So‘x tumanida olib borilayotgan amaliy ishlar

08.06.2020

Pandemiyaning salbiy ta’sirini kamaytirish, aholi bandligi va daromadini oshirish hamda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan keng ko‘lamda amaliy choralar ko‘rilmoqda.

Joriy yilning 2–3 iyun kunlari Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N. Хusanov Farg‘ona viloyatining So‘x tumanida bo‘lib, sohada amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Bunda vaqtincha ishsiz aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash: Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ishsizlarni jamoat ishlariga jalb etishni yana ham kengaytirish, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini oshirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Vazir So‘x tumani “Sariqanda” MFY hududida joylashgan “So‘x namunasi” MChJ faoliyati va mehnat sharoitlari bilan tanishdi, mavjud muammolarni o‘rgandi. “Oftobru” MFY hamda “Yangiariq” MFYda tashkil kilingan tikuvchilik va pazandachilik yo‘nalishlaridagi kasbga o‘qitish kurslari faoliyati bilan tanishdi.

Shuningdek, tumanda joylashgan Qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejidagi o‘quv xonalarida yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rgandi. Kelgusida Bandlikka ko‘maklashish markazlari bilan hamkorlikda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar, xorijiy til kurslarini tashkil qilish yuzasidan takliflarini bildirdi.

Tuman buyicha jami 7187 nafar ishsizlarning ishga joylashtirilishi hamda kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash orqali ularning real daromad manbalariga ega bo‘lishlariga ko‘maklashish bo‘yicha manzilli dastur belgilandi. Bundan tashqari, 3 iyun kuni N.Husanov xalq deputatlari So‘x tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ishtirok etdi.

Qayd etish joizki, joriy yilning mart–may oyida 394 nafar ishsiz doimiy ish joylariga ega bo‘lgan. Issiqxona qurish, urug‘lik–ko‘chat va sug‘orish vositalari xarid qilish uchun mart–may oyida 47 nafar fuqaroga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasidan mart–may oyida 127,0 mln. so‘m subsidiya to‘lab berildi. Hududlarlarda tadbirkorlikni rivojlantirish orqali kambag‘allikni qisqartirish maqsadida Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan joriy yilning mart–may oyida 11 nafar ishsiz fuqarolarga tadbirkorlik faoliyatini boshlashlari uchun ularga 1,9 mln. so‘mlik subsidiya ajratildi.

Karantin davrida ishsiz va vaqtincha ishini yo‘qotgan, xorijga ishlash uchun keta olmagan va ishsiz fuqarolarni moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida uch kun muddatda tayinlash va har besh kunda to‘lab borish tartibi joriy qilinib, mart-may oyida 70 nafar ishsiz fuqarolarga 40,7 mln. so‘m ishsizlik nafaqasi tayinlandi.