QORAQALPOGʻISTON: OBOD MAHALLALARDA BAYRAM SHUKUHI
O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musaev Qo‘ng‘irot tumanidagi "Rәo‘shan" OFYda bo‘lib, chekka hududda "Obod xonadon - obod ko‘cha - obod mahalla" mezonlari asosida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Joriy yilda mazkur mahalla infratuzilmasini yaxshilash maqsadida davlat byudjetidan 1 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Natijada, 1 km uzunlikdagi markaziy ko‘chaga asfalt yotqizilib, 1,5 km masofada piyodalar yo‘lakchasi tashkil etildi.
Mahalla ko‘chalarini yoritish maqsadida 50 dona tungi chiroqlar o‘rnatildi, 327 ta xonadonning fasad qismi ta’mirlanib, 84 ta simyog‘ochlar beton ustunlarga almashtirildi, 4,4 km masofaga elektr simlari tortildi.
Mahalla yoshlarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida bolalar maydonchasi barpo etildi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida esa mavjud 12 ta ko‘chada obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, “Mahalla bog‘i” yaratildi. Yangicha qiyofa kasb etgan mahallaning ramziy ochilish marosimidan so‘ng, mahalla markazidagi ochiq maydonda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 31 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri tashkil etildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F.Ermanov va Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri B.Musaev yig‘ilganlarni Bosh qomusimiz tashkil topgan kun bilan qutladi.
Bayram tadbirida bir guruh mahalla faollari, jumladan, hududni obodonlashtirishda faol ishtirok etgan tashkilotlar xodimlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining maxsus qaroriga ko‘ra, "Ўатан пидайысы” (“Vatan fidoyisi”) ko‘krak nishoni va Faxriy yorliqlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining “Mahalla iftixori” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi.