“Xalqaro mehnat tashkilotining qurilishda mehnat xavfsizligi va gigiyenasi to‘g‘risidagi 167-sonli konvensiyasini (Jeneva, 1988-yil 20-iyun) ratifikatsiya qilish haqida” O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ-750 – son Qonuni qabul qilindi

11.02.2022

2022-yil 7-fevralda “Xalqaro mehnat tashkilotining qurilishda mehnat xavfsizligi va gigiyenasi to‘g‘risidagi 167-sonli konvensiyasini (Jeneva, 1988-yil 20-iyun) ratifikatsiya qilish haqida” O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ-750 – son Qonuni qabul qilindi.

XMTning 167-son Konvensiyaning maqsadi – qurilish sohasida xodimlarga sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, xodimlar uchun mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar berilishi, ishlarni bajarishning xavfsiz uslublari va usullariga o‘qitilishi va bilimlari tekshirilishi hamda binolar, inshootlar, asbob-uskunalardan foydalanish, texnologik jarayonlarni amalga oshirish chog‘ida, shuningdek ishlab chiqarishda xom ashyo va materiallarni qo‘llash, ishlar bajarish chog‘ida xodimlarning xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.

Hozirgi vaqtda XMTning 167-sonli Konvensiyasi 32 ta davlat tomonidan ratifikatsiya qilingan, shu jumladan, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi mamlakatlaridan Rossiya Federatsiyasi, Belorussiya va Qozog‘iston Respublikalari.

O‘zbekiston Respublikasining XMTning 167-sonli Konvensiyaga qo‘shilishi:

milliy qonunchilikni yanada takomillashtirishga, XMTning hujjatlarida belgilangan qurilish sohasidagi xalqaro standartlarni samarali joriy etishga;

O‘zbekiston Respublikasining kelgusida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, shu jumladan, Jahon savdo tashkilotiga integratsiyalashuvi uchun sharoit yaratilishiga hamda Preferensiyalar umumiy (bosh) tizimi doirasida Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi

Bandlik va mehnat munosabatlari

vazirligining Davlat mehnat

inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari  A.Sharapov