SAMARQANDDA ISHSIZ AHOLIGA KASB-HUNAR O‘RGATISH, XORIJDA ISHLASH ISTAGIDAGI FUQAROLARNI KETISHDAN OLDIN TAYYORLASH ISHLARI O‘RGANILMOQDA
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri maslahatchisi M.Xayriddinov hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari E.Muhitdinov Samarqand viloyatiga tashrif buyurib, ishsiz aholini kasb-hunarga o‘qitish, xorijga ishlash istagidagi fuqarolarni ketishdan oldin tayyorlash kabi masalalar yuzasidan hududda amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganmoqda.
Tashrif doirasida Samarqand shahridagi Ishsizlarni kasb-hunarga o‘qitish markazi (KOICA)da ikki smenada o‘quv kurslari tashkil etilgan. Tashrif davomida o‘nga yaqin yo‘nalishlarda o‘qishga jalb etilgan fuqarolar bilan suhbat o‘tkazildi. Markazda ishlayotgan o‘qituvchilar tomonidan tayyorlangan o‘quv metodik qo‘llanmalar yurtimizning boshqa kasb-hunarga o‘qitish markazlarida foydalanish uchun tavsiya etildi. Monomarkaz qurilish ishlarini jadallashtirish, o‘quv xonalarini optimallashtirish, fuqarolarga qulay sharoitlar yaratish va boshqa masalalarda tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Shu yerda viloyatdagi XBAlar rahbarlari bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasining “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi "O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash masalalari muhokama qilindi.
Bugungi kunda 11 ta XBAlarning rahbar va masʼul xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, natijada fuqarolarning pul mablag‘lari firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirib yuborilgan qayd etildi.
Uchrashuvda “Status 777” xususiy bandlik agentligi fuqarolarni Polshaga ishlash uchun yuborish maqsadida tegishli vizani rasmiylashtirish, “Buyuk Gallaktika Franchayzing” xususiy bandlik agentligi rahbarlari esa ayni paytda Kanada, Yaponiya va Isroil davlatlari ish beruvchilari bilan shartnomalar mavjudligi, kelgusida mazkur shartnomalar asosida mazkur davlatlarga fuqarolarni ishga yuborish masalasida Vazirlik tomonidan amaliy yordam berilishini so‘radi.
Polshaga ishchi vizani olish masalasida qo‘shimcha asosli maʼlumotlar taqdim etilishi, shuningdek, Kanada, Yaponiya va Isroilga fuqarolarni ishga jalb qilish yuzasidan kelgusida ushbu davlatlarga rejalashtirilayotgan tashrif doirasida XBA vakili sifatida “Buyuk Gallaktika Franchayzing” masʼullarini xizmat safariga jalb etish zarurligi aytildi.