Qo‘mita muhokamasi: davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash holati qanday?

01.11.2023

Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qo‘mitasida “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonunning Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda uning tasarrufidagi tashkilotlarda ijrosi, xususan, 2023-yil 9 oyida ochiqlikni taʼminlash yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar hamda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar muhokama qilindi.

🟢O‘rganish va tahlil natijalariga ko‘ra vazirlik va uning tasarrufidagi tashkilotlar tomonidan 2023-yilning o‘tgan 9 oyi davomida ochiqlikni taʼminlash yo‘nalishida qator ishlar amalga oshirilgan. Xususan, ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar veb-sayt hamda ochiq maʼlumotlar portaliga (data.egov.uz) o‘z vaqtida joylashtirib borilgan. Hisobot davrida jamoatchilikni vazirlik tomonidan amalga oshirilayotgan ishlardan xabardor qilish maqsadida 20 ta brifing, 7 ta press-tur o‘tkazilgan.

🟢Shu bilan birga majlisda vazirlik, uning tarkibiy va hududiy boshqarmalarida ochiqlikni taʼminlash yo‘nalishida olib borilgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tildi.