VAQTINCHALIK VA MAVSUMIY ISHLARNING TASHKILIY-HUQUQIY TALABLARI

19.02.2024

VAQTINChALIK VA MAVSUMIY IShLARNING TAShKILIY-HUQUQIY TALABLARI

 

Bahor, yoz va kuz oylarida odatda, ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi hamda aholiga xizmat ko‘rsatish sohalarida ish beruvchilarga qo‘shimcha ishchilarni jalb qilish zarurati paydo bo‘ladi.

Biroq, hamma ish beruvchilar ham vaqtinchalik yoki mavsumiy ishchilarni rasmiy bandlikka jalb etish bo‘yicha maxsus standartlar mavjudligini bilmasligi mumkin.

Mazkur toifadagi ishchilar bilan Mehnat kodeksida belgilangan munosabatlarini rasmiylashtirishning o‘ziga xos xususiyatlarini barcha toifadagi rahbar, xodimlar va mutaxassislar yaxshi tushunib, uni amalda to‘g‘ri qo‘llamog‘i lozim.

Zero, vaqtinchalik va mavsumiy ishchilarning huquqiy maqomi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 491-494- hamda 495-499-moddalarida o‘z aksini topgan.

Xususan, Mehnat kodeksining 495-moddasiga binoan ikki oygacha bo‘lgan muddatga ishga qabul qilingan shaxslar vaqtinchalik ishlarda band bo‘lgan shaxslar, deya e’tirof etiladi.

Qayd etish zarurki, vaqtinchalik ishlarda band bo‘lgan shaxslar ayrim istisnolardan tashqari mavsumiy ishlarda va boshqa turdagi faoliyatni amalga oshirishda O‘zbekiston Mehnat qonunchiligiga bo‘ysunadi.

Vaqtinchalik ishlarda band bo‘lgan shaxslarni ishlab chiqarish jarayonining uzluksizligini ta’minlash maqsadida xodim kasallik, mehnat va boshqa ta’tillarga chiqqanida hamda har qanday ishni qisqa muddatli bajarish zarurati tug‘ilganda jalb etish eng ko‘p uchrab turadigan holat hisoblanadi.

Ammo, tashkilot xodimlari darajasida malakaga ega bo‘lgan xodimni ishga qabul qilish, tashkiliy, texnologik va huquq jihatidan mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.

Mehnat kodeksining 491-moddasiga muvofiq, mavsumiy ishchilar, deganda tabiiy-iqlim sharoitlariga ko‘ra, 6 oydan ortiq bo‘lmagan – vaqtinchalik ishlarga jalb qilinadigan shaxslar faoliyati tushuniladi.

Mavsumiy ishchilarni ishga jalb qilish zarurati birinchi navbatda O‘zbekiston Respublikasida mavjud tabiiy-iqlim sharoitlari bilan belgilanadi. Iqtisodiy rivojlanishning zamonaviy sharoitida, ayrim tashkilotlar, ayniqsa qishloq xo‘jaligi uchun, ishchilarni jalb qilishning eng tejamkor varianti ma’lum bir mavsum uchun ishchilarni yollash zarurati hisoblanadi.

Malumot uchun: 6 oydan ortiq davr ichida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan ayrim mavsumiy ishlarning ro‘yxati va davomiyligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda belgilanadi.

 

MAVSUMIY IShLARNING TAShKILIY-HUQUQIY ASOSLARI

Mehnat shartnomasini tuzish

 

Vaqtinchalik va mavsumiy ishchilar uchun Mehnat kodeksi mehnat shartnomasini tuzish va bekor qilish tartibini huquqiy amalga oshirishning o‘ziga xos xususiyatlarini, mehnat shartnomasi bekor qilingan taqdirda ishdan bo‘shatish nafaqasini to‘lash, majburiy ishdan bo‘shatilganda o‘rtacha ish haqini to‘lash va jalb qilishning o‘ziga xos xususiyatlarini belgilaydi. Qolaversa, ushbu jarayon bayram va dam olish kunlarida ishlash talablariga rioya qilgan tarzda amalga oshiriladi.

Vaqtinchalik yoki mavsumiy xodim bilan mehnat shartnomasi mehnat qonunchiligida nazarda tutilgan umumiy qoidalarga muvofiq tuziladi.

 

ETIBOR QILING – BU MUHIM!

 

Ish beruvchilar bunday toifadagi ishchilar bilan nomuayyan tusdagi mehnat shartnomasi tuzilishi mumkin emasligini, albatta, hisobga olishlari shart!

Shunday qilib, bu jarayonda Mehnat kodeksiga muvofiq shartnoma shaklidan foydalanish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Jumladan, bu jarayonda vaqtinchalik yoki mavsumiy ishchilar bilan mehnat munosabatlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda, dastlabki sinov o‘tkazmasdan, ishning vaqtinchalik yoki mavsumiy xususiyatini ko‘rsatadigan holda muddatli mehnat shartnomasini tuzish lozim bo‘ladi.

Yuqoridagi holatlar bilan bog‘liq holda, vaqtinchalik xodimni sinovdan o‘tmaganligi sababli ishdan bo‘shatishga yo‘l qo‘yilmaydi.

 

Mehnat shartnomasining amal qilish muddati

 

Vaqtinchalik ishchilar uchun mehnat shartnomasining amal qilish muddati 2 oy (yoki ish joyi va lavozimi saqlanib qolgan vaqtinchalik ishlamagan xodimni almashtirish uchun ishga qabul qilingan taqdirda 4 oy) muddatda belgilanadi.

Mavsumiy ishchilar uchun mehnat shartnomasi muddati mavsumning davomiyligidan oshmasligi kerak.

 

ETIBOR QILING – BU MUHIM!

 

Ushbu standartlarni hisobga olgan holda, tabiiy va iqlim sharoitlari bilan emas, balki boshqa omillar bilan oldindan belgilab qo‘yilgan 6 oylik muddatda bajariladigan ishlarni mavsumiy, deb hisoblash mumkin emas.

Shu bilan birga, agar xodim faoliyati qonun bilan mavsumiy ish deb tasniflangan, lekin 6 oydan ortiq muddatga ishga qabul qilingan bo‘lsa, bunday xodim mavsumiy ishchi, deb tan olinmaydi va u bilan shartnoma tuzilmaydi.

 

Mehnat shartnomasining asosiy shartlari

 

Vaqtinchalik va mavsumiy xodimlarga tashkilotning doimiy shtat birligidagi xodimlardagidek aniq ish haqi berilmaydi. Ularning maosh miqdori tashkilotning barcha mahalliy xususiyatlaridan kelib chiqib belgilanadi.

 

Vaqtinchalik xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilish

 

Vaqtinchalik ishchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishning o‘ziga xos xususiyatlari amaldagi Mehnat kodeksining 499-moddasida belgilangan.

Mehnat shartnomasi vaqtinchalik ishchining o‘zi tomonidan, ish beruvchini kelgusida ishdan bo‘shatish to‘g‘risida 3 kun oldin xabardor qilish sharti bilan yoki ish beruvchining tashabbusi bilan Mehnat kodeksida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha bekor qilinishi mumkin.

Vaqtinchalik ishlarda band bo‘lgan shaxslar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi xodimning aybli harakatlari yoki harakatsizligi bilan bog‘liq asoslarga ko‘ra bekor qilingan taqdirda, ushbu xodim o‘zi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinishidan kamida uch kun oldin yozma shaklda ogohlantirilishi lozim.

Agar jamoa shartnomasida yoki mehnat shartnomasida boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, vaqtinchalik xodimga mehnat shartnomasi bekor qilinganda ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lanmaydi.

 

Vaqtinchalik ishchilar bilan mehnat shartnomasini bekor qilishning alohida shartlari:

– ishlab chiqarish sabablari bo‘yicha ish beruvchi uchun ishni 1 haftadan ortiq muddatga to‘xtatib turish, shuningdek, kelishilgan ish hajmini kamaytirish;

– vaqtincha mehnatga layoqatsizligi sababli xodim ketma-ket ikki haftadan ortiq ish joyida bo‘lmasligi, mehnat faoliyati jarayonida orttirilgan jarohati yoki kasb kasalligi tufayli mehnatga layoqatini yo‘qotgan hollarda, shuningdek qonun hujjatlarida ma’lum kasallikka chalinganda ish (lavozim)ni saqlab qolish uchun uzoqroq muddat belgilangan bo‘lsa, vaqtinchalik ishchilar ish joyi (lavozimi)ni saqlab qoladilar. Ularning mehnatga layoqatliligi tiklanmaguncha yoki nogironligi aniqlanmaguncha, lekin mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlash muddati tugamagunga qadar shartnoma talablari o‘z kuchini saqlab qoladi;

– vaqtinchalik ishchilar uzrsiz sabablarga ko‘ra mehnat shartnomasida, ichki mehnat qoidalarida, Mehnat kodeksida belgilangan vazifalarni bajarmayotgan taqdirda mehnat shartnomasi bekor qilinadi.

Mehnat kodeksining 161-moddasi 2-qismi 1-, 2-, 3-bandlariga ko‘ra, ish beruvchi tashkilot yoki alohida bo‘linmasining tugatilishi, xodimlar sonining yoki shtatining o‘zgarishi munosabati bilan yoki xodimning malakasi yetarli bo‘lmaganligi sababli bajarayotgan ishiga nomuvofiqligiga ko‘ra, mehnat shartnomasini muddatidan avval bekor qilinishi to‘g‘risida vaqtinchalik xodimni kamida uch kalendar kuni oldin yozma shaklda, imzo qo‘ydirgan holda ogohlantirishi zarur.

 

Mavsumiy xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilish

 

Mavsumiy ishchilar bilan mehnat shartnomasini bekor qilishning o‘ziga xos xususiyatlari ham Mehnat kodeksida nazarda tutilgan.

Jumladan, mavsumiy ishchilar ish beruvchini 3 kun oldin yozma ravishda xabardor qilish orqali o‘z iltimosiga binoan mehnat shartnomasini bekor qilish huquqiga ega.

Shuningdek, xodim har qanday uzrli sabab bilan mehnat munosabatlarini tugatish istagiga erisha olmaydi. Biroq, mavsumiy xodim ish beruvchini uch kalendar kuni oldin yozma shaklda ogohlantirib, mehnat shartnomasini o‘z tashabbusiga ko‘ra bekor qilishga haqli.

Shu bilan birga, mavsumiy ishchilar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan Mehnat kodeksining 494-moddasida tutilgan asoslarga ko‘ra ham bekor qilinishi mumkin.

Ish beruvchi mehnat shartnomasini muddatidan ilgari bekor qilish xususidagi o‘z niyati to‘g‘risida mavsumiy xodimni:

– Mehnat kodeksining 161-moddasi 2-qismi 1-, 2-, 3-bandlariga ko‘ra, tashkilot yoki uning alohida bo‘linmasi tugatilishi, xodimlarning soni yoki shtati o‘zgarishi, mehnat shartnomasi bekor qilinishi munosabati bilan kamida yetti kalendar kun oldin;

– mavsumiy xodim malakasi yetarli bo‘lmaganligi, bajarayotgan ishiga nomuvofiqligi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda kamida uch kalendar kun oldin yozma shaklda, imzo qo‘ydirib ogohlantirishi shart.

Mavsumiy xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi xodimning aybli harakatlari yoki harakatsizligi bilan bog‘liq asoslarga ko‘ra bekor qilingan taqdirda, mavsumiy xodim o‘zi bilan mehnat shartnomasi bekor qilinishidan kamida 1 kun oldin yozma shaklda ogohlantiriladi.

Mavsumiy xodimni ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismida nazarda tutilgan ogohlantirish o‘rniga ish beruvchi unga mutanosib pulli kompensatsiya to‘lashga haqli.

Mavsumiy ishchi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun qo‘shimcha asoslarning birinchisi:

– mavsumiy ishning o‘ziga xos xususiyati bilan bog‘liq bo‘lib, uning hajmini to‘xtatib turish yoki qisqartirish ish beruvchi tomonidan mehnat munosabatlarini davom ettirishning maqsadga muvofiq emasligiga olib keladi.

Qonunchilikda “ishlab chiqarish sabablari” tushunchasining huquqiy ta’rifi mavjud emas va shuning uchun har bir aniq holatda ish beruvchi yuzaga keladigan holatlarning mohiyatini mustaqil ravishda o‘zi baholashi kerak.

Bunday sabablar ham ob’ektiv (masalan, ishlab chiqarish uskunasining ishlamay qolishi) yoki sub’ektiv (masalan, ish beruvchining tegishli xizmatlaridagi kamchiliklar tufayli tayyor mahsulot omborlarining ortiqcha yuklanishi) xarakterga ega bo‘lishi mumkin.

Ishni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qaror ish beruvchi tomonidan qabul qilinadi va tegishli buyruq chiqariladi. Biroq, shuni ta’kidlash kerakki, ikki haftadan ko‘proq vaqt davomida ish to‘xtatilgan bo‘lsa, ish beruvchi mavsumiy ishchilar bilan shartnomalarni muddatidan oldin bekor qilish huquqiga ega bo‘ladi.

Ishning qisqaroq muddatga to‘xtatilishi mavsumiy ishchi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun asos bo‘lmaydi.

 

Ishdan bo‘shatish nafaqasi

 

Vaqtinchalik ishchilarga haftalik o‘rtacha ish haqi miqdorida ishdan bo‘shatish nafaqasi ishlab chiqarish sabablari bo‘yicha ish beruvchining 1 haftadan ortiq muddatga to‘xtatilishi, shuningdek, ish hajmining kamayishi sababli ishdan bo‘shatilgan taqdirda to‘lanadi.

Mavsumiy xodimni Mehnat kodeksining 494-moddasi ikkinchi va uchinchi qismida nazarda tutilgan ogohlantirish o‘rniga ish beruvchi unga mutanosib pulli kompensatsiya to‘lashga haqli.

Vaqtinchalik xodimni 499-moddaning ikkinchi va uchinchi qismida nazarda tutilgan yozma ravishdagi ogohlantirish o‘rniga ish beruvchi unga mutanosib pulli kompensatsiya to‘lashga haqli.

Agar jamoa shartnomasida yoki mehnat shartnomasida boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, vaqtinchalik xodimga mehnat shartnomasi bekor qilinganda ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lanmaydi.

 

 

Baxodir UMURZAKOV,

O‘zbekiston Respublikasi

Kambag‘allikni qisqartirish va

bandlik vazirining maslahatchisi.