Rossiya Federatsiyasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolariga amaliy yordam ko‘rsatildi

25.04.2019

BMT statistikasiga ko‘ra, bugun dunyo bo‘yicha 250 mln.dan ortiq mehnat migrantlari mavjud. Shulardan qariyb 2 mln. nafarini Rossiya Federatsiyasida mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari tashkil etadi. Rossiyaning turli hududlarida qurilish, qishloq xo‘jaligi, sanoat, oziq-ovqat, maishiy xizmat, to‘qimachilik, energetika va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan yurtdoshlarimiz tajriba orttirish bilan birga, oilalariga moliyaviy yordam ko‘rsatmoqda, ular orqali davlatga kirib kelayotgan mablag‘lar bevosita mamlakat iqtisodiyoti rivojiga ta'sir ko‘rsatmoqda. Shu bois ularning mehnat huquqlari va mehnat muhofazasini ta'minlash dolzarb vazifalardan hisoblanadi.

Ayni shu maqsadda yaqinda Moskva shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakolatxonasi tashkil etildi. Ta'kidlash joizki, o‘tgan qisqa vaqt ichida vakolatxonaga Rossiya Federatsiyasida mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolaridan qator murojaatlar kelib tushgan. Ularning aksariyati ish beruvchi tomonidan mehnat shartnomalariga rioya etilmayotgani, mehnat sharoitlari yaratilmagani, belgilangan ish haqining muddatidan kechiktirilib yoki butunlay berilmayotgani, noqonuniy deportatsiya holatlari kuzatilayotgani singari masalalarga qaratilgan murojaatlardir.

Ana shunday murojaatchilardan biri – Qashkadaryo viloyatida tug‘ilgan 26 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Rustam Boboqulov 4 nafar hamrohi bilan 2018-yil Rossiyaga ketib, Moskvadagi "ANT YaPЫ SANAYI Ve TIDJAReT ANONIM ShIRKeTI" MChJ qurilish kompaniyasiga ishga joylashgan. Biroq oradan ikki oy o‘tib ham ularga ish beruvchi tomonidan ish haqi berilmagan. Bu hol 6-7 oy davom etgach, fuqarolar O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskvadagi vakolatxonasiga murojaat etgan.

Agentlik vakillari ish beruvchi bilan bog‘lanib, vaziyatni murojaatchilar foydasiga ijobiy hal qilishga erishgan va ularga 300 ming rubl ish haqi undirib berilgan.
Shuningdek, turli tarmoqlarda mehnat qilayotgan yana 10 nafar O‘zbekiston fuqarosiga umumiy qiymati 150 ming rubl miqdoridagi oylik ish haqlarini sud jarayonisiz olishda ko‘mak berildi. Qolaversa, “Vozrojdenie” qurilish kompaniyasidagi 5 nafar ishchiga 700 ming rubl , "yevraziya" MChJ dan 345 ming, jami 1 mln 495 ming rubl miqdoridagi ish haqlarini to‘lab berish majburiyati ish beruvchiga yuklatildi.

Mehnat huquqlari himoya qilingan va turli muammoli masalalari ijobiy hal etilgan fuqarolarda Agentlik vakolatxonasiga, u orqali davlat organlariga bo‘lgan ishonch yanada ortmoqda, o‘z navbatida, ular mazkur sa'y-harakatlar uchun Agentlik vakillariga chuqur minnatdorchilik bildirishdi.

Agentlik vakolatxonasi tomonidan olib borilayotgan bu kabi chora-tadbirlar xorijda mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarining munosib mehnat sharoitlarida ishlashlari va mehnat huquqlari kafolatlanishini ta'minlaydi.

Moskva shahridagi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonasi manzili:
Moskva sh., Kozachiy 1-tor ko‘chasi, 11/2, O‘zbekiston Respublikasi Elchixonasining Mehmonlar uyi binosi.

Mo‘ljal: "Polyanka" metro bekati

Ish vaqti: dushanba-juma kunlari soat 09:00-18:00.
Fuqarolar murojaati har kuni 09:00 dan 15:00 gacha qabul qilinadi.

Murojaat uchun telefon:
+7 (925) 0454744

photo_2019-04-25_20-57-07