Sarhisobda inson omili

29.12.2020

Kuni kecha davlatimiz rahbarining yoshlar bilan uchrashuvi nafaqat yoshlarda balki biz kattalarda ham ayrim masalalarda umid uyg‘otdi. Prezidentimiz o‘z maʼruzalaridan keyin yoshlarni noodatiy tarzda tingladi, takliflarini jon qulog‘i bilan eshitdi, har biriga o‘z munosabatini bildirdi, ularni qo‘llab-quvvatladi.

“Sizlar – mustaqillik farzandlarisiz. Ota-bobolaringiz ko‘rgan to‘siq va qiyinchiliklarni ko‘rmay, ozod Vatanda erkin nafas olib, voyaga yetyapsizlar. Yuksak maqsadlar yo‘lida siz – yoshlar hal qiluvchi kuch bo‘lishingiz kerak. Men sizlarning zimmangizga yuklangan ana shunday ulkan masʼuliyatni, tom maʼnodagi tarixiy vazifani sharaf bilan ado etishingizga qatʼiy ishonaman», – dedi davlatimiz rahbari yoshlarga qarata.

Prezident Sh.Mirziyoyev o‘z nutqida Uchinchi Renessans, yosh volontyorlar faoliyati, yoshlar bilan ishlash bo‘yicha Toshkent tajribasi, «Yoshlar: 1+1» dasturi, Yoshlar kichik sanoat zonalari, «Yoshlar murojaati» elektron platformasi, tadbirkorlikka o‘qigan yoshlarga 4 foizlik kreditlar, yosh oilalarni uy-joy bilan taʼminlash va boshqa mavzularga to‘xtaldi.

Mazkur anjumanni teleekran orqali kuzatarkanman, ko‘nglimda kechgan fikrlarimni qog‘ozga qoraladim.

Ikki va undan ortiq farzandi oliy o‘quv yurtida shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalarga imtiyozli taʼlim krediti berish yo‘lga qo‘yiladi. Bu kreditlarni yoshlar oliy taʼlim muassasalarini bitirib, ishlashni boshlaganlaridan keyin uzishi mumkin bo‘ladi”- dedi Prezident o‘z maʼruzalarida. Yoshlar bu so‘zlarni o‘rnilaridan turib olqishladilar.

Mana endi bu kabi bir necha yuzlab oilalar farzandlarining ilm olishida ayni shu kontrakt puli sabab bunday muammolarga duch kelmaydi.

“IELTS, TOEFL, GMAT va SAT kabi imtihonlarda maksimal ballning kamida 75 foizini to‘plagan yoshlarning imtihon xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.”Farzandining bilimiga ishongan ota-onalar ularning shartnoma to‘lovlarida biroz o‘yga tolib qoladilar. Bu masalada ham quvonsa bo‘ladi.

“2021 yildan oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar yosh uchun Prezident granti joriy etiladi. Hozirgi Prezident stipendiyasi faqat bir o‘quv yili uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, ushbu grant mablag‘lari to‘rt yil davomida to‘lab boriladi”. Har yili 200 nafar yoshlar o‘sha grant sohibi bo‘lish uchun izlanadi, kurashadi, bilimlarini mustahkamlaydi. Demak, isteʼdodlilar oliy o‘quv yurtiga kirishdayoq saralanadi. Ular to‘rt yil davomida ishonchni oqlash uchun ham, tengdoshlariga o‘rnak bo‘lish uchun ham, ertangi kunning munosib vorisi bo‘lishi uchun ham bir zum ilm olishdan to‘xtamaydilar. 

“Toshkent shahrida zamonaviy muhtasham kutubxona barpo etiladi va bu maʼrifat saroyi ilm-fanning so‘nggi yutuqlari asosida jihozlanadi” – degan so‘zlari butun kitobsevarlar uchun o‘ziga xos tantana bo‘ldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning xalqimiz uchun katta sinovlar yili bo‘lgan 2020 yil nihoyasida yoshlar bilan uchrashuvi yangi yilga yangi umidlar bog‘ladi, farzandlarimizning qalbida davlat rahbariga, ertangi kunga ishonch kurtak ota boshladi.

Bu ishonch ulkan chinorga aylanib yurt ravnaqi, millat taraqqiyoti, farzandlar kamoli, xalqimiz baxtu iqboli yo‘lida uzoq yillar xizmat qiladi.

Qalbimizdagi quvonchlar davomli bo‘lib, bugun davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2021 yilga bag‘ishlangan Oliy Majlisga murojaatnomasi eʼlon qilindi.

Mazkur Murojaatnoma – mamlakatimiz siyosiy hayotidagi eng muhim voqealardan biri sifatida tarix zarvaraqlariga yoziladi. 2017 yildan buyon anʼanaga aylangan bu tadbirda tugayotgan yildagi asosiy ko‘rsatkichlar, yangi yilga mo‘ljallangan maqsad va vazifalar eʼlon qilinadi. Shu bois xalqimiz uni katta qiziqish bilan kutadi.  Qolaversa, yurtimizda anʼanaga aylangan yillarga nom berilishini xukumat vakillari qatorida xalqimiz ham intiqlik bilan kutadilar. Boisi, har bir yilning nomidan kelib chiqib yurtimizda bu borada ijtimoiy-siyosiy ishlar amalga oshiriladi. Mamlakatimizni yana-da rivojlantirishga qaratilgan eng muhim vazifalar, ichki va tashqi siyosatga doir ustuvor yo‘nalishlar belgilanadi.

Buyuk ajdodimiz Imom Moturudiy hazratlarining “Tiriklik hikmatini sog‘likda, deb bilgin”, degan chuqur maʼnoli so‘zlari naqadar to‘g‘ri ekanini hayotning o‘zi bugun qayta-qayta isbotlamoqda. Shu bois, mavjud imkoniyat va salohiyatimiz, pandemiya davrida orttirgan tajribamiz hamda xorijdagi ilg‘or yutuqlardan foydalanib, aholi salomatligini asrash va mustahkamlash borasidagi tub islohotlarimizni yangi bosqichga ko‘tarishimiz zarur. Bunda aholi, ayniqsa, yoshlarimiz o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish – eng ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lishi lozim. Umuman, har qanday jamiyat taraqqiyotida uning kelajagini taʼminlaydigan yosh avlodning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi har qiluvchi o‘rin tutadi. 

Shu sababli, biz islohotlarimiz ko‘lami va samarasini yana-da oshirishda har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va hunarlarni puxta egallagan, azmu-shijoatli, tashabbuskor yoshlarimizga tayanamiz - deya so‘z yuritgan yurtboshimiz 2021 yilni mamlakatimizda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb eʼlon qildilar.

Ushbu taklif jamoatchilik  tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Yil nomida  belgilangan sohalarni tubdan isloh qilish va yana-da rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirishimiz yuzasidan so‘z yuritgan prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev, ichki va tashqi siyosat, qonun ustuvorligi, ijtimoiy himoya, aholi salomatligi, taʼlim, tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi, sud huquq, ommaviy axborot vositalari kabi yo‘nalishlarda keng qamrovli ishlar olib borilishi haqida alohida to‘xtalib o‘tdilar.

Ijtimoiy faoliyatning manzilli tizimi haqida so‘z yuritgan yurtboshimiz bu borada joriy yilda amalga oshirilgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

- Ehtiyojmand oilalar, ayollar va yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yangi tizim joriy etildi. Ushbu tizim orqali 527 ming nafar insonning bandligi taʼminlandi.

- Ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni 2 barobarga – 1,2 mln nafarga kengaydi. Ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2016 yilga nisbatan byudjetdan 5 barobar ko‘p mablag‘ ajratildi.

- O‘z-o‘zini band qilgan aholiga soliq imtiyozlarining berilishi v ko‘plab cheklovlarning bekor qilinishi natijasida 500  ming nafar insonning rasmiy bandligi taʼminlandi.

- Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yerlari uchun 300 mlrd so‘m imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev kambag‘allikdan chiqib ketish uchun eng muhim omil insonning intilishi, o‘z kuchiga tayangan holda, aniq maqsad sari harakati bo‘lishi kerakligi haqida gapirarkan, bevosita Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimida amalga oshirishi lozim bo‘lgan aniq va manzilli vazifalar haqida ham alohida to‘xtalib o‘tdi.

Kelgusi yili mahallalarda aholini kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha mingdan ziyod markazlar tashkil etilishini maʼlum qildi. «Bunda kasb-hunarga o‘qitilgan har bir shaxs uchun o‘quv markazlariga 1 million so‘mgacha subsidiya berilib, buning uchun byudjetdan 100 milliard so‘m ajratiladi. O‘quv kurslarini tamomlab, o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan fuqarolarga uskunalar xarid qilish uchun 7 million so‘mgacha subsidiyalar beriladi.

Shuningdek, har bir tumanning imkoniyati va rivojlanish yo‘nalishidan kelib chiqib, dehqonchilik bilan shug‘ullanadigan oilalarga 10 sotixdan 1 gektargacha yer maydonlari ajratiladi.

Ehtiyojmand aholi bandligini taʼminlashga Bandlikka ko‘maklashish hamda Jamoat ishlari jamg‘armalaridan 500 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Pandemiya sharoitida o‘z ishini yo‘qotgan aholi kambag‘allikka tushib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik kerakligi taʼkidlangan maʼruzada kelgusi yildan boshlab yangicha tizim joriy etiladi. Unga ko‘ra, vaqtincha ishsizlik nafaqasi 3 barobar (223 ming so‘mdan 680 ming so‘mga) oshiriladi va bunda 6 ta hujjat talab etiladigan eski byurokratik tartib bekor qilinadi.

“Kambag‘allikni qisqartirish borasida hududlardagi haqiqiy holatga baho berish, amalga oshirilayotgan ishlar ijrosini nazorat qilish Oliy Majlis palatalari va mahalliy kengashlarning diqqat markazida bo‘lishi lozim. Umuman, har bir tuman va shahar hokimi bir oy muddatda o‘z hududida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha manzilli dastur ishlab chiqib, uning ijrosi bo‘yicha har chorakda mahalliy kengashlarda hamda ommaviy axborot vositalari orqali xalqqa hisobot berib borishi zarur. Bu masala barcha rahbarlarning birinchi darajali vazifasi va ish samarasini baholaydigan asosiy mezonga aylanishi kerak», deya qayd etdi Shavkat Mirziyoyev.

Murojaatda shuningdek, jamiyatimizda ayollar o‘rni va nufuzi oshirilishi, yoshlar masalasi, qonun ustivorligi, sudlar faoliyati takomillashtirilishi, O‘zbekiston ochiq va pragmatik tashqi siyosat olib borishi haqida ham so‘z bordi.

Yoshlar bilan boshlangan muloqotning mantiqiy davomi murojaatnomada aks etib, xalqimizga, yurtdoshlarimizga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Pandemiya sharoitida sinovlarda toblangan xalimizning yakdilligi yangi yilda yangi orzu-umidlar, ulkan yutuqlar va farovonlik uchun asos bo‘ladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

  

                                                                                                  Gullola ISAKOVA,

                                                                                    Bandlik va mehnat munosabatlari

                                                                                                  vaziri maslahatchisi