O‘zbekiston Respublikasi eng birinchi bo‘lib MDH ishtirokchi-davlatlari aholi bandligiga ko‘maklashish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Bitimni tasdiqladi

17.09.2021

2021 yil 16 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida” PQ-5245-son qarori imzolandi.

Qarorga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi tomonidan 2021 yil 28 may kuni Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan MDH ishtirokchi-davlatlarining Hukumat rahbarlari kengashi yig‘ilishida imzolangan MDH ishtirokchi-davlatlari aholisi bandligiga ko‘maklashish sohasida hamkorlik to‘g‘risida Bitim tasdiqlandi.

Mazkur Bitimning O‘zbekiston Respublikasi tomonidan tasdiqlanishi mehnat migratsiyasini tartibga solish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash, aholi bandligini ta’minlashga ko‘maklashuvchi axborot portallarini integratsiya qilish orqali MDH ishtirokchi-davlatlari mehnat bozoridagi mavjud ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlarni muntazam yangilab borish, shuningdek, MDH ishtirokchi-davlatlari hududida norasmiy bandlikni qisqartirish bo‘yicha samarali hamkorlikni amalga oshirishga xizmat qiladi.

Hozirgi globallashuv jarayonida MDH davlatlari bilan mehnat va bandlik sohasida hamkorlikni kengaytirish O‘zbekiston fuqarolarining davlatlararo erkin harakatlanishini hamda mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqlarini ta’minlash uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lib, MDH davlatlari bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.