Toshkent viloyati Pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi tomonidan Bo‘ka tumanida o‘tkazilgan ko‘rik jarayoni yuzasidan rasmiy munosabat

17.04.2023


2023-yil 15-aprelda fuqaro T. Sidorenko tomonidan Toshkent viloyati Pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasining Bo‘ka tumanida o‘tkazilgan ko‘rik holatidan norozi bo‘lib ijtimoiy tarmoqqa joylagan fikrnomasiga nisbatan Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasining munosabati

Muallif Toshkent viloyati Pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi tomonidan Bo‘ka tumanida o‘tkazilgan ko‘rik vaqtida fuqarolarga sharoit yaratilmaganligi, ishlar betartib ravishda tashkillashtirilganligi, bu esa nogironligi bo‘lgan bolalar va ularning qonuniy vakillariga ovoragarchilik va bir qancha noqulayliklar tug‘dirayotganligidan noroziligini bildirgan.
Avvalo Muhtaram Prezidentimizning oqilona siyosatlari natijasida nogironlik belgilash sohada amalga oshirilayotgan ijobiy ishlarni yurtdoshlarimiz anglab turibdi, lekin shu kabi ayrim tizim xodimlari tomonidan ishni noto‘g‘ri tashkillashtirish oqibatida nogironligi bo‘lgan bolalar va ularning vakillarini ovoragarchiligi, noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021-yil 21-dekabrdagi PQ–57-son qaroriga muvofiq 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarni nogironligi bo‘lgan bola deb topish pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan amalga oshirilishi belgilangan. Buning uchun, respublika bo‘yicha jami 19 ta, jumladan, Toshkent viloyatida bitta pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tashkil etilgan.
2023-yil 1-yanvardan boshlab, nogironligi bo‘lgan shaxslar, jumladan bolalarni tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida hisobga olish va ko‘rikdan o‘tkazishning yangi “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” elektron axborot tizimi joriy etilgan bo‘lib, bunda, fuqarolarga nogironlikni belgilash uchun asos hisoblanadigan (tibbiy yo‘llanma, kasallik tarixi va ambulator kartadan ko‘chirmalar va boshqa) ma’lumotlar Sog‘liqni saqlash vazirligining davolash-profilaktika muassasalari tomonidan axborot tizimiga elektron tarzda kiritib borilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-fevraldagi 62-son qarori bilan 39 turdagi nogironlik belgilari aniq ko‘rinib turgan, anatomik nuqsonlari bo‘lgan, shuningdek, noxush klinik prognozga ega kasalliklar va asoratlarning ro‘yxati tasdiqlangan bo‘lib, ushbu kasalliklarga chalingan bemorlarga nogironlik o‘zlarining ishtirokisiz axborot dasturi orqali belgilanmoqda.
Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan holat o‘rganib chiqildi. O‘rganish natijasida Toshkent viloyati Pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi tomonidan rejali ravishda Bo‘ka tumanida o‘tkazilgan ko‘rik vaqtida “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” elektron axborot tizimida nogironlik belgilash uchun asos bo‘ladigan tibbiy xujjatlari mavjud bo‘lgan 27 nafar bolalar ko‘rikdan o‘tkazish uchun jalb etilgan.
Shu bilan birga, komissiya ko‘rigini o‘tkazishdan xabar topgan Bo‘ka tumani tibbiyot birlashmasiga tibbiy ko‘rik uchun tashrif buyurgan ota-onalar tomonidan o‘z farzandlariga nogironlik belgilash mumkin yoki mumkin emasligi bo‘yicha ma’lumotga ega bo‘lishi maqsadida tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi ko‘rik o‘tkaziladigan xonaga navbatga turishgan. Bu holat komissiya ko‘rigi o‘tkazilayotgan xona oldida ma’lum bir muddatga navbatning sun’iy ravishda oshishiga sabab bo‘lgan hamda betartiblikni yuzaga keltirgan.
Shundan keyin, Bo‘ka tumani tibbiyot birlashmasi hamda Toshkent viloyati Pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi xodimlari tomonidan ota-onalarga bolalarga nogironlik belgilash tartib-qoidalari to‘g‘risida tushuntirishlar berilib, yuzaga kelgan salbiy holat bartaraf etilgan. Toshkent viloyati Pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilishi lozim bolalarning barchasi o‘rnatilgan tartibda ko‘rikdan o‘tkazilgan.
Yuqorida keltirib o‘tilganlarni inobatga olib, barcha tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari fuqarolarga nogironlik belgilashni qonunchilik hujjatlariga qat’iy rioya etilgan holda tashkillashtirish va amalga oshirish bo‘yicha qo‘s himcha ko‘rsatmalar berildi. Hurmatli muallif, Sizning shu kabi kamchiliklarni aniqlashdagi yordamingiz uchun oldindan minnatdorchilik bildiramiz va kelajakda bu kabi noxush holatlarni oldini olishda tegishli choralar ko‘riladi.