Toshkent shahrida "Better Cotton" dasturi tomonidan “O‘zbekistonda paxtachilik sohasi transformatsiyasining ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy barqarorlikka ta’siri” mavzusida xalqaro tadbir tashkil etildi.
Unda Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, "Better Cotton" Global dasturi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi, O‘zbekiston ish beruvchilar konfederatsiyasi rahbariyati va paxta-to'qimachilik klasterlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari R.Turdiboyeva "O'zbekistonda gender tengligi, mehnat huquqlariga rioya etilishini ta'minlashning ishonchli mexanizmlari, bu borada mehnat inspeksiyasi hamda ijtimoiy muloqotning o'rnini mustahkamlash" mavzusidagi ma'ruzasi bilan qatnashdi.
Shuningdek, vazirlik ma'sullari va "Better Cotton" Global dasturining loyihalar bo'yicha bosh direktori Damien Sanfilippo o'rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda 2023-yilga mo‘ljallangan “Better Cotton Initiative” dasturi natijalari, "Better Cotton" dasturi tomonidan amalga oshirilayotgan munosib mehnat monitoringining dastlabki ko'rsatkichlari hamda O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Mehnat kodeksiga muofiq klaster va fermerlarni qo‘llab-quvvatlashda vazirlik tomonidan olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Endilikda mazkur tashkilot bilan hamkorlikda paxta mavsumida ishchilar bilan mehnat shartnomasini soddalashtirish, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi hamda mehnat qonunchiligi talablari bo'yicha ishchilar va ish beruvchilar xabardorligini oshirishga qaratilgan qo'shma targ'ibot tadbirlari tashkil etish, sohada gender tengligini ta'minlash hamda ayollar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish bo'yicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.