Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) rahbari boshchiligidagi delegatsiya rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turibdi.

23.02.2024

Delegatsiya Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida bo‘lib, faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Mehmonlarga Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari Ra’no Turdiboyeva hamrohlik qildi.

Markazda aholini mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan qirqqa yaqin kasb va tillarga tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish, xususan zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini o‘rganishga jalb qilish, xorijdan qaytib kelgan yoshlarni reintegratsiya qilish bo‘yicha ishlar yo‘lga qo‘yilgan.

Mehmonlar barcha yo‘nalishlarga katta qiziqish bildirdi. Kasbga tayyorlash, ularni o‘qitish bo‘yicha markaz faoliyati samarador ekanligini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun: Hozirda O‘zbekistondagi 22 ta “Ishga marhamat” monomarkazi va ularning 14 ta filialida fuqarolar 75 ta yo‘nalish bo‘yicha kasb-hunarga o‘qitilmoqda.

Shuningdek, ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitishga ixtisoslashgan 53 ta markazda 45 ta kasb-hunar ta’limi o‘rgatib kelinmoqda.