O‘zbekistonda 2020 yil paxta mavsumida bolalar mehnati va majburiy mehnat holatlari yuzasidan Xalqaro mehnat tashkiloti, xalqaro ekspertlar, diplomatik korpus a’zolari tomonidan bildirilgan fikr-mulohaza va tavsiyalar
O‘zbekistonda 2020 yil paxta mavsumida bolalar mehnati va majburiy mehnat holatlari yuzasidan Xalqaro mehnat tashkiloti, xalqaro ekspertlar, diplomatik korpus a’zolari tomonidan bildirilgan fikr-mulohaza va tavsiyalar
2021 yil 27 yanvar kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda “Munosib mehnat orqali barqaror rivojlanish sari” mavzusida xalqaro davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi T.K. Narbayeva, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.B. Xusanov, vazirlik va idoralar vakillari, Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktori o‘rinbosari, XMTning Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari uchun mintaqaviy byurosi direktori X. Koller boshchiligidagi, diplomatik korpus a’zolari, “Kotton Kampeyn” va “Human Right Watch” vakillari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida, Xalqaro mehnat tashkilotining katta texnik maslahatchisi Y. Astrup tomonidan XMTning “Uchinchi tomon monitoringi” loyihasi tomonidan 2020 yilgi paxta terimi mavsumida bolalar mehnat va majburiy mehnat holatlarini aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan monitoring natijalari e’lon qilindi.
Unda, XMT ekspertlari tomonidan O‘zbekiston o‘tgan yilgi kabi 2020 yilda ham paxta yig‘im-terimi davomida tizimli bolalar mehnatidan umuman foydalanmaganligi to‘g‘risidagi xulosalarida qat’iy qolganliklari, majburiy mehnatning butunlay bartaraf etilishida sezilarli natijalarga erishilganligi, fuqarolarni majburiy tarzda tizimli jalb etish holatlari kuzatilmaganligi qayd etildi.
2020 yilda paxta terimiga majburiy jalb etish holatlari 2019 yilga nisbatan 33 %ga kamayganligi va 4 %ni tashkil etganligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, asosiy omillardan biri sifatida terilgan paxta uchun to‘lov miqdorlarining oshirilishi, mehnat va dam olish sharoitlarining sezilarli darajada yaxshilanganligi, shu bilan birga bu borada hukumat va jamoatchilik tomonidan ham doimiy nazorat olib borilganligi ko‘rsatib o‘tildi.
Horijiy davlatlarning elchilari, shu jumladan Germaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Gyunter Overfeld janoblari, Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchisi Olive Shav janoblari, AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblyum janoblari tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar dunyoning yetakchi biznes brendlari bilan hamkorlikni qayta tiklashga asos bo‘lishi mumkinligini bildirdilar.
Xususan, O‘zbekistonda bolalar mehnati hamda majburiy mehnatga barham berish borasida yildan yilga tizimli ravishda muvaffaqqiyatlarga erishilayotganligi hamda 2020 yilda amalga oshirilgan ishlar o‘tgan davrga nisbatan sezilarli ravishda ajralib turganligi, dunyo bo‘ylab koronavirus pandemiyasi bo‘layotgan bir davrda O‘zbekiston hukumati hamda Halqaro mehnat tashkiloti tomonidan samarali amalga oshirilgan monitoringlar yuqori baholanib, monitoring natijalari bo‘yicha xulosalar xorijiy biznes vakillari ishtirokida O‘zbekistonda investision muxitni kengaytirishda xizmat qilishi mumkinligi bildirildi.
Shuningdek, Munosib mehnatni ta’minlash maqsadida bolalar mehnati hamda majburiy mehnatga qarshi siyosiy iroda davlat rahbari hamda Oliy majlis Senati raisi tomonidan ko‘rsatilayotganligi, ayniqsa, Odam savdosiga hamda majburiy mehnatga qarish kurashish Milliy komissiyasining tuzilganligi va uning samarali faoliyati olib borayotganligi katta ahamiyat kasb etishini ta’kidlandi.
Ayniqsa, majburiy mehnatga barham berishda mehnat inspeksiyasi faoliyatining o‘ta muhimligi e’tirof etildi. Majburiy mehnat holatlariga batamom barham berish uchun mehnat inspeksiyasi faoliyatini takomillashtirish hamda barcha sohalarga mehnat inspeksiyasi tomonidan erkin monitoringlar o‘tkazishni ta’minlash kerakligi ta’kidlab o‘tildi.
Jahon bankining O‘zbekistondagi bosh vakili Marko Mantonovelli o‘z nutqida, O‘zbekistondagi islohotlarni ijobiy baholab, paxta davrida terimchilar uchun to‘lov pullari yildan yilga oshirib borayotganligini, terimga asosan o‘z hoxishi bilan daromad olish maqsadida chiqqan fuqarolar jalb qilinganligini hamda O‘zbekistonda majburiy mehnatga barham berish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hukumatning ixtiyoriy irodasi asosida davom etayotganligini ta’kidladi.
BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili Xelena Freyzer o‘z nutqida, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini ijtimoiy himoyalash mexanizmini takomillashtirish borasida har doim hamkorlikka tayyor ekanligini, BMT, Uchinchi tomon hamda Yunisef monitoringlarida belgilangan tavsiyalarga amal qilish - O‘zbekistonda majburiy mehnatni to‘liq barham berishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab o‘tdi.
“Kotton kampeyn”, “Human Right Watch” vakillari B. Friman va X. Uilyamson tomonidan ilk marotaba O‘zbekistonning erishgan ijobiy natijalarni mamnuniyat bilan qabul qilayotganliklarini aytib, majburiy mehnatga barham berish, bu borada fuqarolik jamiyati vakillarining faolligini oshirish bo‘yicha ulkan ijobiy natijalarga erishayotganligini qayd etishdi.
Shu bilan birga, joriy yilning 27 yanvar kuni “Kotton Kompeyn” xalqaro koalisiyasi o‘z rasmiy vebsaytida “O‘zbek paxtachiligida o‘zgarayotgan manzara” degan sarlavhada maqola chop etdi.
“Kotton Kompeyn” xalqaro koalisiyasi bayonotiga ko‘ra, 2020 yil paxta yig‘im-terim mavsumidagi ijobiy o‘zgarishlar O‘zbekiston hukumatining majburiy mehnatga barham berishga yo‘naltirilgan islohotlar hamda amalga oshirilayotgan tadbirlar natijasidir.
“Kotton Kompeyn” xalqaro koalisiyasining ko‘p yillik hamkori hisoblanuvchi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbek forumi so‘nggi 10 yilda ilk bora, “O‘zbekistondagi paxta terimi mavsumidagi majburiy mehnat holatlari monitoringida ayrim paxta yetishtiruvchi tumanlarda majburiy mehnat bilan bog‘liq birorta holatni hujjatlashtirmagani e’tirofga sazovordir» deb e’tirof etgan.
Qayd etish joizki, barcha xorijiy davlat vakillari tomonidan O‘zbekistonda 2020 yilda majburiy mehnatga barham berish borasida amalga oshirilgan ishlar hamda Uchinchi tomon monitoringi natijalari yuqori baholangan bo‘lsada, monitoring tadbirlarini shaffofligini yuqori darajada ta’minlash uchun nodavlat notijorat tashkilotlarining ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq to‘siqlarni bartaraf etish zarurligi jumladan, Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida kodeksni qabul qilish bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilishi lozimligi qayd etildi.
Ilgari ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinganidek, Davlat mehnat inspeksiyasining ishchi guruhlari tomonidan respublikaning barcha tumanlaridagi 3 048 ta tashkilot, fermer ho‘jaliklarida o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganishlar davomida Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan mehnat qonunchiligini buzganligi uchun 170 nafar mansabdor shaxsga jami 653 mln. 167 ming so‘m miqdorda ma’muriy jarima tayinlandi.
Jumladan, 2020 yilgi paxta-yig‘im terimi davrida majburiy mehnatga yo‘l qo‘yganligi uchun 42 nafar mansabdor shaxs, shu jumladan, tashkilot rahbarlari, hokim va uning o‘rinbosarlari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 51-moddasiga asosan javobgarlikka tortildi va yana 6 ta holat yuzasidan tegishli hujjatlar sudlarga kiritildi.
Bundan tashqari, 61 ta holatda mehnat shartnomasi tuzilmaganligi, 34 ta holatda mehnat sharoitlari yaratilmaganligi, 13 ta holatda mehnat vazifasini bajarmaganligi, 17 ta holatda ish haqining o‘z vaqtida to‘lamaslik faktlari aniqlanib, klaster va fermer xo‘jalik rahbarlari ma’muriy javobgarlikka tortildi.