Tojikiston Respublikasi Mehnat, migratsiya va aholi bandligi vaziri Shirin Amonzoda vazirligimiz tizimidagi tashkilotlar faoliyati bilan tanishdi

13.08.2021

Kuni kecha Tojikiston Respublikasi Mehnat, migratsiya va aholi bandligi vaziri Shirin Amonzoda vazirligimiz tizimidagi tashkilotlar faoliyati bilan tanishdi. Dastlab, vazirlik huzuridagi "Mehnat sohasidagi loyihalarni boshqarish markazi"da uchrashuv bo'lib o'tdi.

Uchrashuv davomida tojikistonlik hamkasblarga bandlik, mehnat va kasb -hunar ta'limi sohasidagi xizmatlarni raqamlashtirish bo'yicha vazirlik tajribasi, xususan, Yagona milliy mehnat tizimi, "Bandlik xizmati", "Labour migration" dasturiy majmualari, "MyMehnat" va "MigrantUz" mobil ilovalari kabi axborot tizimlari taqdim etildi. Amonzoda xonim vazirlikning "Mehnat sohasidagi loyihalarni boshqarish markazi" tomonidan aholining ijtimoiy zaif guruhi elektron reestrlarini yaratish bo'yicha ishlab chiqilgan "Yoshlar daftari" tajribasini yuqori baholadi.

Uchrashuv yakunlari bo'yicha tomonlar 2021-2023-yillar uchun vazirliklar o'rtasida imzolangan hamkorlik yo'l xaritasi doirasida mehnat munosabatlarini raqamlashtirish sohasidagi hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.

Shuningdek, diyorimizning diqqatga sazovor joylarini ziyorat qildi. Mehmonlarning safari yurtimiz haqidagi iliq taasurotlari bilan yakunlandi.