OʻZBEK TEKSTIL MAHSULOTIDAN BOYKOTNI OLIB TASHLASH BOʻYICHA OCHIQ MUROJAAT
Oʻzbekiston hukumati koronavirus tarqalishining oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha choralar koʻrmoqda. Oʻzbekistonning ayrim sohalari va bizneslari moslashishga, hukumat esa aholining zaif qatlamlariga yordam berishga harakat qilayotganligi bois mamlakat iqtisodiyotini saqlab qolish uchun qoʻshimcha harakatlar talab etiladi.
Shu munosabat bilan, Oʻzbekiston bandlik va mehnat munosabatlari vaziri “Cotton Campaign” koalitsiyasi rahbariyatiga mamlakatimizda ishlab chiqarilgan paxta mahsulotlaridan foydalanish uchun boykotni olib tashlashni soʻrab murojaat qildi. Vazirning toʻliq bayonoti bilan quyidagi matnda tanishish mumkin.
“Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasining hammuassisi janob Bennet Friman, Ishchilar huquqlari boʻyicha Xalqaro Forumning ijrochi direktori Judi Gerxard xonim, “Cotton Campaign” koordinatori Ellison Gill xonimga.
Hurmatli janob Friman, Gerhard xonim, Gill xonim,
Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi nomidan 2020-yil 28-yanvar – 6-fevral kunlari mamlakatimizga tashrif buyurganingiz uchun sizga chuqur minnatdorlik bildirishga ijozat bergaysiz.
Sizning delegatsiyangiz Oʻzbekiston Respublikasi Senati raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiya raisi, Adliya vaziri, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri, Qishloq xoʻjaligi vaziri, ishchilar va ish beruvchi tashkilot rahbarlari, mahalliy maʼmuriyat rahbarlari, davlat mehnat inspektorlari, fuqarolik jamiyati vakillari va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvlar davomidagi konstruktiv muloqotingizni yuksak qadrlaymiz.
Sizni ishontirib aytamanki, Oʻzbekiston hukumati Sizning koalitsiyangiz koʻmagida ishlab chiqilgan “Islohotlarning yoʻl xaritasi”ni amalga oshirish doirasida, shuningdek, mamlakatimizning barcha fuqarolari uchun ijtimoiy taʼminot va inson huquqlarini himoya qilish borasidagi majburiyatlarimizga muvofiq majburiy mehnatning barcha shakllarini bartaraf etish boʻyicha qatʼiy chora-tadbirlarni amalga oshirishda davom etmoqda.
Ushbu majburiyatlarning bajarilishi bir necha muhim huquqiy hujjatlarda aks ettirilgan. Jumladan, joriy yil boshida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev majburiy mehnatdan foydalanganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etilishini nazarda tutuvchi qonunga imzo chekdi. Shuningdek, “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan strategiyasi”ni tasdiqladi. Shu bilan agrar sektorda davlat rolini kamaytirdi.
Joriy yilning 6-mart kuni tarixiy hujjat – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Paxtachilik sohasida bozor tamoyillarini keng joriy etish chora tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Unga koʻra, Oʻzbekiston 2020-yildan boshlab paxta ishlab chiqarishni, narxni va majburiy sotishni davlat tomonidan tartibga solishdan voz kechadi.
Yaqinda qabul qilingan ushbu qonun hujjatlari shundan dalolat beradiki, Oʻzbekiston hukumati xoʻjalik yurituvchi subyektlar va fuqarolik jamiyati vakillari bilan hamkorlikda Oʻzbekiston paxtachilik tarmogʻida islohotlarning yangi bosqichini boshlashga tayyor.
Yangi islohotlar davriga oʻtishda aholiga zarur oʻzgarishlarni amalga oshirish uchun koalitsiya tomonidan imzolangan Uzbek Cotton Pledge majburiyati doirasida oʻzbek paxta mahsulotlariga qoʻyilgan boykotni olib tashlashni soʻrayman.
Shuni aytish kerakki, Oʻzbekiston hukumati siz bilan doimiy aloqaga tayyor, albatta. Mamlakatimizning yangi islohotlar davrida majburiy mehnatni bartaraf etishda, erishilgan yutuqlarni mustahkamlashda sizning tajribangizga – ishlab chiqarishning barcha bosqichlarida barqaror rivojlanish va ijtimoiy masʼuliyat majburiyatlarini amalga oshirishda monitoring qilish va qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan doimiy saʼy-harakatlaringizga tayangan holda hamkorlikni davom ettirish niyatidamiz.
Xalqaro mehnat tashkilotining soʻnggi maʼruzasida “2019-yil, paxta hosilini yigʻish davrida tizimli majburiy mehnat holatlari qayd etilmagan” va “Oʻzbekistonda paxta yigʻim-terimi davrida bolalar mehnati qoʻllanilmayapti”, deya tasdiqlaydi. Biz ushbu yutuqlardan faxrlanamiz va natijalarimizni yaxshilashga qatʼiy qaror qildik. Albatta, biz Oʻzbekistonda mehnatkashlarning huquqlarini himoya qilish borasida hali katta ishlar amalga oshirish kerakligini toʻliq anglaymiz va koalitsiya tomonidan yaqindagina bildirilgan muhim tavsiyalarni biz uchun ustuvor ahamiyatga ega deb hisoblaymiz.
Boykotini olib tashlash borasidagi murojaatimga bugungi kundagi majburiy mehnatning barcha shakllarini bartaraf etish boʻyicha erishilgan aniq strategiyamiz bilan birga yana bir boshqa sabab bor.
Shu kunlarda koronavirus pandemiyasi sabab Oʻzbekistonning sogʻliqni saqlash va iqtisodiyot sohalari koʻrilmagan xavfga duch keldi. Xalqaro mehnat tashkilotining dastlabki hisob-kitoblariga koʻra, butun dunyo boʻylab 25 million kishi oʻz ishini yoʻqotishi mumkin va ishchilarning daromadlari kamida 3,4 trillion dollarga kamayadi. AQSH va Oʻzbekiston ham bundan holi emas.
Bugungi kunda Oʻzbekiston mehnat bozori katta bosimga duch kelmoqda: Respublikamizning bir yarim milliondan ortiq fuqarosi ishsiz. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keskin (choralar) izolyatsiya tufayli 150 ming fuqaro majburan ishsiz qoldi, chet eldan qaytgan 140 mingdan ortiq fuqarolarimiz doimiy daromadlaridan mahrum boʻldi, 200 mingdan ortiq oila qashshoqlik yoqasida.
Davlat korxonalari, xususiy sektor va butun mehnat bozori yangi sharoitlarga imkon qadar koʻproq moslashishga harakat qilmoqda. Ammo milliy iqtisodiyotimiz juda zarur boʻlgan yangi ish oʻrinlarini yaratish uchun katta kuch sarflashi kerak.
Shu bois bunday vaziyatda paxta mahsulotlaridan boykotni olib tashlash haqidagi qaroringiz hal qiluvchi rol oʻynashi mumkin. Oʻzbekiston toʻqimachilik sanoati aholi bandligini taʼminlashda yetakchi tarmoqlardan biridir. Faqat ishlab chiqarishda qariyb 7 000 korxonada 200 mingdan ortiq aholi ish bilan band boʻlganligi bois bir million aholi barqaror daromadga ega. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, oʻzbek paxta mahsulotidan boykot olib tashlansa, toʻqimachilik mahsulotlarining umumiy eksport hajmi ikki barobarga ortishi mumkin. Bu esa xalqimiz uchun zarur ish oʻrinlarini yaratadi.
AQSH va Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga eksportni qayta tiklash COVID-19ga qarshi global kurashda muhim rol oʻynashi mumkin. Oʻzbekiston toʻqimachilik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilari qisqa vaqt ichida vaziyatga moslashgan holda shaxsiy himoya vositalari ishlab chiqarishini oʻn barobarga oshirdi. Ishlab chiqaruvchi va sotuvchilar boykotga duch kelmaganida, oʻzbek toʻqimachiligida tayyorlangan niqoblar, jarrohlik liboslari va boshqa turdagi shaxsiy himoya vositalari yuzaga kelayotgan global vaziyatni bartaraf etishda madad boʻlishi mumkin edi.
Umid qilamizki, boykotni toʻxtatish haqidagi iltimosimizni oʻzbek xalqiga nisbatan hamjihatlik harakati sifatida koʻrib chiqasiz, bu esa ayni sinovli davrda fuqarolarimizning turmush darajasini yaxshilashga xizmat qilar edi.
Siz va oilangizga mustahkam sogʻlik va kuch-quvvat tilayman. Oʻylaymanki hamkorligimiz bundan ham yuqori darajada davom etadi.
Hurmat bilan vazir Nozim Husanov