“Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi MTTlardagi xodimlarga nima uchun oylik berilmadi haligacha?” mazmunidagi xabar yuzasidan rasmiy munosabat
Ijtimoiy tarmoqda “Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi MTTlardagi xodimlarga nima uchun oylik berilmadi haligacha?” mazmunidagi xabarhttps://t.me/men_feruzaman/1876 bo‘yicha Toshkent viloyati Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘rganish o‘tkazildi.
O‘rganish davomida O‘rtachirchiq tumani Maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimlariga joriy yilning oktyabr oyi uchun oylik ish haqlari to‘lab berilmaganligi hamda shanba kuni ishga jalb qilish bo‘yicha buyruq rasmiylashtirilmaganligi aniqlandi.
Yuqoridagilarga asosan, Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan Maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimlariga to‘lanishi lozim bo‘lgan jami 539 892 700 so‘m (besh yuz o‘ttiz to‘qqiz million sakkiz yuz to‘qson ikki ming yetti yuz) so‘m oylik ish haqi undirib berildi.
Shuningdek, O‘rtachirchiq tumani Maktabgacha ta’lim bo‘limi boshlig‘i tomonidan O‘zbekiston Respublikasi mehnat kodeksining 154, 161 va 157-moddalari talablari buzilganligi yuzasidan tashkilot rahbariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi 1 qismiga asosan ma’muriy jarima qo‘llanildi.