Uch tomonlama Memorandum ijrosi bo‘yicha uchrashuv o‘tkazildi

21.09.2020

Rossiya Federasiyasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida mehnat migrasiyasi sohasida bir qator masalalar yuzasidan muzokaralar o‘tkazish va aniq kelishuvlarga erishish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi vakillaridan iborat delegasiya a’zolari ushbu mamlakatda bo‘lib turibdi.

Avval xabar berilganidek, tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Rossiya Xalqlar do‘stligi universiteti (RUDN) hamda “World Skills Russia” o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida uch tomonlama Memorandum imzolangan edi.

Moskva shahridagi “Akademiya masterstva” kasb-hunarga o‘qitish markazida Memorandum ijrosi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Rossiya Xalqlar do‘stligi universiteti (RUDN) hamda “World Skills Russia” mutasaddilari hamda soha mutaxassislari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda ta’kidlanganidek, mazkur o‘quv markazida Rossiya Federasiyasida turli sohalarda mehnat qilayotgan, kasb-hunar va chet tilini o‘rganish istagidagi O‘zbekiston fuqarolarini 24 sentyabrdan ro‘yxatdan o‘tkazish boshlanadi. O‘qish xarajatlari O‘zbekiston tomonidan qoplanadi. Shuningdek, markazni muvaffaqiyatli tugatgan mehnat migrantlari RUDN va tegishli tashkilotlar tomonidan doimiy va yuqori maoshli ish o‘rinlariga joylashtiriladi.

Rossiya Federasiyasidagi O‘zbekiston fuqarolari 24 sentyabr soat 7:00dan boshlab ro‘yxatdan o‘tish uchun Moskva shahri, Sovxoznaya ko‘chasi 2-uyda joylashgan Arxitektura, dizayn va muhandislik kollejiga borishi so‘raladi.

Murojaat uchun: 88250454744

O‘zbekiston delegasiyasining tashrifi davom etmoqda.