TIL-MILLAT KO‘ZGUSIDIR

10.10.2020

“Davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka

bo‘lgan e’tibor deb bilishimiz kerak” Sh.Mirziyoyev.

"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir. Kimda-kim o‘zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta’sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi bo‘lsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o‘lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlariga quloq tutsin", dedi Prezident Shavkat Miromonovich.

So‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy bobomiz “Ko‘ngil qulfi maxraning qulfi til va gulfin kalitin so‘z bil” Ya’ni inson qalbining xazinasining kaliti so‘zdir, deganlarida tilning nainki muloqot, balki dillarni bog‘lovchi vosita ekanligiga e’tibor qaratgan. Xalqimizning necha asrlik boy tarixi tarixi, ko‘hna va serqirra madaniyati o‘zbek tili ta’sirida shakllangan. Ulug‘ shoirimiz Alisher Navoiy shu tilda bebaho asarlar yaratib, dunyoni lol qoldirgan.

1470 yillarning oxirlarida Alisher Navoiy o‘zining o‘zbek tilida yozgan shehrlaridan iborat ilk devoni –“Badoye’ ul-bidoya” (“Badiiylik ibtidosi”)ni tuzdi.

YuNESKO ma’lumotiga ko‘ra, xozirgi kunda dunyoda 6 ming 909 til mavjud bo‘lib, ulardan 200 ga yaqini davlat tili maqomiga ega. Ular orasida ona tilimiz-o‘zbek tilining ham borligi qalbimizni faxr-iftixorga to‘ldiradi. Inson qalbiga jamiki ezgu fazilatlar ona allasi, ona tilining betakror jozibasi orqali singadi. O‘zlikni anglash, milliy ong va qadriyatlar, avlodlarni bir-biriga ruhiy va ma’naviy jihatdan bog‘lovchi vosita bu tildir.

1989 yilda qabul qilingan qonunga asosan o‘zbek tili O‘zbekiston Respublikasida yagona davlat tili sifatida tan olindi. 1995 yil 21 dekabrda qonun yangi tahrirda qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasining davlat tili to‘g‘risidagi qonuni qabul qilingan kunni bayram etib nishonlash to‘g‘risida 2020 yil 23 martda Oliy Majlis qonunchilik palatasining qonuni qabul qilindi.

Shunday ekan o‘zbek adabiy tilni asrash va uni rivojlantirish har birimizning burchimiz. O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi va bu davlatimizning Asosiy Qonunida mustahkamlab qo‘yilishi xalqimiz tarixida buyuk voqea bo‘lganligi shubhasiz. O‘zbek tili davlatimiz ramzlari qatorida turadigan muqaddas timsollardan biriga aylandi, bu timsolga ehtirom ko‘rsatishni yurtimizdagi, millatidan qat’iy nazar, barcha kishilar o‘zlarining fuqarolik burchi deb biladi. Ayni paytda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillarining tillari va milliy qadriyatlarining rivoji uchun tegishli sharoitlar yaratilgan.

Til-millat qiyofasi, ma’naviy boyligimiz timsoli. Til tufayli xalq va elatlarning madaniy urf –odatlari saqlanib qoladi. Qachonki bolalar o‘z ona tillarida o‘qishni to‘xtatar ekan, o‘sha til yo‘qolish sari yuz tutadi. Tillarni saqlab qolish bu o‘sha xalqning madaniyati, urf –odati, rasm-rusumlarining boqiyligini anglatadi.

Yoshlarimiz bugungi kunda o‘z ona tilimiz bilan bir qatorda ko‘plab chet tillarni ham o‘rganmoqda. Globallashuv davrida milliy tilimizning sofligini asrash, uning lug‘aviy boyligini oshirish, turli sohalarda tilimizga chet tillardan kirib kelayotgan atamalarning o‘zbekcha muqobillarini yaratish va iste’molga kiritish vazifalari turibdi.

Mamlakatimizning ta’lim-tarbiya muassasalarida turk, ingliz, xitoy, rus, yapon, koreys, nemis, ispan, fransuz, arab va hind tillari o‘rganilmoqda. Yoshlarimiz chet tillarini yaxshi bilishi ularning kamolotida katta ahamiyat kasb etadi. Lekin har bir yigit-qiz avvalo, o‘z ona tilisini mukammal bilishi va uni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shishi lozim.

Shu jumladan bizning mehnat organlari xodimlari malakasini oshirish respublika kurslarimizda ham barcha darslar va videoseminarlar o‘zbek tilida olib boriladi. Ma’ruza matnlari va videodarslar tinglovchilarga o‘zbek tilida taqdim qilinmoqda. Mehnat organlari xodimlari fuqarolar bilan doimiy muloqot olib boradi, demak xalqimizga tilimizning boyligi va go‘zalligini uqtira bilish har birimizning vazifamizdir. Biz tilni asrash uchun, uni rivojlantirish uchun avvalo yoshlarimizda, rahbaru fuqaroda o‘zlikni anglash ruhini shakllantirishimiz, ularga o‘zbek tilini tanitishimiz va sevdira olishimiz darkor.

 

Mehnat organlari xodimlari

malakasini oshirish respublika

kurslari direktori U.Sultanov