Tizimda olib borilayotgan ishlarni keng jamoatchilikka yetkazishda yo‘l qo‘yilgan  kamchiliklar muhokama etildi

19.03.2024

O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi binosida “Axborot xizmati faoliyati hamda vazirlik tizimidagi tashkilotlarning ochiqlik sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini ta’minlash”ga doir tanqidiy-tahliliy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda vazirlik, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hamda hududlardagi bosh boshqarmalarning axborot siyosati bo‘yicha PR-markaz mutaxassislari, axborot xizmati vakillari ishtirok etishdi.

Yig‘ilishda hududiy va tasarrufiy tashkilotlarda ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik bilan samarali hamkorlik qilish, veb-sayt, ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida e’lon qilinayotgan axborotlarga zamonaviy talablarga muvofiq kreativ yondashishni ta’minlash, tizimda olib borilayotgan ishlarni keng jamoatchilikka yetkazishdagi yo‘l qo‘yilayotgan  kamchiliklar muhokama etilib, tizimni jonlantirish, yoritish jarayonida xolislik, tezkorlik prinsiplariga qat’iy amal qilish, shuningdek, axborot sohasini yoritishda zamonaviy axborot texnologiyalari va gadjetlardan o‘z o‘rnida samarali foydalanishni qo‘llab-quvvatlash jarayonini samarali kengaytirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.

Shuningdek, yig‘ilishda Vazirlik axborot xizmati rahbari J.Qalandarov, tizimda ochiq ma’lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etishi lozim bo‘lgan hisobdor mas’ullar tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga to‘xtalib o‘tdi.

Jumladan, yig‘ilishda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinayotgan sohaga oid tanqidiy maqolalarga o‘z muddatida, tezkorlik bilan javob kiritmagan tasarrufiy tashkilotlar, bosh boshqarmalar faoliyati tahlil qilinib, o‘z xizmat vazifasiga panja orasidan qaragan mas’ul xodimlar ogohlantirilib o‘tildi.

Shuningdek, yig‘ilishda aholiga ko‘rsatilayotgan yangi xizmatlar bo‘yicha muntazam audiovizual materiallar, video-audio roliklar, infografikalar tayyorlanishni yo‘lga qo‘yish, media-reja ijrosi to‘g‘risida har oy yakuni bilan so‘nggi oyning beshinchi sanasiga qadar vazirlikka axborot kiritish, hududiy OAV va ijtimoiy tarmoqda katta auditoriyasi bor blogerlar bilan manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xorijdan qaytgan mehnat muhojirlarini reintegratsiya qilish hamda hokim yordamchilari tomonidan bandlikka ko‘maklashish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni ijobiy jihatdan, keng va salmoqli yoritib borish, ijro intizomi ustidan nazoratni ta’minlash qayd etildi.

Shuningdek, yig‘ilishda axborot siyosati sohasida bildirilgan taklif va tashabbuslar belgilangan tartibda o‘rganib chiqilib, ma’lumot va ijro uchun qabul qilindi.