Xalqaro hamkorlik: O‘zbekistonning qishloq joylarida malaka va bandlik salohiyatini oshirishga qaratilgan dadil qadamlar sari

07.04.2022

Xalqaro hamkorlik: O‘zbekistonning qishloq joylarida malaka va bandlik salohiyatini oshirishga qaratilgan dadil qadamlar sari

O‘zbekiston hukumati qishloqlar infratuzilmasini modernizatsiyalash bilan bir qatorda mamlakatimizdagi har bir qishloq, har bir hududning iqtisodiy salohiyatini maksimal namoyon qilishga alohida e’tibor qaratmoqda. Xorijiy tajriba va zamonaviy texnologiyalarning jalb qilinishi esa bu yo‘nalishdagi tashabbuslarning muvaffaqiyatida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Ma’lumki, 2020 yildan YUNЕSKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan "O‘zbekistonning qishloq hududlarida  ishga joylashish ko‘nikmalarini rivojlantirish" nomli dasturini amalga oshirishni boshlagan. Yevropa Ittifoqi 2020-2024 yillarda O‘zbekistonning tanlangan hududlarida amalga oshiriladigan ushbu tashabbusga 9,6 million yevro mablag‘ ajratdi.

Yangi loyihaning maqsadi olis hududlar va qishloq joylarda ham mahalliy aholi turmush sifati va farovonligini oshirishga qaratilganligi bilan Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan kasb-hunar sohasidagi ta’limni yanada mustahkamlash, O‘zbekistonning qishloq joylarida malaka va bandlik salohiyatini oshirishga qaratilgan dadil qadamlarga mos keladi. Bu loyiha Hukumatimizning asosan koronavirus pandemiyasidan zarar ko‘rgan, ish o‘rinlari va daromadlarini yo‘qotgan qishloq aholisini rag‘batlantirishga doir sa’y-harakatlariga hissa qo‘shish nuqtai nazaridan ham juda dolzarbdir.

Ushbu tashabbus doirasida YUNЕSKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Mehnat bozori tadqiqotlari instituti o‘rtasidagi kelishuvga asosan O‘zbekistonning to‘rtta tanlangan mintaqalari: Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro, Surxondaryo misolida mamlakatning qishloq va suv xo‘jaligi sohasida mehnat bozori ehtiyojlarini o‘rganish bo‘yicha so‘rovnomalar o‘tkazildi.

Bugun YUNЕSKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda Mehnat bozori tadqiqotlari instituti hamkorligida Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan "O‘zbekistonning qishloq hududlarida  ishga joylashish ko‘nikmalarini rivojlantirish" loyihasi doirasida seminar tashkil etildi.

Unda loyiha ekspertlari, YUNЕSKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari, Mehnat instituti mas’ullari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Bandlik va mehnat mjunosabatlari vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi  va Tarmoq malaka kengashi, Suv xo‘jaligi vazirligi  va Tarmoq malaka kengashi, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislar instituti, Toshkent davlat agrar universiteti hamda femer, dexqon xo‘jaliklari va tomorqa, yer egalari kengashi vakillari ishtirok etdi.

Tadbir davomida ekspertlar tomonidan Yangi Zelandiya Milliy kasbiy standartlarni (MKS) rivojlantirish bo'yicha xalqaro tajriba taqdim etildi. Bundan tashqari, O'zbekistonda professional standartlarni ishlab chiqishda aniqlangan kamchiliklar batafsil muhokama qilindi.

Mehnat instituti tomonidan  respublika hududlarida ko’nikmalarga bo’lgan ehtiyojni aniqlash borasida olib borilgan tadqiqot natijalari yig'ilganlarda alohida qiziqish uyg'otdi.

 

Qolaversa, mas'ullar tomonidan milliy kasbiy standartlar (MKS)  shabloni loyihasi va kvalifikatsiya  shabloni loyihasi kelishilib, Milliy kasbiy standartlarni rivojlantirish bo'yicha zarur bo’lgan keyingi harakatlarni birgalikda amalga oshirish chora-tadbirlari belgilab olindi.

Zebo Nurmonova,

Mehnat bozori tadqiqotlari instituti Matbuot kotibi