Rossiya Mehnat va bandlik federal xizmati rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazildi

15.10.2021

Bugun Moskva shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muhitdinov va Mehnat va bandlik federal xizmati rahbari M.Ivankov o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston va Rossiya Hukumatlari o‘rtasida 2017-yil     5-apreldagi «Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etish to‘g‘risida»gi bitimni amalga oshirish bo‘yicha ishchi guruhi faoliyati natijalarini muhokama qildi.

Mazkur bitim bo‘yicha Rossiyada O‘zbekiston fuqarolarini ishga jalb qilish tizimini rivojlantirish va kengaytirish bo‘yicha keyingi vazifalar kelishib olindi.

Bundan tashqari, tomonlar O‘zbekiston fuqarolarini Rossiya hududida ishga jalb qilish uchun pilot loyihasining barcha ishtirokchilari o‘rtasida ma’lumot almashish mexanizmini tasdiqladi.