VAZIR CHEKKA HUDUDLARDAGI HOLATNI O‘RGANDI

15.09.2023

VAZIR CHEKKA HUDUDLARDAGI HOLATNI O‘RGANDI

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev boshchiligidagi ishchi guruh Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm viloyatida vazirlik tasarrufidagi tashkilotlar, kasb-hunarga o‘qitish markazlari, mahallalar, ishlab chiqarish ob’yektlari, tadbirkorlikni rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirishga doir amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

Dastlab vazir Behzod Musayev Nukus shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi faoliyatini o‘rgandi. Ushbu o‘quv markazida kasb-hunar o‘rganayotgan fuqarolar bilan suhbatlashdi. Mazkur muassasada tashkil qilingan issiqxona xo‘jaligi faoliyati bilan tanishdi. Markazda ta’lim sifatini yanada takomillashtirish, aholining ish bilan bandligiga ko‘maklashish yuzasidan mutasaddilarga zarur ko‘rsatmalar berdi. Shundan so‘ng Taxiatosh tumani “Jayhun” mahallasida bo‘ldi. Bu yerda “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, “Mahalla beshligi” faoliyati bilan tanishdi. Ovul aholisini ish bilan bandligi masalalarini ko‘rib chiqdi.




Shu yerning o‘zida mutasaddilarga yangi ish o‘rinlari yaratish, aholining tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha, tomorqalardan unumli foydalanishini qo‘llab-quvvatlash borasida zarur topshiriqlar berdi. Ellikqal’a tumanining “Qavatqal’a” mahallasida “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlari doirasida obodonlashtirish ishlari bugungi kunda ham jadal olib borilmoqda.



Aholi maskani yo‘llarini joriy ta’mirlash, shag‘allashtirish, ichki ko‘chalarni asfaltlash, 5 ming 600 metr uzunlikdagi markaziy ko‘chaga piyodalar yo‘lakchalari hamda tungi yoritgichlar o‘rnatish, MFY binosini ta’mirlash, ichki ko‘chalarga ichimlik suvi quvurlarini yotqizish hamda hududda joylashgan 36-maktabiga qarashli hududga panjara o‘rnatish kabi ishlar jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda. Vazir Behzod Musayev boshchiligidagi ishchi guruh mazkur mahalladagi obodonlashtirish ishlarini borib ko‘rdi. Mahalla maskanida tuman hokimligi mutasaddilari, mahalla faollari, jumladan, ko‘chaboshi biylari bilan suhbatlashib, ularning murojaatlarini tingladi.




Shu kuni vazirlik ishchi guruhi Nukus shahrida “Sheyx Xalifa Zayed Al-Nahayan” jamg‘armasi homiyligida barpo etilayotgan “Ona va bola” shifoxonasidagi qurilish-ta’mirlash ishlari bilan tanishdi hamda ushbu zamonaviy shifoxona faoliyatiga doir zarur tavsiyalarni berdi. Bugun Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev boshchiligidagi ishchi guruh Xorazm viloyatida o‘rganish ishlarini davom ettirdi. Ishchi guruh Xiva tumanida bo‘lib, “Istiqlol” mahallasida olib borilayotgan keng bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi va “Mahalla beshligi” hudud faollari bilan suhbatlashdi. Shuningdek, ushbu hududda 3 nafar shogirdi bilan gilamdo‘zlikni yo‘lga qo‘ygan hunarmand Zamira Abdullayevaning tadbirkorlik faoliyati bilan tanishdi. Uchrashuv davomida milliy hunarmandchiligimizni qadrlab, qayta tiklab, bu mehnat ortidan oilasiga daromad olib kirayotgan, gilamdo‘zlik san’atimizni sayyohlar orqali olamga yoyayotgan ustoz-shogirdlarning kelgusida ham barcha masalalarda qo‘llab-quvvatlash borasida so‘z bordi.