RASMIY MUNOSABAT: XODIMLARNI ISH VAQTIDAN TASHQARI VA DAM OLISH KUNLARI ISHLATISH TA’QIQLANADI

26.11.2021

XODIMLARNI ISH VAQTIDAN TASHQARI VA DAM OLISH KUNLARI ISHLATISH TA’QIQLANADI

So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali tashkilot rahbarlari tomonidan ish vaqtidan tashqari vaqtda va ayrim hollarda dam olish kunlari xodimlarning ishga jalb qilinayotganligi to‘g‘risidagi xabarlar ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Mehnat kodeksning 157-moddasiga muvofiq ish vaqtidan tashqari ishlar, dam olish kunlari va bayram kunlaridagi ishlar uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanadi.

Bayram yoki dam olish kunidagi ish xodimning xohishiga qarab boshqa dam olish kuni (otgul) berish bilan qoplanishi mumkin. Xodimning iltimosiga binoan ish vaqtidan tashqari ish uchun belgilangan ish vaqtidan tashqari bajarilgan ish soatlariga teng keladigan miqdorda otgul berilishi ham mumkin. Bayram yoki dam olish kunidagi ish yoxud ish vaqtidan tashqari bajarilgan ish uchun boshqa dam olish kuni berilgan taqdirda, bunday ishlar uchun kamida bir hissa miqdorda mehnat haqi to‘lanadi.

Izoh: Ish smenasining muddati o‘n ikki soatdan iborat bo‘lganda, shuningdek mehnat sharoiti o‘ta og‘ir va o‘ta zararli ishlarda ish vaqtidan tashqari ishlarga yo‘l qo‘yilmaydi (O‘zR.MK-124.m).

Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan xodimlarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash maqsadida tegishli hokimiyat, vazirlik, idora va tashkilotlarga xodimlarni ishdan tashqari ish vaqtida hamda dam olish kunlari ishga jalb qilish to‘g‘risida buyruq rasmiylashtirish hamda tegishli to‘lovlarni amalga oshirish yuzasidan ogohlantirish xatlari berilgan.

Ma’lumot uchun: Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan ishdan tashqari va dam olish kunlarida xodimlarni ishga jalb qilish yuzasidan bugungi kunga qadar hududlarda 4 467 ta tashkilotlarda 4 467 ta monitoringlar o‘tkazilib, aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 907 ta Yozma ko‘rsatma, 16 ta Taqdimnoma kiritildi va qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan 124 ta mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

    Hurmatli fuqarolar, yuqoridagi nazarda tutilgan mehnat qonunbuzilishlari yuzasidan murojaat qoldirish hamda qo‘shimcha tushuntirish olish maqsadida vazirlikning 71-200-06-00 ishonch telefoniga, 1176 qisqa raqamiga, www.dmi.mehnat.uz saytiga hamda vazirlikka yozma ravishda murojaat qilishingiz mumkin.Murojaatchining xohishiga binoan muallif to‘g‘risidagi ma’lumotlar sir saqlanishi kafolatlanadi.

Hurmatli ish beruvchilar yana bir bor ogoxlantiramiz !
Ish vaqtidan tashqari vaqtda, dam olish va bayram kunlarida xodimlarni ishga jalb etish holatlari bo‘yicha fuqarolar tomonidan kelib tushadigan murojaatlar o‘z tasdig‘ini topsa hamda qonun hujjatlarining buzilish holatlari aniqlansa, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasiga asosan mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llanishga sabab bo‘ladi.