratish orqali moliyaviy qo‘llab-quvvatlash ishlari tizimli ravishda tashkil etiladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2021 yilda 1,5 mingdan ortiq mehnat migrantini tadbirkorlikka o‘qitish rejalashtirilmoqda.

Maqsad – xorijdan qaytgan, pandemiya sababli chet elga keta olmayotgan fuqarolarni o‘z tadbirkorligini boshlashlariga ko‘maklashish orqali yangi ish o‘rinlari yaratishdir.
Ma’lumot uchun, o‘quv kurslariga jami 150 nafar tinglovchi, jumladan, 100 nafar mehnat migrasiyasidan qaytib kelgan fuqarolarni jalb etish ko‘zda tutilgan.
Xalqaro toifadagi trenerlar ishtirokida olib borilayotgan o‘quv kursini tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlar – trener jalb qilish, 3 mahal ovqatlanish, yotoq joy YeXHTning grand mablag‘lari hisobidan qoplab berilmoqda.

O‘quv dasturi bo‘yicha kurslar 19 oktyabr kunidan boshlangan bo‘lib, shu kunga qadar 93 nafar fuqaro tadbirkorlikka o‘qitildi.