Rossiyadagi vatandoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi
Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Narbayeva boshchiligidagi delegatsiya rasmiy tashrif bilan Rossiya Federatsiyasida bo‘lib turibdi.
O‘zbekiston parlamenti yuqori palatasi rahbarining tashrifi Rossiya Federatsiyasida yashayotgan vatandoshlarimiz bilan uchrashuvdan boshlandi. Unda O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi diplomatik korpusi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi vakillari Moskva shahrida yashayotgan vatandoshlarimiz, shuningdek, onlayn-rejimda Rossiyaning deyarli barcha hududlaridagi diasporalar rahbarlari ishtirok etdi.
Mamlakatimiz Prezidenti rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va o‘zgarishlar, O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan mehnat migrantlarining tizimli qo‘llab-quvvatlash masalalariga e’tibor qaratilayotgani, ijtimoiy muammolarni hal qilish bo‘yicha ko‘rilgan kompleks chora-tadbirlar, xorijda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishning samarali mexanizmlarini yaratish to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, Rossiya Federatsiyasi hududlarida bosh konsulliklar ochilishi aksariyat fuqarolarimizning hayotini ancha yengillashtirdi, shuningdek, koronavirus pandemiyasi davrida yordam ko‘rsatildi.
U yerdagi fuqarolarimizni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir necha yil oldin boshlangan islohotlar samarali bo‘lgani, murakkab vaziyatga tushib qolganlariga manzilli yordam ko‘rsatilayotgani, mehnat migrantlari uchun ham ijtimoiy kafolatlarning yangi mexanizmlari yaratilgani, shuningdek, ularning mehnat huquqlarini ta’minlashga qaratilgan hukumatlararo kelishuvlar Rossiya tomonidan ham bajarila boshlangani ta’kidlandi.
Interaktiv usuldagi uchrashuvda har bir ishtirokchi migratsiya qonunchiligini maqbullashtirish, ro‘yxatdan o‘tish tartibini soddalashtirish, mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish uchun patent olish, mamlakatlar o‘rtasidagi transport aloqalarini to‘liq tiklash va boshqa masalalar xususida nafaqat o‘z fikr va takliflari bilan o‘rtoqlashdi, balki O‘zbekiston parlamenti yuqori palatasining rahbariga o‘zlarini qiziqtirgan savollarni ham yo‘llay oldi.