Vazirning Samarqand viloyatida bir kuni
Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga asosan ayni kunlarda Samarqand viloyatida istiqomat qiluvchi aholini turmush darajasini o‘rganish va ularning bandligini ta’minlashga ko‘maklashish maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov hududdagi holatni tubdan ko‘zdan kechirdi.
Ilk manzil erkaklar va o‘smirlar uchun poyabzal ishlab chiqarishga mo‘ljallangan “BULUNG`UR SHOES” korxonasi bo‘lib, o‘rganishlar natijasida korxona 2020 yil mart oyidan buyon faoliyat ko‘rsatmayotgani, korxona faoliyatini tiklash uchun malakali kadrlarga ehtiyoj katta ekanligi aniqlandi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Bulung‘ur tumani hokimiyati va tadbirkorga korxona faoliyatini tiklash uchun 3 bosqichda ishni tashkil etishni tavsiya etdi:
- Hududdagi ishsizlar ro‘yxatini shakllantirish;
- Ularni hokimlik tomonidan tashkil etilgan avtobuslarga reja asosida korxonada yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishtirish;
- Vazirlikning Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasidan ajratilgan subsidiya asosida tashkil etilgan o‘quv kurslariga korxonada ishlash istagini bildirgan ishsiz fuqarolarni jalb etish hamda o‘quv jarayoni tugatgandan so‘ng ularni ishga rasmiylashtirish.
Keyingi manzil 1-son kasb-hunar maktabida tashkil etilgan kasb-hunarga o‘qitish maskani bo‘ldi. Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qayta ta’mirlangan va har bir yo‘nalish zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan maskanda hozirgi kunda tikuvchilik yo‘nalishida 20 nafar, kompyuter savodxonligi yo‘nalishida 22 nafar, uy xizmatchisi yo‘nalishida 14 nafar o‘quvchilar qabul qilinib,o‘quv kurslarini davom ettirmoqda.
Uchrashuvda har bir bitiruvchi ish bilan ta’minlanishi, shuningdek, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishlari qolaversa, o‘z mahallalarida tikuvchilik yo‘nalishida kurslar tashkil etishlari uchun amaliy yordam berishga kelishib olindi.
Vazir boshchiligidagi guruh "Shunqorbek Sindorov" ishlab chiqarish kooperativi faoliyatini ham o‘rgandi.
Tuman hokimligi tomonidan berilgan 30 gektar sug‘orilmaydigan yer maydonida Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi tomonidan 122,5 mln so‘m mablag‘ evaziga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan Xurshid Safarov 50 nafar ishsiz fuqaroni ishga jalb etgan. Mazkur hududda yashovchi, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turuvchi ishga jalb etilgan fuqarolar uchun ajratilgan mablag‘ hisobiga uzum (tok) ko‘chatlari to‘liq olinib, tegishli maydonga ekilgan. Vazir ayni kunlarda olib borilayotgan parvarishlash ishlari bilan tanishdi.
Vazir boshchiligidagi guruh “Xo‘jamazgil” mahallasida subsidiya asosida tashkil etilgan yengil konstruksiyali issiqxonalarni ko‘zdan kechirdi. Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan shu hududda yashovchi “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan 40 nafar fuqarolarga subsidiya asosida 1 sotixli issiqxona qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, hozirda qurib bitkazilgan 15 ta issiqxonalarda parvarishlar ishlari jadal ketayotganligi kuzatildi. Vazir Nozim Xusanov ishga jalb etilgan fuqarolar bilan suhbat qurib, ularning muammolarini o‘rgandi va shu joyning o‘zida tegishli ko‘rsatmalar berildi.