XITOY QISHLOQLARIDA KAMBAGʻALLIKNI QISQARTIRISHDA NIMALARGA E’TIBOR QARATILGAN?

19.04.2023

XITOY QISHLOQLARIDA KAMBAGʻALLIKNI QISQARTIRISHDA NIMALARGA E’TIBOR QARATILGAN?

Fuping okrugidagi Luotovan hamda Guszyatay qishloqlariga mamlakat rahbarining tashrifidan so‘ng butun Xitoy bo‘ylab aholini qashshoqlikdan chiqarish bo‘yicha islohot boshlandi.

Luotovan qishlog‘ida 295 ta xonadonda 582 nafar aholi istiqomat qilgan hamda o‘sha davrda 189 ta oila, ya’ni, 447 nafar aholi qashshoqlikda kun kechirgan.
Xuddi shunday Guszyatay qishlog‘ida ham 152 xonadonda 358 nafar aholi istiqomat qilib, shundan 110 ta xonadon (270 nafar aholi) kambag‘al oila sifatida ro‘yxatga olingan. Qashshoqlik darajasi 75 foizni tashkil etgan.
Avvalo, mazkur qishloqlarda aholining daromadini oshirish, kiyim-kechak va yetarli oziq-ovqat bilan ta’minlash, shuningdek, aholining ta’lim olishi, davolanishi va uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha dastur ishlab chiqilgan.
Unga ko‘ra barcha infratuzilma ob’yektlarini qurish va ta’mirlash bilan bog‘liq masalalar davlat tomonidan to‘liq hal etib berilgan.
Xususan, yo‘l, kommunikasiya tarmoqlaridan tashqari poliklinika, madaniyat uyi, kutubxona, kechayu kunduz xizmat ko‘rsatuvchi bank shaxobchasi, jamoat hojatxonalari, axlat tozalash inshootlari tashkil etilgan, aloqa tayanch stansiyalari, kommunal xizmat ko‘rsatish ob’yektlari har tomonlama yaxshilangan.
Shundan so‘ng kambag‘al oilalarning ehtiyoji o‘rganilib, yashash sharoiti og‘ir bo‘lgan oilalar order asosida yangi uy-joy bilan ta’minlangan.
Aholining eski uy-joylari turistik kompaniyalarga ijaraga berilgan.
Aholiga tog‘ yon bag‘ridan foydalanishga berilgan yer maydonlari quyosh panellarini o‘rnatish, samarasiz foydalanayotgan yerlarda agroparklar tashkil etish uchun tadbirkorlarga ikkilamchi ijaraga berish orqali qo‘shimcha daromad manbai yaratilgan.
Fuqarolar yer solig‘i hamda ikkilamchi ijaradan olingan daromad solig‘idan ozod qilingan. Shu bilan birgalikda, agar fuqaro davlat talabi bo‘yicha ekin ekkan bo‘lsa, davlat tomonidan yer maydonining hajmiga qarab subsidiyalar ajratilgan.
Luotovan va Guszyatay qishloqlari qo‘ziqorinni innovasion sanoat usulida yetishtirish, bog‘dorchilik hamda turizm yo‘nalishlariga ixtisoslashtirilgan.
Xususan, Fuping okrugi tog‘li va yaylov yer maydonlarida qo‘ziqorinlarni yetishtirish uchun 4 ming 600 ta issiqxonalar qurilib, birgalikda rejalashtirish, boshqarish va yagona brend ostida sotish yo‘lga qo‘yilgan.
Ekoturizmni rivojlantirish maqsadida bu ikki qishloqda 20 dan ziyod sayyohlik punktlari tashkil etilib, kambag‘al aholi sayyohlik xizmati ko‘rsatish sohasida ish bilan ta’minlangan.
Yuqoridagi qishloqlarda qashshoqlikka qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijasida aholi jon boshiga daromad 9 yil mobaynida 950 yuandan (143 doll) 17 480 yuangacha (2625 doll) oshgan.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Xitoy Xalq respublikasida jami 832 ta kambag‘al okruglar uchun maxsus “832” nomli elektron tijorat platformasi yaratilib, ushbu hududlarda joylashgan aholi tomonidan yetishtirilgan hamda qayta ishlangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining mazkur platforma orqali savdosi yo‘lga qo‘yilgan.