Xalqaro mehnat tashkiloti mehnatni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha poytaxtda seminar o‘tkazdi

23.07.2019

Joriy yilning 22-23-iyul kunlari Toshkent Wyndham mehmonxonasi konferensiyalar zalida Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan mehnat muhofazasi masalalariga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.

“Mehnat muhofazasini boshqarish tizimi: muntazam yaxshilanish vositalari” mavzusida bo‘lib o‘tgan seminarda Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT), O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi vakillari ishtirok etdi.

Seminarning birinchi kunida mehnat muhofazasini boshqarish tizimi bo‘yicha XMT tajribasi, mazkur tizimning yevropa Ittifoqi va Rossiya Federatsiyasida ishlash tartibi, kasbiy xavf-xatarlarni baholash singari masalalar kun tartibidan o‘rin oldi.

Xususan, XMTning Mehnat va mehnatni muhofaza qilish inspeksiyasi bosh mutaxassisi Valentin Mokanu mehnat muhofazasining yaxshi boshqaruv tizimi uchun kerak bo‘ladigan asosiy unsurlar, shuningdek, mehnat muhofazasi standartlariga rioya qilishga ko‘maklashish to‘g‘risida, XMT eksperti Viking Xusberg yevropa Ittifoqida mehnat muhofazasini boshqarish tizimining ishlash jarayonlari haqida, XMT eksperti yekaterina Kuznetsova kasbiy faoliyat davomida kuzatiladigan turli xavf-xatarlarni baholash va ularni boshqarish borasida taqdimot o‘tkazdi.

23-iyul kuni seminar doirasida asosan mehnatni muhofaza qilish sohasida ijtimoiy muloqot, mehnat muhofazasini boshqarishning milliy tizimlari, bu boradagi mavjud muammolar va ularni bartaraf etish chora-tadbirlari haqida fikr yuritildi. Seminar davomida xalqaro va milliy ekspertlar bilan mavzu yuzasidan savol-javoblar tashkil etildi. Shuningdek, seminar ishtirokchilari va ekspertlar tomonidan mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha turli taklif-mulohazalar bildirildi. Jumladan, xalqaro tajribaga tayangan holda O‘zbekistonda Mehnatni muhofaza qilish qo‘mitasini tashkil etish, har bir tashkilotda mehnat muhofazasi madaniyatini shakllantirish, mehnatni muhofaza qiluvchi inspektorlar faoliyatini yanada takomillashtirish va ularning salohiyatini yanda oshirish bo‘yicha takliflar kiritildi.

Seminar natijasi bo‘yicha umumiy xulosalar chiqarildi.

2

6

1

5