“UZBEKISTAN GTL” ZAVODINING QURILISHIDA OYLIK MAOSHLARINI O‘Z VAQTIDA OLMASDAN, NOMUNOSIB VA OVQATLANISH TIZIMI YO‘LGA QO‘YILMAGAN MEHNAT SHAROITLARIDA ISHLAYOTGANLIGI SABABLI NAMOYISH UYUSHTIRILGANLIGI HAQIDA

22.10.2020

Xabaringiz bor, 2020 yil 21 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda «Enter Engineering PTE.LTD» mas’uliyati cheklangan jamiyatining ishchilari Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumanidagi “Uzbekistan GTL” zavodining qurilishida oylik maoshlarini o‘z vaqtida olmasdan, nomunosib va ovqatlanish tizimi yo‘lga qo‘yilmagan mehnat sharoitlarida ishlayotganligi sababli namoyish uyushtirilganligi haqidagi xabarlar e’lon qilindi.

«Enter Engineering PTE.LTD» MChJ tadbirkorlik sub’yekti ekanligini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil
27 iyuldagi PF-5490-sonli Farmoniga muvofiq, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan ushbu holat bo‘yicha tekshirish o‘tkazishga kelishish maqsadida shu kunning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga murojaat qilindi.

Vakil (Biznes Ombudsman)dan tekshirish o‘tkazish yuzasidan olingan ruxsat asosida 2020 yilning 22 oktyabr kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining tegishli buyrug‘iga muvofiq ishchi gurux shakllantirildi hamda Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumanidagi “Uzbekistan GTL” zavodida sodir bo‘lgan holatni o‘rganishga kirishildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.Xusanov va ishchi guruh vakillari zavod hududiga yetib borib, jamiyatning 200 nafar ishchilari ishtirokida mavjud muammolarni tinglagan holda voqea tafsilotlari, ishchilarning noroziligiga sabab bo‘lgan yotoq va ovqatlanish joylaridagi sharoitlar hamda oylik maosh to‘lovlari masalalarini muhokama qildi.

Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan holatlar bo‘yicha rasmiy tushuntirish olish maqsadida «Enter Engineering PTE.LTD» MChJning Toshkent shahridagi bosh ofisiga rasmiy xat bilan murojaat qilindi.

Hozirgi kunda ishchilarning mehnat va mehnatni muhofaza qilishga oid masalalar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan tuzilgan maxsus ishchi gurux vakillari tomonidan o‘rganilmoqda.

O‘rganishlar natijasi bo‘yicha Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan qo‘shimcha axborot e’lon qilinadi.