Vazir Nozim Xusanov Namangan viloyatidagi vazirlik quyi tizim tashkilotlari va hamkor idoralar faoliyatini ko‘zdan kechirdi

12.02.2021

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov Namangan viloyati vazirlik quyi tizim tashkilotlari va hamkor idoralar faoliyatini o‘rganish maqsadida Namangan shahridagi bir qator muassasalarni ko‘zdan kechirdi.

Jumladan, Namangan shahar 2-sonli kasb-hunar maktabi negizidagi «IT SCHOOL» o‘quv maskani hamda «YUME» o‘quv markazi tomonidan tashkil etilgan «Yapon tili va kasbga o‘qitish» markazi faoliyati bilan yaqindan tanishildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, «IT SCHOOL»da «Yoshlar daftari»ga kiritilgan fuqarolar IT-texnologiyalar va elektron xizmatlarga bo‘lgan aholi ehtiyojlarini ta’minlaydigan kasblar, Arx-dizayn (arxitektura dizayni), veb dizayn va dasturlash yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitilmoqda.

«YUME» o‘quv markazida esa 140 nafar yoshlar kasb-hunarga o‘qitilayotgan bo‘lib, xorijda mehnat qilish istagidagi ishsiz aholini issiqxona, bog‘dorchilik hamda mehmonxona xizmatchisi yo‘nalishlarida kasbga tayyorlash hamda yapon tilini o‘rgatish bilan shug‘ullanmoqda.

Shuningdek, Namangan shahridagi 2-sonli kasb-hunar maktabi hamda «Ozod» MFYda joylashgan 1-sonli kasb-hunar maktabi ham ko‘zdan kechirilib, u yerdagi shart-sharoitlar, imkoniyatlar va jihozlar bilan ta’minlanganligi holati o‘rganildi. Mavjud yo‘nalishlar bo‘yicha talabgor tadbirkorlarni jalb etib, shartnoma asosida kurslar tashkil etish vazifasi belgilab berildi.