RADDIYА

06.05.2019

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi o‘z faoliyati haqida OAVda yoritilgan asosli tanqidiy-tahliliy fikrlarga har doim xolis yondashishga tayyor. Afsuski, amalda sub'ektiv qarashlardan iborat, jamoatchilikda noto‘g‘ri fikr shakllanishiga turtki bo‘luvchi sayoz materiallar ham uchrab turadi.

Xususan, “Iqtisodiy gazeta” nashrining 2019-yil 3-may sonida vazirlik tomonidan joriy yil 27-aprel kuni Sergeli tumanida o‘tkazilgan “Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi” ishi bilan bog‘liq “Janob vazir, kim-kimni aldayapti?” (muallif Alisher Murodov) nomli maqola e'lon qilindi.

Maqolada yarmarkada 3000 nafar ishsiz fuqaro qatnashgani, ammo ulardan bor-yo‘g‘i 3 foizi ish bilan ta'minlangani tanqid qilinib, e'tiroz bildirilgan. Avvalo, shuni ta'kidlash joizki, yarmarkada ishtirok etgan 3000 fuqaro maqola talqini bo‘yicha 3000 ishsiz deb ko‘rsatilgan. Vaholanki, yarmarkadan avval Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mas'ul xodimlari tomonidan 23-26-aprel kunlari Sergeli 5A mavzesi (aynan yarmarka o‘tkazilgan joy atrofi) bo‘yicha uyma-uy xatlov (jami 47 ta ko‘p qavatli uylardagi 2559 ta xonadon o‘rganilgan) o‘tkazilganda xonadonlarda 270 nafar ishsiz, ishga joylashtirishga muhtoj fuqarolar borligi aniqlangan va har bir ishsiz fuqaroga yarmarka uchun  taklifnomalar tarqatilgan. Ya'ni yarmarkada 3000 nafar fuqaro qatnashgani bilan ularning 10 foizga yaqinigina (taxminan 300 nafari) ishsiz bo‘lgan.

Maqolada esa yarmarkada ishtirok etgan fuqarolarning barchasi ishsizga chiqarilgan va yarmarka yakunida ishga joylashtirilgan jami 100 nafar ishsizga urg‘u berilib, bor-yo‘g‘i 3 foizli natija ko‘rsatilgan, deya ta'kidlangan. Aslida esa korxona va tashkilotlar tomonidan taklif qilingan bo‘sh (vakant) ish o‘rinlariga 375 ta murojaatlar qayd etilib, shulardan 112 nafar fuqaroga, ya'ni yarmarkaga kelgan ishsizlarning qariyb 60 foiziga o‘sha kunning o‘zida ishga joylashish uchun yo‘llanma berilgan. Bundan tashqari, yarmarka davomida 253 nafar fuqaroga bandlik sohasida ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari to‘g‘risida maslahatlar berilgan.

Maqolada ko‘tarilgan yana bir masala – yarmarkada qatnashgan korxona va tashkilotlar soniga (107 ta) muvofiq ish o‘rinlari taklif etilmaganidir. Biroq yarmarkada ishtirok etgan korxona va tashkilotlarning aksariyati xususiy tadbirkorlar hisoblanib, yarmarka davomida ular o‘z mahsulotlari ko‘rgazmasini o‘tkazishgan.

Qolaversa, yarmarka ishida faqatgina bo‘sh ish o‘rinlari bilan cheklanib qolmay, Sergeli 5A mavzesida istiqomat qilayotgan fuqarolarning dam olish kunlaridan samarali foydalanish uchun tumandagi oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi korxonalar va Sergeli dehqon bozori tadbirkorlari ham yarmarkaga taklif etilib, aholi uchun (birinchi qo‘lda) arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasi, tuman Madaniyat bo‘limi tomonidan madaniy tadbirlar tashkillashtirilgan.

“Iqtisodiy gazeta” tahririyatining mehnat sohasidagi jarayonlarga befarq emasligi, mehnat yarmarkalari orqali yanada samarali natijaga erishish tarafdori ekanligi e'tiborga molik, albatta. Lekin maqolada faktlarning noto‘g‘ri talqin etilgani, mavzu yuzasidan yetarlicha izlanish olib borilmagani, masalaga ob'ektiv nigoh bilan qaralmagani, sarlavhaga isbotsiz ayblov sifatida nom tanlangani, nazarimizda, jamoatchilik e'tiborini tortishga urinishdan boshqa narsa emas. Bunday noxolis yondashuv muallif saviyasining qay darajada ekanligini ko‘rsatish bilan birga, davlat organi faoliyatiga nisbatan noto‘g‘ri ayblov qo‘yish demakdir. Shu bois, OAVda yoritiladigan materiallarning ishonchli va xolis bo‘lishini ta'minlashda “to‘rtinchi hokimiyat” vakillaridan yanada mas'uliyatliroq bo‘lishlarini so‘rab qolamiz.

1 (8)